Fundamentalizm


Saqlash
11:11 / 15.11.2023 0 1882

Fundamentalizm – biror taʼlimot aqidalarining, ilohiy kitoblardagi tushunchalarning dastlabki, sof holatini saqlab qolishni astoydil himoya qiladigan, ularni majoziy maʼnoda talqin etishni rad qiladigan ijtimoiy, mafkuraviy, diniy qarashlar majmuini anglatuvchi tushuncha. Fanda bu atama ilk bor Yangi davr falsafasi vakillari F.Bekon, R.Dekart va J.Lokk singari faylasuflar asarlarida qoʻllangan. Ular bilish masalasida, agnostik falsafani tushuntirishda fundamentalizmni keltirib oʻtgan. Bu tushuncha siyosiy maqsadlarda ilk bor XX asr boshida amerikalik protestantlarning bir guruhi tomonidan qoʻllana boshlandi. Ular xristianlikning fundamental aqidalarini sof asosda qayta tiklash va bunda muayyan eʼtiqod bilan bogʻliq nazariyalarni qabul qilish hamda boshqalaridan tamomila voz kechishni talab qilib chiqadi. 70-yillardan boshlab bu atama Gʻarb tadqiqotchilari tomonidan islom olamiga nisbatan ham qoʻllanilmoqda. Keyingi vaqtda jahon matbuotida mutaassib islom jangarilarini fundamentalistlar deb atash odat tusiga kirdi. Ammo diniy fundamentalizm hamma dinlarda mavjud boʻlib, ular yagona umumiy xususiyatni oʻzida mujassam etadi. Protestant fundamentalizmi, provaslav fundamentalizmi, iudaizm fundamentalizmi kabi atamalar bugungi kunda keng ishlatilmoqda. Baʼzi mamlakatlarda diniy fundamentalizm siyosiy sahnada oʻz mavqeiga ega. Masalan, iudaizm tarafdorlari Isroil parlamentining salkam uchdan bir qismini tashkil qiladi.

 

Soʻnggi paytlarda ayrim mintaqalarda islom fundamentalizmining kuchayishi kuzatilmoqda. Bu atama Qurʼon va hadisni koʻr-koʻrona talqin etadigan, ilk islomga qaytishga qaratilgan aqidalarni keng targʻib qiladigan, diniy-konservativ ruhdagi yoʻnalishga nisbatan ishlatiladi. Islom fundamentalizmi turli-tuman yoʻnalish va kayfiyatdagi guruhlarni oʻz ichiga oladi. Ularning baʼzilari siyosiy jabhada, inqilobiy va hatto terroristik usullar bilan qonuniy hokimiyatga qarshi kurashda oʻzini namoyon etsa, boshqalari targʻibot-tashviqot ishlari, diniy taʼlim, turli jamoat tashkilotlari, maktab, universitet, OAVga kirib borish, ayniqsa, foydalanish oson boʻlgan audio-video kassetalarni tarqatish bilan shugʻullanadi. Islom fundamentalizmi uchun umumiy maqsad – goʻyoki dinsiz yoki “sof islomdan chekingan” davlat rahbarlariga suiqasd qilish va islomda “shirk”ka (butparastlikka) barham berish. Transport va kommunikatsiya vositalari shiddat bilan rivojlanib borayotgan, xalqaro aloqalar tobora erkinlashayotgan hozirgi davrda islom fundamentalizmi vakillari oʻz harakatlarini butun dunyo boʻylab yoyishga intilmoqda. Keyingi vaqtda roʻy berayotgan terrorchilik harakatlari bu hodisaning na qadar xavfli ekani va unga qarshi birlashgan holda kurashish lozimligini yaqqol koʻrsatmoqda. “fundamentalizm” tushunchasini keng sharhlaganda, jamiyat hayotining nafaqat diniy, balki siyosiy, iqtisodiy, madaniy va maʼnaviy hayotida roʻy berayotgan shunday xususiyatga ega boʻlgan hodisalarga ham toʻxtalib oʻtish lozim. Baʼzi tadqiqotchilar bunday hodisalarni “siyosiy fundamentalizm”, “iqtisodiy fundamentalizm”, “madaniy fundamentalizm” tushunchalari tarzida izohlashga urinmoqda. Muayyan siyosiy taʼlimotning jamiyat hayotiga toʻla tatbiq qilinishiga urinish yoki bunday taʼlimotning mutlaqlashtirilishi siyosiy fundamentalizmni keltirib chiqaradi. Masalan, sobiq Ittifoq davrida yagona kommunistik mafkuraning mutlaqlashtirilishi natijasida jamiyatning har bir sohasi mana shu mafkura asosida boshqarildi, fan, sanʼat, madaniyat shu mafkura manfaatlariga boʻysundirildi. Yoki fashizm gʻoyasining zamirida ham mana shunday maqsadlar mavjud boʻlgan edi.

 

 

Jamiyat hayotida keng miqyosda madaniy oʻzgarishlar sodir etilayotgan yoki madaniyatlar oʻrin almashayotgan vaziyatda madaniy fundamentalizm vujudga keladi. Buning yorqin misoli sifatida sobiq Ittifoq zaminida xalqlarning oʻzaro mushtarak madaniyatlardan chekinib, yangi madaniyatga yuz tuta boshlagan davrni keltirish mumkin. Bunda millatchilik ruhidagi nizolar, muayyan makonda oʻziga xos madaniyatni shakllantirishga boʻlgan urinishlar natijasida turli darajada koʻngilsizliklar kelib chiqqan edi. Bunday holatlar etnik fundamentalizm bilan aloqadorlikda ham kelib chiqishi mumkin. Umuman olganda, mazkur atamaning xususiyatlari hamda qaysi zamon va makonda paydo boʻlishi, yoʻnalish va funksiyalari, maqsadlariga qarab ijobiy yoki salbiy jihatlarini aniqlash mumkin. Masalan, fandagi fundamentalizmning maqsadi bilish boʻlsa, diniy yoki siyosiy fundamentalizmning maqsadi hokimiyatni egallash yoki jamiyatda oʻz tartib-qoidalarini mustahkam oʻrnatishdan iborat. Insoniyat tarixi mana shunday mojarolar va ularga qarshi kurash bilan oʻtgan, bundan keyin ham bu jarayon toʻxtab qolmaydi. Bu kabi vaziyatlarda faqat ezgulikka intilish bilan fojialarning oldi olingan. Zero, xalq tafakkurida yuksak axloqiy-maʼnaviy qadriyatlarni qaror toptirish orqali uni yovuz kuchlarga qarshi kurashga safarbar etish mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

15:05 / 07.05.2024 0 198
Omad yosh tanlamaydi

Bilasizmi?

16:04 / 26.04.2024 2 454
Yaponlarning yaxshi odati



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 205074
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 95946
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 22266
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 20659
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 16333
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 15521
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 13495
Xarakter

Bilasizmi?

11:11 / 08.11.2021 5 12010
Eng ko‘p uchraydigan 10 ta fobiya