Ulugʻvorlik


Saqlash
14:11 / 08.11.2023 0 669

Ulugʻvorlik – tabiat, jamiyat,inson va uning faoliyati mahsulotlarida namoyon boʻladigan maʼnaviy-axloqiy tushuncha. Ulugʻvorlik belgisiga ega boʻlgan barcha narsa va hodisalarga xos boʻlgan umumiylik – meʼyoriy barkamollik boʻlib, tabiatda ulugʻvorlik baland togʻlar, qudratli sharsharalar, cheksiz okeanlar, mavj urayotgan dengizlar, tubsiz osmon va shu kabi timsolida namoyon boʻladi. Bu yerdagi umumiylik – ularning keng koʻlamligi, ulkanligi, buyukligi va tuganmasligidir. Tabiatdagi ulugʻvorlik insonda oʻzidagi zaiflikni emas, balki tabiat bilan qoʻshilib ketishga intilish hissini uygʻotadi va kuchli taʼsir etadi. Ulugʻvorlik hissi oʻz-oʻzidan quvonch, hayratlanish, ehtirom, tan berish tuygʻularini oʻz ichiga qamrab oladi, ruhiy koʻtarinkilik bagʻishlaydi. Bularga baʼzida qoʻrquv ham qoʻshiladi, lekin u insonni kamsitmaydi, balki toʻsiqlarni yengib oʻtishga turtki beradi. Ulugʻvorlik hissi umuminsoniy, umumiy belgilari bilan birga ijtimoiy shartlangan, aniq tarixiy tabiatga ham molik qahramonlikda, alohida nafosat va axloqiy birlikda toʻliq hamda bevosita namoyon boʻladi. Xalq fidoyilari, el-yurt jonkuyarlarining faoliyati, qilgan ishlari bir vaqtning oʻzida ham ulugʻvorlik, ham mardonalik namunasi boʻla oladi. Qahramonlik koʻpchilik omma tushunchasida odatdan tashqari, noyob, kam uchraydigan hodisadir. Lekin u kundalik hayotda, oddiy sharoitda eng sodda, hamma amal qiladigan axloqiy qoidalar doirasida ham sodir boʻlishi mumkin va buning oʻzi insonlar nazarida ulugʻvor ahamiyat kasb etadi. Tabiat bilan hamohang boʻlish, ijtimoiy faol, tashabbuskor, matonatli, Vatan ravnaqi yoʻlida fidoyilik koʻrsatadigan shaxsni shakllantirish bugungi kundagi ulugʻvorlik orzusining asosiy mazmunini tashkil etadi. Chunki ulugʻvor ishlarni ulugʻvor shaxslar yaratadi va butun bir xalqlar taqdiriga ijobiy taʼsir etadi. Ulugʻ ishning tagzamini esa niyatning, maqsadning ulugʻvorligidir. Masalan, Amir Temurning maqsadi Vatanini moʻgʻil bosqinchilaridan ozod etish, ilm-fan, sanʼat va madaniyat rivojlangan, xalq osoyishta hayot kechiradigan saltanat barpo etish edi. U buyuk harbiy isteʼdodi, aql-zakovatini ishga solib, bu niyatni amalga oshirdi.

 

Amir Temur siymosida tengsiz sarkardalik mahorati, matonat va jasorat, davlatchilik gʻoyalarining ulugʻvorligi mujassamlangan edi. Sohibqiron shaxsi, ishlari, soʻzlari biz uchun ibrat, u insoniyat tarixining nodir siymolaridan biri boʻlib, butun bir davr uning nomi bilan bogʻliqdir. Amir Temur ulugʻ saltanat qurish sohasida ulugʻvorlik namunasini koʻrsatgan boʻlsa, Nizomiddin Mir Alisher Navoiy turkiy tilda jahonshumul badiiy asarlar yozib, oʻz xalqining maʼnaviy olamini yuksaklikka koʻtardi, ona tilining qudratini baralla namoyish eta oldi. Shu kabi ilmiy kashfiyotlari bilan jahonga nomi ketgan Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniylar ham ulugʻvorlik shohsupasidan oʻrin olgan. Bu zotlar ilmu fan, hikmat va ijod pahlavonlari, Sharq Uygʻonish davrining buyuk siymolari sifatida hozir ham bizga ibratdir. Ulugʻvorlik oʻzini har tomonlama ijodiy ifodasini sanʼatda topadi, uning barcha tur, xil va koʻrinishlari uchun ulugʻvorlik mavzulari asosiy tasvir obyektlaridan biri boʻlib xizmat qiladi. Sanʼatning turli koʻrinishlari ulugʻvorlikni tasvirlashning xilma-xil imkoniyatlaridan foydalanadi. Sanʼatdagi ulugʻvorlik badiiy mazmun va shakl imkoniyatlari vositasida ifodalanadi, lekin bunda hal hiluvchi rolni gʻoya oʻynaydi. Gʻoya mukammal shaklning zarurligini yuzaga keltirib, sanʼat asarining buyuklik darajasini belgilab beradi, bu holat hayotiy haqiqatdan qochishga emas, unga xizmat qilishga daʼvat etadi. Qahramonlik dostonlari, lirik dostonlar, qahramonlik fojiasi, qahramonlik asarlari, simfoniya, notiqlik, meʼmorchilik va yodgorlik sanʼati koʻrinishlari ulugʻvorlik mavzusini badiiy oʻzlashtirish jarayonida vujudga kelgan. Chunonchi, “Alpomish” dostoni, Navoiy “Xamsa”si, Boburning “Boburnoma”si mana shunday muazzam badiiy obidalardir. Navoiy yaratgan besh dostondan iborat “Xamsa” ham mazmun-maʼnosi, ulugʻvor tafakkur mevasi, hajmi, betakror badiiy sanʼat namunasi ekani bilan ham hayratlanarlidir. Yoki “Boburnoma”ni olaylik. Bobur hayotining oʻzi bir jasorat namunasidir. U buyuk saltanat bunyod etdi, ana shu yurish va urushlar tarixini, turli taqdirlar, qarashlarni yozib qoldirishga imkon topdi. “Boburnoma” nafaqat Movarounnahr, balki Afgʻoniston va Hindiston tarixi, odamlari, hayvonot va oʻsimliklar dunyosini yorituvchi qomusiy asardir. Bu asarning dunyo tillariga 3–4-martadan tarjima qilingani ham uning ahamiyati naqadar buyukligidan dalolat beradi. Musiqa sohasida esa “Shashmaqom” ulugʻvorlikning yorqin namunasi boʻla oladi. Mazmun va maʼnosining chuqurligi, ohanglar rang-barangligi, hissiyotlar qamrovining kengligi, salobat va joziba maqomlarning abadiyligini taʼminlagan. Maqomlar buyuk sheʼriyatimizning qanotlari, ajdodlar dardi va umidlari, nolasi va faraxbaxsh ruhining ifodasidir.

 

Ulugʻvorlik meʼmorchilikda alohida ahamiyat kasb etadi. Misr piramidalari, Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlarining meʼmorchilik obidalari, yunonlarning Parfenoni, rimliklarning Kolizeyi, oʻrta asr gotik bosh cherkovlari oʻzining salobati, ulugʻvorligi bilan kishini hayratda qoldiradi. Ulugʻvorlik tuygʻusiga faqat miqyos oʻlchovi bilan erishilmaydi. Agar ayrim obidalar, masalan, Bobil minorasi, Minorai Kalon, Misr ehromlari va shu kabilar oʻzlarining miqyos koʻlami bilan hayron qoldirsa, boshqalari oʻzining nafisligi, nozik ifodali ranglar, qismlar hamohangligi, atrof-muhit bilan uzviy qoʻshilib ketganligi bilan alohida ahamiyat kasb etgan (Goʻri Amir, Shohizinda, Mustaqillik maydoni, Ichanqalʼa, Registon maydoni, Mir Arab madrasasi, Ismoil Somoniy maqbarasi va boshqalar). Istiqlol yillarida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari tufayli ulugʻvorlik kasb etayotgan obidalar jahonga yuz tutmoqda. Mamlakatimizda Amir Temur, Ulugʻbek, Navoiy kabi ajdodlarimizga haykallar qoʻyildi. Shu kabi Mustaqillik maydoni, unda qad koʻtargan ramzlar, Baxtiyor ona haykali ham ulugʻvorlikka misoldir. Demak, ulugʻvorlik tarix, xalq, millat, ozodlik, mardlik, fidoyilik tushunchalari bilan hamohangdir. U insonning orzu-armonlari, ideallarini aks ettiradi va rivojlantiradi, buyuk ishlarni amalga oshirishga chorlaydi, yaratuvchanlik va ijodkorlikka ilhomlantiradi, hayotga maʼno-mazmun bagʻishlaydi, inson zotining maʼnaviy kamolotiga xizmat qiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 47
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 235
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 521
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219187
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104700
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 35347
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27552
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 27484
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 26664
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 25380
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 22638
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//