Totuvlik


Saqlash
12:11 / 03.11.2023 0 566

Totuvlik – tor maʼnoda, odamlar, oila, mahalla yoki guruh aʼzolari orasidagi oʻzaro maʼnaviy-murosaviy munosabat; keng maʼnoda, fuqarolarning maʼnaviy-axloqiy mezonlari, xatti-harakatlari, hayotga munosabatlarida koʻzga tashlanadigan maʼnaviy hodisani anglatuvchi tushuncha. Totuvlik jamiyatda turli xil ijtimoiy qatlam va guruhlarning turli millat, irq va dinga mansub kishilarning oʻzaro aloqalarida, ularning muayyan davlat siyosatiga boʻlgan munosabatlarida hamfikrlilik tamoyili va u asosidagi hamkorlikni anglatuvchi tushuncha hamdir. Totuvlik ijtimoiy taraqqiyotda muhim ahamiyat kasb etib, oʻzaro birlik, hamjihatlikni taʼminlash, manfaatli birlikning vujudga kelishida ham asosiy omildir. Shu bois insoniyat tarixida ijtimoiy-milliy taraqqiyot uchun kurashgan kuchlarning asosiy ezgu gʻoyalaridan biri jamiyat ahli oʻrtasida totuvlikka erishishi boʻlib, ushbu omil tantana qilgan taqdirdagina umumiy muvaffaqiyat qoʻlga kiritilgan. Shu bois insoniyat ongli jamiyatining ilk kunlaridan boshlab, bugungi kungacha ushbu gʻoyaning amaliy ifodasiga asosiy eʼtibor berib kelinmoqda. Totuvlikka erishgan jamiyatda kishilar oʻrtasida samimiyat, mehr-oqibat, oʻzaro yordam, hamkorlik, ahillik kabi munosabatlar ustuvor boʻladi. Davlat boshqaruvida barcha fuqarolarning manfaatini koʻzlab ish yuritish, tabiiyki, ijtimoiy hayotda totuvlik qaror topishining muhim omilidir. Totuvlik tinchlik, barqarorlik, yagona maqsad yoʻlida milliy birlashuvning eng muhim shartidir. Fuqarolarning maʼnaviy-axloqiy yetuklik darajasi millatlararo muosabatlar orqali, turli millat vakillarining umumiy maqsad yoʻlidagi birlashuvi bilan ham bogʻliq. Ushbu gʻoya zamirida millati va elatidan qatʼi nazar, umumiy xonadon – Oʻzbekiston taqdiri uchun javobgarlik tuygʻusi yotadi va u har bir fuqaroning siyosiy masʼullik va maʼnaviy daxldorlik hissi bilan bevosita bogʻliq. Turli din va eʼtiqoddagi insonlarning bir-biriga nisbatan murosai madorada boʻlishlari ham jamiyatda totuvlik taʼminlanishining muhim shartidir. Diniy totuvlik turli din vakillarining oʻzaro munosabatlarida hamkorlik, hamdoʻstlik va teng huquqlilik tamoyillariga rioya etishdir.

 

Mustaqil Oʻzbekistonda umumjamiyat manfaatlaridan kelib chiqib diniy totuvlikka eʼtibor berilmoqda. Aholining asosiy qismi islom dini va xristianlikning pravoslaviye mazhabiga eʼtiqod qilsa-da, ular bilan bir qatorda katolik va protestantlar, boshqa mazhab vakillari ham oʻz mazhablariga eʼtiqod qilayotganlari, barcha din vakillari orasidagi oʻzaro hamjihatlik mamlakatimizda diniy totuvlikning taʼminlanganidan dalolatdir. Koʻp millatli jamiyatlarda oʻzaro birlik va hamjihatlikni taʼminlash maqsadida millatlararo totuvlikka erishish zaruriy omillardan biri hisoblanadi. Millatlararo totuvlikka Oʻzbekiston jamiyatida milliy gʻoyaning asosiy tamoyillaridan biri sifatida eʼtibor qaratilmoqda. Maʼlumki, milliy totuvlik muayyan hudud, davlatda turli millat vakillarining bahamjihat yashashi, hamkorlikda faoliyat yuritishini ifodalovchi tushuncha. Yer yuzidagi 1600 dan ortiq millatdan bor-yoʻgʻi 200 ga yaqini oʻz milliy davlatchiligiga ega, xolos. Bunday sharoitda butun dunyoda millatlararo totuvlikni taʼminlash uchun ularning manfaatlari, ruhiyati, intilishlarini muntazam oʻrganib borish, siyosiy-ijtimoiy hayotda buni doimo eʼtiborga olish zarur. Jahon tajribasi millatlararo totuvlikni taʼminlashga biryoqlama, yuzaki yondashuv jiddiy muammolar keltirib chiqarishini koʻrsatdi. Xususan, davlatga oʻz nomini bergan (titul) millat bilan oʻsha joyda yashaydigan boshqa millat va elat vakillari orasidagi munosabatlar jiddiy eʼtiborni talab qiladi. Aks holda, jamiyat hayotidagi tinchlik va barqarorlik izdan chiqishi mumkin. Bu masala bizning mamlakatimiz uchun ham juda muhim. Oʻzbekiston hududida qadimdan koʻplab millat va elat vakillari bahamjihat istiqomat qilib kelgan. Ular oʻrtasida asrlar davomida milliy muvozanatning saqlanib kelgani xalqimizning azaliy bagʻrikengligidan dalolatdir. Millatlararo munosabatlarda uygʻunlik vujudga kelgan mamlakatlarda koʻp millatlilik jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga samarali taʼsir koʻrsatadi.

 

Mamlakatimiz Konstitutsiyasida “Oʻzbekiston xalqini millatidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi” deb taʼkidlanishi, “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunda esa barcha fuqarolarga ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy mavqei, irqiy va milliy mansubligi, jinsi, maʼlumoti, tili, dinga munosabati, mashgʻulotining turi va xususiyatidan qatʼi nazar, teng saylov huquqining berilishi belgilab qoʻyilgani ana shu bagʻrikenglikning zamona viy siyosiy-huquqiy ifodasidir. “Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va anʼanalarini hurmat qilinishini taʼminlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”. Konstitutsiyamizda belgilab qoʻyilgan ushbu qoida ham hayotda oʻzining amaliy ifodasini topganligi ijobiy holdir. Respublikamizda milliy-madaniy ehtiyojlarni qondirishning muhim mexanizmiga aylangan 140 ga yaqin milliy-madaniy markazlar faoliyat koʻrsatayotgani fikrimizning dalilidir. Bundan buyon ham qoʻlga kiritilgan yutuqlarni yanada mustahkamlash, mamlakatimizda yashab kelayotgan millatlarni oʻzaro hamjihatlik ruhida tarbiyalash, ular oʻrtasidagi oʻzaro totuvlikni mustahkamlash milliy istiqlol mafkurasining asosiy maqsadlaridan biridir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:10 / 07.10.2024 0 152
Mushuk va shumshuk

Bilasizmi?

14:09 / 16.09.2024 0 290
Tol va kanizak

Bilasizmi?

11:09 / 16.09.2024 0 390
Avtobiografiya va memuar: ular qanday farqlanadi?



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 215878
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 101225
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 27799
Milliy urf-odatlar

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 25868
Kompetentlik

Qomus

12:09 / 18.09.2023 0 20452
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 19718
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:05 / 03.05.2023 1 19675
Alpomish

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 18932
Manqurt(lik)

//