Bilasizmi?
Urf-odat – maʼnaviy hayot hodisasi; anʼanalar sifatida umumxalq tomonidan qabul qilingan, tarixan tarkib topgan tartib-qoida; rasm-rusum, tamoyil. (Masalan, oʻzbeklarda kichiklarning kattalarga salom berishi, erta turib uy-hovlini supurib-sidirib, tartibga keltirib qoʻyish, mehmonlarga alohida hurmatda boʻlish, bayram arafasida betob, ojiz va qiynalganlardan xabar olish, yordamga muhtojlarga hasharga borish va boshqalar). Urf-odat va rasm-rusumlar bir-biri bilan uzviy bogʻliq boʻlib, biri ikkinchisining tarkibiy qismi hisoblanadi. Urf-odat va rasm-rusumlar har bir millat va elatning tarixi, turmush tarzi va boshqa omillar taʼsirida shakllanadi hamda ularning oʻziga xos qiyofasini belgilovchi xususiyatlardan biridir. Masalan, oʻzbeklarda qudachilik nihoyatda katta eʼtiborni talab qiladi. “Kuyovni paygʻambarlar siylagan”, deyiladi va shunga yarasha kuyovga hurmat-ehtirom bildiriladi. Oʻtmishda ota qizi kelin boʻlib tushgan mahalladan otdan tushib, piyoda oʻtgan. Urf-odat va rasm-rusumlar milliy anʼanalar, milliy til va milliy ruh bilan bir qatorda milliy maʼnaviyat va madaniyatning muhim qirrasini tashkil qiladi. Urf-odat va rasm-rusumlar har bir millatda oʻziga xos tizimni tashkil qiladi, millat tomonidan turmush tarzining zaruriy sharti deb qabul qilinadi. Urf-odat va rasm-rusumlarga befarq kishi millatidan uzoqlashib, uzilib qoladi. Urf-odat va rasm-rusumlarga hurmat oʻz millatiga hurmatning tarkibiy qismlari, koʻp millatli davlatda oʻz millatining urf-odatlariga rioya qilish hamda boshqa millatlar bilan boʻlgan doʻstona munosabatlariga putur yetkazmasligi kerak.
Buyuk bobomiz Abu Rayhon Beruniy ming yil avval yaratgan “Hindiston” asarida shunday deb yozgan: “Biron xalqning u yoki bu udumlariga baho berishda bunisi menga yoqadi, unisi yoqmaydi, deyishga hech kimning haqqi yoʻq, negaki, har bir xalq udumlari, anʼanalari ming yillar davomida shakllangan va oʻsha millatning hayot tarziga aylangan”. Shu mantiqdan kelib chiqadigan boʻlsak, oʻz qadriyatlarimizni ulugʻlab, boshqalarnikini kamsitish toʻgʻri boʻlmaydi. Har bir millatning oʻziga xos udumlari bor. Biroq Sharq bilan Gʻarb dunyoqarashi orasida anchagina jiddiy tafovutlar borligini ham inkor qilib boʻlmaydi. Odatlar – xalq tabiatining koʻzgusidir. Hech bir xalqning hech bir odati ayrim odamlarning xohish-istagi, shunchaki havasi bilan dunyoga kelgan emas. Ular ezgu niyatlarning ifodasi sifatida, insonlarning bir-biriga mehr-oqibati namoyishi sifatida tugʻiladi. Ular aslida xalq donishmandligining bir koʻrinishi boʻlib, aynan shuning uchun ham uzoq yashaydi. Hatto zamonlar oʻtib, baʼzi odatlar yangicha hayot talablariga mos kelmay qolganda ham bir necha oʻn yillar davomida yashab kelaveradi. Oʻzbek urf-odatlarining shaxs maʼnaviyati, uning tasavvur dunyosi, borliqni qabul qilish, rad etish, anglash, tushunish kurtagini paydo etish yoʻsiniga koʻrsatgan taʼsiri ortib bormoqda. Insonning bolalik davridagi ilk tasavvuri, atrofga nisbatan munosabati, kuzatuvchanligi ham urf-odatlar tarzida shakllanadi. Keyinchalik Urf-odatlar, anʼana-udumlar, marosimlar yaxlit holda xalq madaniyatining yaxlit timsoliga aylanadi. Shunga koʻra, ular har bir xalqning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-siyosiy, maʼnaviy ong darajasidan darak beradi. Urf-odat turmush tarzi, mavjud shart-sharoit negizida shakllanib, bir qancha ijtimoiy tuzumlar almashganiga qaramay, hanuz yashab kelmoqda, ayrimlari yangicha mazmun kasb etmoqda.
Bilasizmi?
Hikmat
Bilasizmi?
Bir kuni...
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
1 Izoh
**sarvinoz**
14:04 / 16.04.2024
men bu inshoni yozib maktabda 5baho oldim ma'nosi ham zo'r