Tuhmat


Saqlash
13:11 / 06.11.2023 0 626

Tuhmat – birovni ayblash yoki qoralash maqsadida oʻylab chiqarilgan, asossiz daʼvo, boʻhton, kishini boshqa gunohlarga yetaklovchi illatni anglatuvchi tushuncha. Tubanlik xoinlikning bir koʻrinishi boʻlib, alohida bir kishi, guruhning biror narsa, hodisaga oʻz (shaxsiy, guruhiy) manfaati tufayli qasddan qilingan yoki yomon feʼli (hasad, nafs, baxillik, pastkashlik) tufayli sodir boʻladigan xatti-harakatdir. Boshqacha aytganda, tuhmat boʻhton, uydirma, yolgʻonligini bilaturib, boshqa shaxsni izzalaydigan (izza qiladigan), sharmanda qiladigan soʻzlarni tarqatish, kishi lafzidan, harakat yoki harakatsizligidan sodir boʻladigan salbiy hodisa. Tuhmat bir shaxsga uning oʻzida boʻlmagan illatni toʻnkashni anglatsa, aksincha, shaxsning oʻzida boʻlgan illatni (ortidan) toʻnkash gʻiybat hisoblanadi. Tuhmat birinchi marta sodir etilsa, maʼmuriy jazo chorasi koʻriladi (MJTK, 40-modda), yana qaytarilgan tuhmat uchun jinoiy javobgarlik belgilangan (JK, 139-modda). Tuhmat nashr qilish yoki boshqacha usulda koʻpaytirilgan matnda yoxud OAVdan foydalanib amalga oshirilsa, jiddiy jazolanadi. Tuhmat ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyatlarda ayblash bilan bogʻliq, ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa yoki xavfli retsidivist tomonidan, gʻarazgoʻylik yoki boshqa past niyatlarda sodir etilsa, 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Tuhmat munofiqlik va xiyonat koʻrinishlaridan biri boʻlib, alohida shaxs yoki guruhga ularga qilmagan gunoh yoki jinoyatni, illat yoki qusurni toʻnkashdir.

 

Tuhmat – bir kishi yoki guruhning ortidan ularda boʻlmagan va ular sodir qilmagan ayblari uchun ularga nisbat berish, haqiga boʻhton qilishdir. Tuhmatchi – tuhmat qiluvchi kimsa. Tuhmat shaxs yoki guruhning obroʻsini toʻkish maqsadida qilinadi. Tuhmat insonlar oʻrtasida oʻzaro dushmanlik, nosogʻlom raqobat va shubhali holatlarda kuzatiladi. Tuhmat jamiyatda xususiy mulk paydo boʻlgan paytda manfaatlarning kuchli toʻqnashuvidan yuzaga kelgan. Tuhmat diniy tushunchaga koʻra, tajrid olamida emas, aksincha, sabablar olamida kuzatiladi. Abu Nasr Forobiy fikricha, “Tuhmat va qatʼiylik (mulih)ka kelsak, ularning taʼsirida taraflardan biri butunlay aniq narsalarni inkor etadi va oʻz mohiyati boʻyicha tushunarli va ravshan holatlarga shubha bildira boshlaydi. Bu holat to boshqa taraf adashib, haqiqiy narsaning borligiga shahodat beruvchi dalillarni hamda maʼlum narsalar va haqiqiyligi ayon narsalar haqida xato tasavvur hosil qilmaguncha davom etaveradi. Bu substansiya sofistik sanʼatning usullaridan biridir. Shuning uchun bu sanʼatning maqsadi haqiqatga va aniq dalillar yordamida biror narsaga erishishga toʻsqinlik qilishdan iboratdir”. (Abu Nasr Forobiy. Fozil odamlar shahri. 118-bet). Forobiy tuhmatni eng yomon ruhiy sifatlar qatoriga kiritib, unga substansiya sanʼati vositasida erishilishini taʼkidlaydi. Qurʼoni Karimda “Kimki biron xato yoki gunohni qilib qoʻyib, soʻng uni bir pok odamga tuhmat qilib otsa, muhaqqaqki, u boʻhton va ochiq gunohni oʻz zimmasiga olibdi” deyilgan. Shuningdek, unda boʻhtonchi uchun halokat va jazo muqarrarligi uqtirilgan. Paygʻambar Muhammad (s.a.v.)ning “Tuhmat zinodan yomon” (attuhmati sharril minal zina) degan hadislari ham tuhmatning jirkanch illat ekaniga misol boʻla oladi.

 

Sharq mutafakkiri Majididdin Xavofiy fikricha, “Podshohga yaqin kishilar tuhmatchi va gʻiybatchi boʻlsalar, davlat inqirozga yuz tutib, podshoh almashgusidir. Tuhmatchida haqiqat va insof yoʻq, tuhmat bilan yolgʻonchi oʻrtasidagi chegarani aniqlash juda qiyin, chunki tuhmatchining quroli yolgʻonchilikdir. Tuhmat balosiga yoʻliqqan odamning chekkan iztirobi gʻoyat ogʻir, lekin u gunohsiz boʻlsa, tuhmatchi fosh boʻladi, albatta. Igʻvogar, tuhmatchi oʻz nishoniga pokdil, vijdonli, oqil kishilarni oladi, chunki u oʻzida yetishmagan ana shunday sifatlar uchun ularga hasad qiladi”. Tuhmat nafaqat shaxsiy munosabatlarga, balki jamiyatning sogʻlom turmush tarziga ham rahna soladi. Tuhmatga qarshi kurashning oqilona usuli kishilar oʻrtasida samimiy munosabatlar oʻrnatish, hatto muxolif insonlarga ham marhamat koʻrsatish, hammaga birdek yaxshilik qilish, xolislik, tuhmatni paydo boʻlib qolish ehtimoli bor joylardan chetlanish kabilardir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:10 / 07.10.2024 0 152
Mushuk va shumshuk

Bilasizmi?

14:09 / 16.09.2024 0 290
Tol va kanizak

Bilasizmi?

11:09 / 16.09.2024 0 390
Avtobiografiya va memuar: ular qanday farqlanadi?



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 215878
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 101225
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 27799
Milliy urf-odatlar

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 25868
Kompetentlik

Qomus

12:09 / 18.09.2023 0 20451
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 19718
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:05 / 03.05.2023 1 19675
Alpomish

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 18932
Manqurt(lik)

//