Fojialilik


Saqlash
16:11 / 16.11.2023 0 1001

Fojialilik – voqelikning eng muhim, chuqur ziddiyat va toʻqnashuvlari: hayot va oʻlim, ozodlik va mutelik, aql va tuygʻu, qonun va burch, shaxsiy va ijtimoiy munosabatlarni oʻziga xos tarzda ifoda etuvchi falsafiy tushuncha. Sanʼatdagi fojialilik haqida fikr yuritganda sanʼat asarlaridagi fojiali ohanglar, fojialilik sanʼati va nihoyat, fojialilik sanʼat turi kabi muammolar alohida mushohada qilinishi lozim. Deyarli barcha buyuk ijodkorlar yaratgan asarlarda fojiali ohanglar mavjud. Har qanday fojia zamirida muayyan fojiali toʻqnashuv, ziddiyat yotadi. Gegel fojialilikni mohiyatli kuchlar toʻqnashuvining natijasi sifatida bejiz taʼriflamagan. Chunki, bu toʻqnashuvlar kurashi qanday yakun topishi bilan insoniyat istiqboli, axloqiy taraqqiyot uzviy bogʻliqdir. Bu hol fojiani sanʼatning falsafiy jihatdan eng muhim turiga aylantiradiki, u ijodkorga insoniyatni butun tarixi davomida hayajonlantiradigan tub hayotiy masalalarni oʻz oldiga qoʻyib, hal qilish imkoniyatini yaratdi. Fojia qahramoni koʻpincha ijobiy tusda tasvirlanadi, u oʻz davrining ilgʻor orzu-umidlarini oʻzida mujassamlashtirgan kuchli, yorqin, ulugʻvor shaxs sifatida namoyon boʻladi. Lekin fojia toʻqimasida boshqa turdagi qahramonlar ham aks ettirilgan boʻlib, Shekspirning Makbet va Richard, B.Brextning Kurajonaga oʻxshash qahramonlari oʻz taqdirlari bilan tomoshabinda oʻta ziddiyatli his-tuygʻular uygʻotadi. Ular sodir qilayotgan mudhish kirdikorliklar qatʼiy norozilik, jirkanish, shu bilan birga, achinish tuygʻusini uygʻotadi. Odatda, fojia mazmunida qahramonning mavjud shart-sharoitlarni tubdan oʻzgartirishga faol intilishi namoyon boʻladi. Fojianing tarixiy shakli qadimgi dunyo fojiasi (Esxil, Sofokl, Evripid) eski patriarxal tartibotlar yemirilib, tarixda ilk sinfiy jamiyat shakllanishi jarayonida vujudga keldi. Unga xos boʻlgan “qismat ohangi” tabiiy va ijtimoiy qonunlar haqidagi tasavvurlarni aks ettirdi.

 

Oʻrta asrlarda Gʻarb xristian mafkurasi fojia ruhiga butunlay qarshi chiqqani bois bu davrda biror-bir arzigulik sanat asari yaratilmagani maʼlum. Fojia rivojining yangi bosqichi Uygʻonish davriga toʻgʻri keldi. Shekspir asarlarida fojialilik butun hayot, ijtimoiy aloqalar va munosabatlarni qamrab oladi. Uning fojiaviy asarlarida kuchli, jasoratli, gʻururli, erkin inson timsoli yaratildi. Shekspir oʻz qahramonlarining oʻzligini anglashga, inson ruhini sindirib halokatga yetaklayotgan tuzum sharoitida ozodlikka intilishini ifodalaydi. M.Shayxzodaning “Mirzo Ulugʻbek” dramasi ham asosiy badiiy ohangi, undagi ehtirosli toʻqnashuvlar ruhi, ulkan hissiy taʼsir kuchi, qahramonlarning taqdiri jihatidan oʻta fojiaviy asardir. Unda oʻsha davrdagi ildiz otgan ijtimoiy, maʼnaviy-axloqiy muammolar qalamga olinadi. Asar qahramoni fojiali dramatik jarayonning asosiy subyekti sifatida namoyon boʻladi. Uning faolligi, oʻz orzu-armonlari, hatto oʻzini qurbon qilib boʻlsa ham, davlatda tinchlik va barqarorlikni qaror toptirishga intilishi faoliyatining mohiyatini belgilaydi. Sanʼatda namoyon boʻladigan fojialilik toʻqnashuvlar, qiyofalar, vaziyatlarni toʻla va chuqur badiiy inʼikos etish ehtiyojidan kelib chiqadi. Sofokl fojialari Shekspirnikidan, Shekspir asarlari Rasinnikidan qanchalik farqlanmasin, ular oʻrtasida oʻziga xos mushtaraklik, umumiy jihat koʻzga tashlanadi. Har qanday fojia zamirida keng koʻlamli, ijtimoiy ahamiyat kasb etadigan muayyan fojiali toʻqnashuv yotadi. Fojialilik sanʼatda turlicha talqin etilishi mumkin. Bu hol mazkur janrga xos umumiy xususiyatlarni inkor etmaydi. Fojia uslubining umumiy belgilari qatoriga keng umumlashmalarga intilish, tafakkur boyligi, soddalik va yaxlitlik, hayajon va ehtiroslarning yuksakligi kabilar kiradi. Fojia tarixiy davrning burilish paytlarida, eski ijtimoiy aloqalar va munosabatlar barbod boʻlib, qarashlar, estetik va axloqiy aqida-qoidalar qayta baholanayotgan sharoitda ravnaq topadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bir kuni...

18:12 / 04.12.2024 0 802
Buninni jiddiy raqib deb bo‘ladimi?

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 245
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 431
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219877
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 105014
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 37341
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 30032
Xarakter

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 29269
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 28065
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 26167
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 24228
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//