Umuminsoniy qadriyatlar


Saqlash
16:11 / 08.11.2023 0 9670

Umuminsoniy qadriyatlar – jahondagi barcha odamlar, xalqlar va davlatlar uchun umumiy qadrlash mezoni hosoblangan, umumbashariy ahamiyatga ega boʻlgan qadriyatlar tizimini ifoda etadigan tushuncha. Umuminsoniy qadriyatlar nihoyatda keng koʻlamli va serqirra tushnchadir. U ozodlik, erkinlik, tinchlik, baxt-saodat kabi umumijtimoiy maʼno-mazmun kasb etadigan tushunchalardangina iborat emas. Uni faqat madaniy boyliklar sifatida tushunishni ham maqsadga muvofiq, deb boʻlmaydi. Shu bilan birga, muayyan milliy, etnik va boshqa xususiy qadriyat tizimlari ham umuminsoniy qadriyatlarning oʻrnini bosa olmaydi. Umuminsoniy qadriyatlar tizimi va uning namoyon boʻlish shakllarini tahlil qilish, aslida, tarkibiy qismlari bir-biri bilan dialektik tarzda bogʻlangan umumiy tizimni, uning asosiy qismlari oʻrtasidagi munosabatlarni tadqiq qilishdir. Umuminsoniy qadriyatlar jamiyat taraqqiyotining muayyan davrida yashayotgan barcha kishilar uchun umumiy boʻlgan tizimni hosil qiladi, boshqa tamoyillar bilan uzluksiz aloqada, zaruriy bogʻlanishda namoyon boʻladi. Umuminsoniy qadriyatlarning namoyon boʻlish shakllari nisbiy xususiyatga ega, ammo bu nisbiylik doimo ham koʻzga tashlanavermaydi. Tarixiy rivojlanish jarayonida (obyektiv tarzda), jamiyat va kishilarning talab, ehtiyojlari natijasida (subyektiv tarzda) umuminsoniy qadriyatlar shakllaridan goh biri, goh boshqasi umumiy tizimning markaziga, hayotning oldingi pogʻonasiga chiqib oladi, masalan, yurtda dushmanlar hukmronlik qilganida – ozodlik, mustaqillik; yurt mustaqilligiga xavf tugʻilganida – vatanparvarlik; milliy oʻzlikni anglash va milliy uygʻonish davrida – tarixiy va madaniy merosni oʻrganishga intilish; urush sharoitida tinchlik va barqarorlikka ehtiyoj kuchayib boradi. Shu tariqa ijtimoiy jarayonlar rivojida umuminsoniy qadriyatlarning maʼlum bir shaklining dolzarbligi, boshqasining zarurligini bir qadar xiralashtirganday, ularning ayrimlari ideal holatga yaqinlashgandek, boshqalari esa ulardan uzoqlashgandek boʻlib tuyuladi.

 

Bugungi kunda umuminsoniy qadriyatlar barcha uchun umumiy mezon boʻlib qolganining bir qator sabablari bor: a) sayyoramizning dunyodagi barcha kishilar uchun, ularning irqi, millati, eʼtiqodi va boshqa tabiiy-tarixiy hamda ijtimoiy belgilaridan qatʼi nazar, eng umumiy va shu bilan birga, cheksiz koinotdagi moʻjazgina makon ekani tobora yaqqolroq his etila boshlangani; b) dunyodagi ijtimoiy xilma­xillik, siyosiy va mafkuraviy rang­baranglik, turli xil ehtiyoj, qiziqish, maqsad, intilish, xatti-harakat, faoliyatning taraqqiyot talablariga mos keladigan eng umumiy maʼnaviy mezonlariga muhtojlik sezila boshlangani; v) dahshatli qirgʻin qurollari, yadro urushi, ekologik boʻhron va maʼnaviy tanazzul kabi tahdidlar bilan yuzma-yuz kelish natijasida insoniyat kelajagi, sayyoramiz aholisi umumiy genofondining taqdiri xavf ostida qolgani, insoniyatning hozirgi avlodi mansub boʻlgan tamaddunlarni saqlab qolish oʻta muhim ahamiyat kasb etayotgani; g) kishilarning qanday ijtimoiy tuzum va davlatlarda yashashidan qatʼi nazar, hamma joyda eng asosiy maqsad inson, uning hayoti, manfaatlari, haq-huquq va erkinliklari, odamlar uchun mazmunli, toʻkin va farovon turmushni taʼminlashda butun jahon ahamiyatiga molik universal texnologiyalar, ilm­fan yutuqlari hamda ularni barcha harakatlarda qoʻllash imkoniyatlarining umumiyligi, bu imkoniyatlarni roʻyobga chiqarish uchun umumsayyoraviy hamkorlik zarurligi tobora koʻproq anglab olinayotgani bilan izohlanadi.

 

Odamlar oʻzlari va atrofdagilarning amaliy faoliyatini, biror sohadagi xatti-harakatlarini umuminsoniy qadriyatlar mezoni bilan solishtirib, mulohaza yuritadi, xulosa chiqaradi, baho beradi. Ijtimoiy taraqqiyot jarayonida umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligi talablari har bir tarixiy birlikning tarixiy rivojlanish mahsuli ekani, barcha insonlarning manfaatlari, haq-huquqlari, orzu-umidlari hisobga olinishi darkorligini koʻrsatadi. Bu insonning tabiiy-tarixiy haq-huquqlari uning yashash va umr kechirish huquqining tabiiyligi va muqaddasligini toʻliq eʼtirof qilinishini anglatadi. Ana shu sababga koʻra, istiqlol yillarida mamlakatimizda umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligi tamoyiliga nihoyatda katta eʼtibor berilmoqda. Bu qadriyatlar jamiyatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va tub oʻzgarishlarning asosiy mezoniga aylangani bejiz emas.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 46
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 234
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 521
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219187
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104700
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 35347
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27552
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 27483
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 26664
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 25379
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 22638
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//