Umuminsoniy maʼnaviyat


Saqlash
16:11 / 08.11.2023 0 790

Umuminsoniy maʼnaviyat – har bir inson, jamiyat va barcha toifadagi kishilar uchun eng oliy qadriyat sifatida eʼzozlanadigan va umumbashariy ahamiyatga ega boʻlgan maʼnaviy hodisalar, madaniy boyliklar, adabiyot, fan, sanʼat yutuqlari, din, siyosat, huquq sohasidagi natijalarni anglatuvchi tushuncha.

 

Umuminsoniy maʼnaviyatning mazmun-mohiyati. Mutaxassislar bu tushunchaga xos boʻlgan kundalik tasavvur bilan uning maʼnaviy mazmun-mohiyati oʻrtasidagi farqqa eʼtibor berish lozim, deb hisoblaydilar. Kundalik hayotda kishilar umumbashariy ahamiyatga molik maʼnaviy boyliklar, kashfiyotlar, qadriyatlar, din, fan, adabiyot, madaniyat bilan bogʻliq xususiyatlar, jihatlar, jarayonlarning oʻzini umuminsoniy maʼnaviyat sifatida tushunadi. Maʼnaviy mazmun kasb etadigan narsa va hodisalarga nisbatan ishlatiladigan umuminsoniy maʼnaviyat har qanday xalq, jamiyat va davlat hayot tarzining asosiy mezoni boʻlib hisoblanadi. “Umuminsoniy maʼnaviyat” tushunchasida maʼnaviyatni tirik tabiatning bir qismi boʻlgan odam zotining hayoti va kamoloti hamda tarixiy, siyosiy va boshqa birliklar (ijtimoiy subyektlar) uchun ahamiyati ham oʻz aksini topadi. Umuminsoniy maʼnaviyatning namoyon boʻlish shakllari orasida oʻz ahamiyatini, ijobiylik hamda foydalilik xususiyatlarini doimo saqlab qoladiganlari ham bor, ularga inson vujudining tirikligi, uning ijtimoiyligi, inson umri va hayoti, sihat-salomatligi, ijtimoiy faoliyati va munosabatlari, mehnati, bilimi, muomalasi va shu kabi kiradi. Ular inson va jamiyat bor ekan, oʻzining ijtimoiy ahamiyatini saqlab qoladi, ularning qarama-qarshisi boʻlgan oʻlim, kasallik, maʼnosiz hayot kechirish, bilimsizlik va boshqa ham tarixiy jarayonlarning doimiy hamrohidir. Umuminsoniy maʼnaviyatning eng oliy shakllari maʼnaviy ideal sifatida qaraladi. Jamiyat tarixining hamma davrlarida odamlar ana shu ideallarga intilib, ularga erishishni orzu qilib yashaydi. Kundalik hayotda va ilmiy adabiyotda eng oliy ideallar bir qator ibora va tushunchalar orqali ifodalanadi: maʼnaviy va axloqiy poklikning umumiy belgisi – yaxshilik; nafosat belgisi – goʻzallik; bilimlarimiz va fan yutuqlarining amaliyotga mosligi – haqiqat; inson huquqlarining oliy ifodasi – erkinlik va tenglik; siyosatning toʻgʻriligi – adolat, odamlar oʻrtasidagi ijobiy munosabatlar – doʻstlik; eng xokisor va begʻaraz tuygʻular asosidagi qalblarning mushtarakligi – muhabbat, orzu-umidlarga erishish – baxt-saodat, oʻz yurtini sevish va ardoqlash – vatanparvarlik va hokazo. Voqelikda ushbu ideallar bilan birga, ularning ziddi – yovuzlik, yomonlik, xunuklik, yolgʻon, erksizlik, tengsizlik, adolatsizlik, dushmanlik, nafrat, xiyonat kabilar ham muayyan tarzda namoyon boʻladi. Tarixiy taraqqiyot jarayonida umuminsoniy maʼnaviyatni barqarorlashtirish yoʻllari va usullarining bu boradagi maqsadlar bilan uygʻunlashtirilishi ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlarni amalga oshirish davrida nihoyatda katta ahamiyat kasb etadi.

 

Bu oʻrinda uch asosiy jihatga eʼtibor berish lozim:

1. Kishilarning umuminsoniy maʼnaviyat va ularga erishish yoʻllari haqidagi qarashlarida oʻtmish avlodlardan meros qolgan orzu-umidlar, tasavvurlarning ham ahamiyati beqiyosdir. Zero, har bir avlod umuminsoniy maʼnaviyatni barqarorlashtirish va oliy maqsadlarga erishish borasida oʻtmish avlodlarning tasavvur va xulosalarini meros qilib oladi, oʻz faoliyati, zamonasidagi oʻzgarish va jarayonlarga ham ana shu nuqtai nazardan yondashadi.

2. Har bir avlodning oʻtmishdoshlaridan meros boʻlib kelgan umuminsoniy maʼnaviyat toʻgʻrisidagi tasavvur va orzu-umidlaridan tashqari, oʻzi toʻplagan tajriba, ana shu tajriba asosida vujudga kelgan qarashlar ham bor. Demak, har qanday davrda maʼnaviy idealga erishish yoʻlida harakatlar boshlanganda, ularni amalga oshirishning reja va dasturlari tuzilayotganda, kishilarning ruhiy-maʼnaviy tayyorgarligi, bu boradagi maqsad, qiziqish, ehtiyoj va talablarini hisobga olish zarur.

3. Umuminsoniy maʼnaviyat toʻgʻrisidagi tasavvurlar, ehtiyojlar va intilishlar asosida vujudga kelgan turli reja va dasturlarda koʻproq bu boradagi faoliyatning nazariy, umumiy jihatlariga eʼtibor beriladi. Bu hol, ayniqsa, jamiyat taraqqiyotida tub burilish va chuqur oʻzgarishlar yuz berayotgan davrda yaqqol namoyon boʻladi. Ammo bu boradagi rejalardan amaliyotga oʻtilganida, tajribada maqsadlarga erishish uchun bevosita harakat boshlanganida kutilmagan holatlar yuzaga chiqa boshlaydi. Bular esa, oʻz navbatida, bosh maqsadga erishish (strategiya) borasidagi kundalik faoliyatda turli xil yoʻllar, usullardan (taktika) foydalanishni talab qiladi.

 

Umuminsoniy maʼnaviyatning baʼzi shakllari bilan bogʻliq yana bir masala bor: ularning hayotda qaror topishi muayyan toʻsiq va qiyinchiliklar orqali kechadi. Natijada, ideal mutlaq, toʻla-toʻkis amalga oshmaydi, uning baʼzi bir jihatlari hayotga tatbiq etiladi, boshqalari esa kelajak avlodlarga meros boʻlib qoladi. Odamzod esa idealsiz, unga intilmasdan, kelajakka umid koʻzlarini tikmasdan yashay olmaydi. Ammo inson hayotda faqat ideallar, ularga erishish toʻgʻrisidagi orzular bilan qanoatlanib qolmaydi. U oʻz ideallariga erishish, ularni barqaror qilish yoʻlida boshqa ehtiyoj, talab va qiziqishlarini qondirishi, oʻzga kishilar bilan munosabatda boʻlishi, jamiyat talablarini bajarishi, oʻz burchini ado etishi va boshqa sohalarda faoliyat yuritishi lozim. Shu maʼnoda, kishilar doimo idealga intilib, real hayotdagi vazifalarni bajarib, orzu-umidlar bilan real voqelik orasida umr oʻtkazadilar. Ideallarga intilish orzusi bilan real hayotda yashash zarurati oʻrtasidagi muayyan ziddiyat odamzodni yashashga undaydigan, umrining eng qiyin, murakkab davrlarida ham umid uchqunlari saqlanib qolishi uchun asos boʻladigan umrguzaronlikning asosiy tamal toshi, inson hayotining mazmuni, maʼnosi va qadrini belgilaydigan obyektiv jarayondir. Umuminsoniy maʼnaviyat (ayniqsa, uning ideal shakllari) omilkor faoliyatga chorlovchi optimistik gʻoyalar, shiorlar rolini oʻynashi ham mumkin. Bunday holda ular kishini amaliy ishlar qilishga undaydigan, uning faoliyatiga maʼno va mazmun bagʻishlaydigan, maqsadini aniqlash imkonini beradigan, biror jarayonga, jamiyatda amalga oshirilayotgan vazifalarga nisbatan shaxs yoki ijtimoiy subyektlarning qanday munosabatda boʻlayotganini oydinlashtirish imkonini beradigan maʼnaviy mezonga aylanadi. Insonning yashash joyi, oʻtmish avlodlarining xoki yashiringan zamin, oʻzi tugʻilgan yurti bilan bogʻliq umuminsoniyatga xos bokira tuygʻulari bor. Bu tuygʻular tugʻilgan uydan, mahalla, qishloq, shahar, koʻchasidan tarbiyalana boshlaydi, kishi mansub boʻlgan tarixiy birlik, uning oʻtmishi bilan bogʻlangan ijtimoiy hududga nisbatan munosabatda namoyon boʻladi. Har bir kishi Yer sayyorasining farzandi ekanini, oʻzi uchun suyukli hudud, sayyoraning tarkibiy qismi boʻlgan Vatanini anglaganida, undagi bu tuygʻu uni umuminsoniylik talabiga mos keladigan inson darajasiga koʻtaradi.

 

Sayyoramiz kishilariga xos umuminsoniy maʼnaviyatning shakllanishi va takomillashuvi uchun Yer yuzida tiriklikning vujudga kelishi, rivojlanishi, odam zotining ongli faoliyati, mehnati, madaniy va maʼnaviy kamolotga erishish bosqichlari, tabiat va jamiyatda amalga oshirgan ishlari bilan bogʻliq jarayonlarni ifodalaydigan tarix ham oʻz ahamiyatiga ega. Tarix – odam zotining vujudga kelgan ilk davridan bizning kunlarimizgacha yaratilgan moddiy va maʼnaviy boyliklarini, insoniyat hayotida roʻy bergan oʻzgarishlarni hozirgi avlod va kelajakka yetkazib berishga xizmat qiladi. U avlodlar ruhi oldidagi qarzdorlik tuygʻusini qoʻzgʻagan, oʻtmish voqealarini oʻrganish zarurati tugʻilgan va kelajak rejalarini tuzish jarayonida rivojlanishning aniq yoʻl va usullari tanlab olinayotgan davrlarda yuksak maʼnaviyat mezoniga aylanadi. Bugungi kunda mamlakatimizda tarixiy xotirani tiklash, mustaqillikni mustahkamlash, aholi qalbi va ongida milliy istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhini singdirishga katta ahamiyat berilayotgani bejiz emas. Bu esa, oʻz navbatida, xalqimizga xos milliy maʼnaviyatning umuminsoniy maʼnaviyat xazinasiga munosib hissa boʻlib qoʻshilishi, yurtimizda yuksak maʼnaviyat tamoyillarining ustuvorligini taʼminlash, sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 46
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 228
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 521
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219187
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104700
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 35345
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27552
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 27483
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 26660
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 25377
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 22637
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//