Fahm-farosat


Saqlash
17:11 / 13.11.2023 0 1766

Fahm-farosat – oddiy turmush hodisalarida ham, murakkab hayotiy munosabatlarda ham muayyan holatni, vaziyatni idrok yordamida tez anglay bilish. Fahm-farosat soʻzlari xalq orasida odatda qoʻshma soʻzlar shaklida qoʻllanadi. Lekin aslida ilmda fahm farosatdan farqlanadi. Fahm – aql, idrok bilan bogʻliq hodisa. Uni Ibn Sino insoniy aqlning intuitiv koʻrinishi, murakkab narsa-hodisalarni zudlik bilan ilgʻab olish uchun ato etilgan qobiliyat deb taʼriflaydi. Farosat esa insonga koʻproq oddiy kundalik turmushdagi voqelikni idrok etishda koʻmaklashadigan qobiliyat boʻlib, u odob bilan bogʻliq axloqiy hodisa. Masalan, osmonni qora bulut toʻla qoplab olganini koʻrib, yoʻlga yomgʻirpoʻshsiz va soyabonsiz chiqqan odamni befahm yoki fahmsiz, chang, loy poyafzalini yechmay, gilamni bosib, ichkariga kirgan odamni farosatsiz yoki befarosat deymiz. Koʻp hollarda fahmsiz odam ayni paytda farosatsiz ham boʻladi. Bu ikki maʼnaviyat tushunchasi koʻpincha yonma-yon qoʻllanishi ham mumkin. Fahm-farosat – botiniy sezgi, his, qalb koʻzi bilan koʻrish. Tasavvufda basirat koʻzi bilan aybni koʻrish, pinhoniy kashf aylash, boshqacha aytganda, ruhning ilohiy quvvat bilan anglab tafakkur etishi tufayli gʻaybiy maʼnolarni bilishdirki, bunga farosati aqliya, kashfiya va ilohiya deyilgan. Bu farosatda xato yoki yanglishlik boʻlmaydi.

 

Farosat sohiblarining martabalari toʻrt asosiy ruknga ajratiladi:

1. Imon – avom saviyasidagi moʻminlarning holi. Bu martaba daraxtlarning bargiga oʻxshash.

2. Valoyat – xos moʻminlarning holi. Bu ehson martabasi ham deyiladi, daraxtlarning mevasi kabidir.

3. Nubuvvat – axvas ul-xos. Bu mevaning aynan oʻzi.

4. Risolat – xulosai axvas, yaʼni oʻzining oʻzidir. Farosatning birinchi va ikkinchi martabasi kasbiy boʻlib, jahd va gʻayrat bilan qoʻlga kiritiladi.

 

Keyingi ikkitasi vahbiy, yaʼni Allohning lutfidir. Shuningdek, farosat va farosatsizlik insonlar aqliy qobiliyatlarini oʻzaro solishtirish uchun ham qoʻllaniladi. Har bir masalada toʻgʻri muxokama yuritish orqali xulosa chiqarish va mustaqil shakllangan mantiqiy fikrlash jarayoniga ega boʻlish farosatdir. Voqea-hodisalarning ildizlari va sabablarini anglash, umumlashtirish va toʻgʻri xulosalarga kela olish qobiliyati esa aqldir. Farosatsizlik esa yuqoridagi qobiliyatlarga ega boʻlmas lik, mohiyatni anglamaslik va kuzatuvchida salbiy xulosa uygʻotuvchi koʻplab holatlar majmuasidir. Mantiqiy fikrlash qobiliyati sust yoki past boʻlgan suhbatdoshni koʻpincha farosatsizlikda ayblashadi. Intellektual mashgʻulotlar (turli intellektual oʻyinlar, savol-javoblar) orqali aqliy qobiliyatni rivojlantirish, farosatsizlikni bartaraf etish mumkin. Farosatsiz inson bilan oʻtgan daqiqalar zerikarli tuyuladi. Farosatsizlik ostida irsiy omil yotsa, uni davolash ancha mushkullashadi. Ruhshunos olimlar tadqiqotlari farosatsizlikni keltirib chiqaruvchi sabablar koʻlami juda kengligini tasdiqlagan. Farosatli odam tarbiya koʻrgan odamdir. Bunday odamda, aksincha, mulohazakorlik, bosiqlik xislatlari jam boʻladi. Farosat shu kabi inson tabiatining nozikligi, xushmuomalaligi bilan ajralib turadi. Fahm-farosatli odam qoʻpollik qilmaydi, huda-behudaga oraga suqilmaydi. Suhbat paytida kimga nima deyish kerakligini obdon oʻylab koʻradi. Masalan, ikki kishi suhbatlashganda, toʻsatdan qoʻshilib, gap qistirish, oʻziga aloqasi boʻlmagan ishlarga aralashish yoki suhbat chogʻida nooʻrin va nomaqbul qiliqlar qilish, noxush soʻz aytish befarosatlikdir. Shu bois Shayx Muslihiddin Saʼdiy Sheroziy “Guliston” asarining oxirgi bobini “Suhbat odobida” deb nomlab, ibratli fikrlarni bayon etgan. Chunonchi: “Qayerda qanday gap gapirishni oʻrgan, aytar gapni oʻz paytida ayt, aytib boʻlmas gapdan qayt”. Husayn Voiz Koshifiy esa “Axloqi Muhsiniy” nomli asarida farosatni podsholarning xislati sifatida taʼrif etgan. Yaʼni yolgʻonni rostdan ajratish, yomonni yaxshidan farqlash, hodisalar mohiyatini, odamlarning niyatini tez idrok etish, zehni oʻtkirlik maʼnosida tushuntiradi. Olmon mumtoz faylasufi Gegelga koʻra “Fahm-farosat bir butun yaxlit obyektlarning boʻlaklarga boʻlinishidir”. Butunni boʻlaklarga boʻlish jarayonida Fahm-farosatning quvvati, butunni boʻlaklarga ajrata olish qobiliyati, oʻsha boʻlaklarning birining ik kinchisi bilan bogʻliqligi, aloqadorligi yaqqol namoyon boʻladi. Fahm-farosatning aqldan farqi shundaki, u eng avvalo umumiylikni oʻzida mujassamlashtiradi, soʻngra oʻziga xos farqni ifodalaydi». Gegel qarashlarining mazmun-mohiyati Kyervegor fikricha, “umumiy mohiyatga qaratilgan, bunda oʻziga xos mavjudlik, individuallik tan olinmagan edi”.

 

Fahm-farosat va aql (intellekt)ni oʻzaro aloqadorligi xususida olmon faylasufi I.G.Fixte fikr yuritib, fahm-farosatining individual xususiyatga ega ekani haqidagi gʻoyani tanqid qiladi. U aql (intellekt) inson insoniyligining eng oliy nuqtasi, undagi ijtimoiylikning asosi ekanini taʼkidlaydi. Fahm-farosat mantiqiy jihatdan tafakkurning dastlabki bosqichi yoki oʻziga xos usuli boʻlib, bunda u koʻpincha predmet yoki hodisa toʻgʻrisida toʻgʻri muhokama yuritish, xulosa chiqarish, fikrlar izchilligini taʼminlash kabi vazifani bajaradi. Fahm-farosat va aql (intellekt)ni ajratib talqin qilish Suqrotdan boshlab, Aflotun, Arastu va keyinchalik Kant, Gegel falsafasida ham alohida ahamiyat kasb etgan. Kant fikricha, fahm-farosat hissiy aʼzolar orqali olingan axborotlarni maʼlum bir shaklga soladi va bu jarayonda u predmethodisani koʻproq tashqi xusyatlarini oʻzida aks ettiradi, xolos. Aql esa aynan shu axborotlarni analiz va sintez qilish natijasida “narsa oʻzida”ni bilishga intiladi. Lekin oxir-oqibatda u hal qilib boʻlmaydigan ziddiyatlar girdobiga tushib qoladi. Fahm-farosat tafakkur uchun yetarli emas, shuning uchun ham undagi mavhumlikni bartaraf etgan holda aniq mulohazalar orqali uni yanada rivojlantirish lozim. Shu maʼnoda Gegel “Fahm-farosatli tafakkur yetarli emas, u yuqori, oqilona bilish shakllariga koʻtarilishga imkon beradigan zarur bosqichdir, xolos”, degan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 46
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 231
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 521
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219187
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104700
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 35345
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27552
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 27483
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 26662
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 25379
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 22638
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//