Fuqarolik jamiyati


Saqlash
17:11 / 17.11.2023 0 1038

Fuqarolik jamiyati – jamiyat taraqqiyotining avvalgi bosqichlarida davlat hokimiyati organlari bajarib kelgan talay vazifalarning jamoat tashkilotlari zimmasiga oʻtishi, davlat faoliyati ustidan ijtimoiy nazorat oʻrnatilishi. Fuqarolik jamiyati shakllanish surʼatlari bir qator omillarga bogʻliq. Siyosiy, huquqiy omillar fuqarolik jamiyati sari borishning siyosiy-huquqiy asosi sifatida xizmat qilsa, bu jarayonning surʼati esa koʻp jihatdan tashkiliy, madaniy va ruhiy omillarga bogʻliq. Fuqarolarning siyosiy, huquqiy madaniyati fuqarolik jamiyati qurishning muhim omillari hisoblanadi. Bu omillar qanchalik rivojlangan, yetuk boʻlsa, jamiyat rivoji uchun shunchalik mustahkam poydevor yaratiladi. Ammo fuqarolik jamiyati barpo etish jarayonining izchilligi va surʼatlari jamiyat hamda fuqarolarning madaniyati, maʼnaviyati va ruhiyati bilan belgilanadi. Sharq va Gʻarb allomalari asarlarida fuqarolik jamiyati masalasi katta oʻrin tutadi. Qadimgi davrda bu muammo bilan Suqrot, Aflotun, Arastu, Oʻrta asrlarda Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy, Yangi davrda F.Bekon, D.Didro, J.J.Russo, Volter, I.Kant, Gegel singari allomalar shugʻullanishgan. Fuqarolik jamiyati masalasiga Forobiyning “Fozil odamlar shahri”, Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy” asarlarida alohida eʼtibor qaratilgan. Sharq va Gʻarb olimlari tomonidan fuqarolik jamiyatiga turlicha taʼriflar berilgan. Ular oʻrtasida umumiy jihatlar bilan bir qatorda muayyan tafovutlar ham mavjud. Bu taʼriflarni shartli ravishda uchta asosiy turkumga ajratish mumkin. Masalan, Gegelning taʼrifiga koʻra, fuqarolik jamiyati – oila va davlatning muqobili va ayni paytda ular bilan bogʻliq tizim boʻlib, unda har bir individ oʻz maqsadlariga intiladi. Lekin, oʻzgalarning maqsadlarini ham hisobga olmasa, u oʻz maqsadlariga yetisha olmaydi; bunda davlat siyosiy-maʼnaviy birlik va umumiy manfaatlarni taʼminlashga harakat qiladi. Marks taʼrifiga koʻra, fuqarolik jamiyati xususiy mulkchilikka asoslangan jamiyat boʻlib, unda ijtimoiy munosabatlar sinfiy antogonizmlar shaklida boʻladi, bu munosabatlar davlatning paydo boʻlishi va rivojlanishini belgilaydi.

 

Uchinchi turkumga oid taʼrifga koʻra, fuqarolik jamiyati individlarning ixtiyoriy tarzda oʻzlarini namoyon qilishi, uyushma va tashkilotlarga birlashishi, davlat hokimiyati organlari tazyiqidan himoyalanadigan jamiyat boʻlishi mumkin. Bu taʼrif hozirgi vaqtda koʻpchilik tomonidan maʼqullanmoqda. Mazkur taʼrifda fuqarolik jamiyatining davlatga muqobil boʻlishi va ayni paytda unga bogʻliq ekani; har bir fuqaro oʻz maqsadlariga intilish yoʻlida oʻzgalarning ham maqsadlarini hisobga olishi zarurligi; fuqarolarning uyushma va tashkilotlarga ixtiyoriy ravishda birlashishi; davlatga faqatgina siyosiy-maʼnaviy birlik va umumiy manfaatlarni taʼminlash funksiyasi yuklangani kabi jihatlar oʻz ifodasini topgan. Oʻzbekistonda fuqarolarning uyushma va tashkilotlarga ixtiyoriy ravishda birlashishi masalasiga alohida eʼtibor qaratilayotganining sababi shundaki, ana shu uyushma va tashkilotlarning rivoji fuqarolik jamiyati shakllanishining bosh omilidir. Ularning taraqqiy etishi esa, koʻp jihatdan, fuqarolarda korporativ madaniyatning shakllanish darajasi bilan belgilanadi. Har bir fuqaro jamiyatga toʻgʻridan-toʻgʻri emas, balki turli jamoa, uyushma va tashkilotlarning aʼzosi sifatida birlashadi. Fuqarolik jamiyati shakllanishida maʼnaviy va madaniy omillar juda muhim rol oʻynaydi. Jamiyat jamoa va guruhlardan, jamoa va guruhlar esa alohida fuqarolardan tashkil topadi. Insonlar turli-tuman boʻlgani singari, jamoa va guruhlar ham tashkiliy, madaniy va ruhiy jihatlarga koʻra turfa xildir.

 

Fuqarolik jamiyatining shakllanishi turli mamlakatlarda umumiy qonuniyatlar asosida va oʻziga xos shakllarda yuz beradi. Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyati shakllanishining xususiyati shunda namoyon boʻladiki, mamlakatimiz ijtimoiy taraqqiyotning oʻziga xos va oʻziga mos yoʻlini tanlagan. Fuqarolik jamiyati shakllanishidagi xususiyatlar mamlakatimiz tarixi, milliy madaniyati va maʼnaviyati hamda turmush tarzidagi oʻziga xoslik bilan belgilanadi. Masalan, mamlakatimiz aholisi turmush tarzining oʻziga xosligi mahalla institutining mavjudligi bilan izohlanadi. Bu noyob ijtimoiy institutning vujudga kelishi Oʻzbekiston hududida shaharlarning rivojlanishi bilan bogʻliq holda kechgan. Chorvachilik bilan shugʻullanib kelgan urugʻ va qabilalar dehqonchilik hamda hunarmandchilik bilan shugʻullana boshlagandan, yaʼni oʻtroqlasha boshlaganidan keyin, kichik-kichik qishloqlar paydo boʻla boshlagan. Qishloqlar oʻtroqlashgan urugʻ va qabilalar nomi bilan atalgan. Masalan, Qoʻngʻirot, Nayman, Ungut, Qangli, Qipchoq, Bahrin, Qiyot, Uyshin singari toponimlar shular jumlasidandir. Urugʻ va qabilalarning oʻtroqlashuvi natijasida vujudga kelgan qishloqlarda dehqonchilik bilan bir qatorda hunarmandchilik ham rivojlana boshladi. Hunar mandchilikning rivojlanishi esa mehnat taqsimotining chuqurlashuvi bilan birga mayda tovar ishlab chiqarish ham rivojlana boshlaganini anglatar edi. Shaharlarning vujudga kelishi aynan mana shu mayda tovar ishlab chiqarish, yaʼni hunarmandchilikning rivojlanishi bilan bogʻliq edi. Oʻzbekiston hududida hunarmandchilikning rivojlanishidagi oʻziga xos xususiyatlardan biri shunda ediki, u yoki bu kasb bilan shugʻullanuvchi hunarmandlar koʻpincha bir hududda toʻplanib istiqomat qilishar, ularning ustaxonalari va doʻkonlari ham shu hududda joylashgan edi.

 

Muayyan kasb egalari jamlanib istiqomat qiladigan hududlar shu kasblar nomlar bilan atala boshlagan. Masalan, Temirchi, Taqachi, Yilqichi, Kigizchi, Jevachi, Sovungar, Aravachi, Gilamdoʻz kabi kasb nomlari bilan ataladigan mahallalar ayni paytda kasbiy uyushmalar ham edi. Bir hududda bir kasb egalarining istiqomat qilishi va ish faoliyatini yuritishi bir qator qulayliklar tugʻdirar, masalan, xomashyo, tayyor mahsulot narx-navosi, soliqlar, yangi asbob-uskunalar va boshqa yangiliklar toʻgʻrisida tezkor axborot almashishga imkon berardi. Bundan tashqari, ular baʼzi uskuna va dastgohlardan jamoa boʻlib foydalanishi ham mumkin edi. Qolaversa, muayyan kasb egalarining jamoa boʻlib muayyan hududda turmush kechirishi, iqtisodiy tangliklar yuz berganda, ularning salbiy oqibatlarini birgalikda bartaraf qilish imkonini tugʻdirar edi. Mahallalar faqat kasbiy uyushma emas, ayni paytda oʻzini-oʻzi boshqarish organi ham ekanini nazardan qochirmaslik kerak. Mahallaning asosiy negizini tashkil qiladigan kasb egalari daha, tuman, shahar va viloyat miqyosidagi turli yigʻin va mashvaratlarga oʻz vakillarini yuborar va shu orqali ijtimoiy hayotga taʼsir oʻtkazar edi. Mahallada istiqomat qilayotgan kasb egalarining jamoa sifatida uyushgani maʼmuriy idoralar va hokimiyat vakillari bilan muloqot qilishga hamda mavjud masalalarning hal etilishiga xizmat qilgan. Fuqarolik jamiyatini shakllantirishda nafaqat iqtisodiy, siyosiy va huquqiy negizlar, balki maʼnaviy asos ham gʻoyat muhim ahamiyat kasb etadi. Rivojlangan Gʻarb mamlakatlari tajribasi shundan dalolat beradiki, jamiyatning faqat muayyan, xususan, iqtisodiy, siyosiy, huquqiy rivojiga eʼtibor qaratilishi, uning maʼnaviy-axloqiy asoslarining yemirilishiga, tanazzulga yuz tutishiga olib kelishi mumkin. Holbuki, mulkchilik shakli oʻzgarishi bilan yoki tegishli qonunlar qabul qilinishi bilan fuqarolik jamiyati shakllanib qolmaydi. Mazkur masalaga eʼtiborsizlik qanday salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligiga talay Gʻarb mamlakatlari voqeligi, madaniy-maʼnaviy hayoti misolida ishonch hosil qilish mumkin. Fuqarolik jamiyatining eng muhim vazifalaridan biri odamlar ongini, maʼnaviyatini oʻzgartirishdir. Shu bois falsafa taraqqiyotining turli davrlarida adolatli va maʼrifatli jamiyat barpo etish masalasini tahlil etgan allomalar (Suqrot, Aflotun, Arastu, Forobiy, Ibn Sino, Navoiy va boshqa) bunday jamiyatni faqat moddiy negizlarga tayanib, maʼnaviy qadriyatlarni eʼtiborga olmasdan barpo etib boʻlmasligini asoslab berganlar (masalan, Suqrot Afina demokratiyasi haqida fikr yuritib, uning manbai faqat hokimiyat va moddiy neʼmat emas, u har bir fuqarodan ulkan masʼuliyat, tinimsiz mashaqqatli mehnat, yuksak maʼnaviyat va bilim talab etishini uqtiradi. Allomaning bu qarashlariga mushtarak gʻoyalar Forobiy, Ibn Sino, Uygʻonish va maʼrifatparvarlik davri mutaffakkirlari asarlarida oʻz ifodasini topgan).

 

Oʻzbekistonda mustaqillikning dastlabki bosqichlaridanoq huquqiy-demokratik davlat hamda zamonaviy fuqarolik jamiyatini barpo etish yoʻlida ijtimoiy-iqtisodiy hayot, siyosat, huquq sohasidagi islohotlar maʼnaviy-maʼrifiy jabhadagi islohotlar bilan uygʻun holda amalga oshirilmoqda. Shunga koʻra, millatlar va dinlararo tinchlik-totuvlikni mustahkamlash, maʼnaviy-axloqiy tarbiyani kuchaytirish, tarixiy ildizlariga, milliy oʻzlikka qaytish, aholining siyosiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, fuqarolik jamiyatining yetakchi institutlari – nodavlat, nohukumat tashkilotlar, jamoat uyushmalari, OAV, mahalla faoliyatini takomillashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ayni zamonda moddiy va maʼnaviy jarayonlarning oʻzaro mutanosib tarzda rivojlantirilayotgani, siyosiy-ijtimoiy barqarorlik, taraqqiyotning mustahkam garovi boʻlib, “kuchli davlatdan – kuchli jamiyat sari” tamoyilining amaliyotga izchil tatbiq etilishiga xizmat qilmoqda. Fuqarolik jamiyati rivojlanib, takomillashib borgani sari oʻzbek xalqiga xos boʻlgan hamjihatlik va bagʻrikenglik, mehr-oqibat, mehmondoʻstlik va saxovat, mustahkam iroda va iymon-eʼtiqod kabi azaliy maʼnaviy qadriyatlarning ahamiyati ortib bormoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bir kuni...

18:12 / 04.12.2024 0 802
Buninni jiddiy raqib deb bo‘ladimi?

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 245
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 432
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219878
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 105014
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 37343
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 30033
Xarakter

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 29269
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 28065
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 26167
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 24228
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//