Bilasizmi?
Til – insonlar orasidagi aloqa vositasi, jamiyat aʼzolarining fikrni ifodalashi va oʻzaro fikr almashishi uchun xizmat qiladigan vosita. Tilning tabiiy-ilmiy, diniy-dunyoviy talqinlari bor. Diniy talqinga koʻra, til ilohiy kuch tomonidan yaratilgan va hozirgi holicha insonga berilgan. Dunyoviy talqiniga koʻra, til hozirgi koʻrinishi darajasiga yetguncha juda uzoq evolyutsion jarayonlarni, yaʼni insonning oʻzining shakllanishi va takomillashuvi jarayonlari bilan teng davrni bosib oʻtgan. Ilm-fan inson tilining tarixiy taraqqiyot bosqichlarini oʻrganishi natijasida shunday xulosaga keldiki, til aloqa vositasi, nutq sifatida, shubhasiz, faqat inson miyasining mahsulidir. Ayrim boshqa jonivorlar, masalan, shimpanze, toʻtiqush, chugʻurchiqlar ham insonga xos tovushlar chiqarib “gaplashadi”, hatto, ayrim hollarda jumla va iboralarni takrorlaydi. Biroq, ular inson kabi gaplashishga qodir emas. Ogʻzaki nutqqa oʻrganish – insoniyatning evolyutsion taraqqiyotida hal qiluvchi qadam boʻldi. Nutq qobiliyati unga inson sivilizatsiyasi asoslarini qurish imkoniyatini yaratdi. Dastlabki inson jamoalari ogʻzaki nutqni birgalikda harakat qilish, mudofaa, umuman faoliyatning hamma turlarida hamjihatlik koʻrsatish, hamkorlik qilish, buyruqlarni ifodalash maqsadiga qaratganlar va bundan uzoq vaqt samarali foydalanganlar. U paytlardagi inson tilining soʻz boyliklari koʻp miqdorda boʻlmasada, davr oʻtishi bilan, ayniqsa, kishilar, jamoalar bir-birining tilini boyitish imkoniyatlari tufayli u tobora boyib, takomillashib bordi. Chinakam ommaviy nutq yuzaga keltiruvchi har bir kishining nutqiy tajribasi juda qisqa va oʻtkinchi boʻlgan, yaʼni vafot etishi bilan uning tajribasi ham oʻlgan. Bir kishining nutqi insoniyatning umumiy mushtarak nutqiy tajribasi sifatida avloddan-avlodga oʻtib, avval ogʻzaki, keyinchalik yozma koʻrinishini kasb etguncha juda uzoq zamonlar oʻtgan. Biroq, til ogʻzaki va yozma nutq sifatida toʻla shakllangach, u insonning ham jisman, ham ijtimoiy jihatdan juda tez taraqqiy etishini taʼminladi. Til tufayli insoniyatning ijtimoiy hayoti, uning naslining miqdoriy jihatdan oʻsishi ham aql bovar qilmas darajada ilgarilab ketdi.
Bir vaqtlar tropik oʻrmonlarda oddiy tirikchilik uchun jon berib, jon olib yurgan odamzod nutq sharofati bilan zaminning yakkayu yagona egasiga aylandi. Miqdoriy jihatdan ham oʻsdi. Ibtidoiy odamlarning dastlabki muomala vositalari va soʻzlaridan tortib, tilning bugungi darajasiga yetguncha insoniyat 3 mln. yildan kamroq masofani bosib oʻtdi. Shakllanish, taraqqiy etish va takomillashish jarayonlarida tillar, dastlab, koʻproq mushtaraklik va umumlashtiruvchilik vazifasini bajargan, yaʼni bugungi kunda turli tillarda gaplashayotgan millat va elatlar, avvallari bir-birini tushunadigan bir tilda gaplashgan, vaqt oʻtishi bilan, turli-tuman obyektiv sabablar tufayli, ular bir-birlaridan uzoqlashib, tillari oʻzaro farqlanadigan shaklga kelgan. Tillarning bunday ajralish jarayoni (differensiatsiya) natijasida koʻpchilik uchun mushtarak aloqa vositasi boʻlgan bir tildan keyinchalik bir necha til yuzaga kelgan. Hozirgi tilshunoslikda turkiy tillar deb yuritilayotgan tillar bir-biridan nafaqat uzoqlashish, ajralish xususiyatiga, balki bir-biriga yaqinlashish, bir-birini boyitish xususiyatiga ham egadir. Turli tillarning bir-biriga taʼsiri va oʻzaro yaqinlashuvi natijasida yangi tillar vujudga kelishi ham mumkin. Shu bilan birga, biron-bir xalqning fikr almashish vositasi boʻlishdan toʻxtagan va unda gaplashuvchilarning yoʻq boʻlib ketishi yoki boshqa tarixiy, ijtimoiy, madaniy sabablarga koʻra, muomaladan chiqqan tillar ham mavjud. Bunday tillarni oʻlik tillar deyiladi. Masalan, shumer, lotin, qadimgi yunon, sanskrit shular jumlasidandir. Tilning kelib chiqishi va evolyutsiya bosqichlari haqida qadimgi misrliklar va xorazmliklar, yunonlar va hindlar, xitoyliklar va forslar turli xil ilmiy farazlarni ilgari surganlar. Ulardan ayrimlari, til tovush tili sifatida yuzaga kelgan desa, boshqalari til dastlab imo-ishora tili koʻrinishida boʻlgan deydi. Til odamlar orasida aloqa vositasi sifatida ehtiyoj tufayli tabiiy suratda vujudga kelgan (Aflotun), oʻzaro aloqa qilish uchun tilni odamlarning oʻzlari yaratganlar (Demokrit), til ilohiyot tortigʻi (“Injil”, “Qurʼon”) kabi qarashlar ham boʻlgan. Til, shubhasiz, jamiyatda ijtimoiy mehnat, ijtimoiy ishlab chiqarish jarayonida yuzaga kelgan muayyan jamoa, odamlar guruhi yoki alohida shaxs faoliyatini muvofiqlashtirish vositasi boʻlib xizmat qilishi kerak.
Fiziologik asosiga koʻra, til ikki signal tizimi vazifasida namoyon boʻlishini I.P.Pavlov kashf etdi va uni inson psixikasiga oʻziga xos qoʻshimcha deb atadi. Til va tafakkur oʻzaro ajralmas, chambarchas bogʻliq hodisalardir. Lekin ularning ikkovi bir narsa emas. Til tafakkurning ifoda shakli va yashash tarzi sifatida inson ongining shakllanishida ham muhim oʻrin tutadi. Ong til qobigʻidan tashqarida qaror topishi mumkin emas. til belgilari, oʻz tabiatiga koʻra, shartli boʻlsa-da, u real voqelikni bilish jarayoni shartlaridan hisoblanadi. Shu jihatdan til muomala vositasi boʻlishdan tashqari, bilish vositasi vazifasini ham bajaradi. Shu bilan birga, u toʻplangan bilimlarni, tajribalarni qayd qilish, saqlash va avloddan-avlodga oʻtkazish vositasi ham sanaladi. Abstrakt tafakkur til tufayligina voqe boʻladi. Tilning mavjudligi tafakkurning umumlashtiruvchi faoliyatining eng zaruriy shartidir, tilsiz bu hol mavjud boʻlmas edi. Chunki soʻz umumlashtiruvchi xususiyatga ega. Til oʻziga xos qonuniyatlarga ega va bu qonuniyatlar tafakkur qonunlaridan farq qiladi. Bu esa, oʻz navbatida, tilning nisbatan mustaqil hodisa ekanini koʻrsatadi. Til bilan soʻz, mulohaza bilan gap aynan bir narsa emas. Til oʻzining ichki tashkiliy tomonlariga, oʻziga xos tizimi, tuzilmasiga ega. Bu tizimdan tashqarida uning tabiati va belgilarining mohiyatini toʻgʻri tushunib boʻlmaydi. Tabiiy tildan tashqari sunʼiy tillar ham boʻladi. Sunʼiy tilning grammatik qurilishi va lugʻat tarkibi odatda, sunʼiy ravishda ishlab chiqiladi. Buni birinchi boʻlib 1629-yilda R.Dekart ishlab chiqqan. Hozirgi kunda keng tarqalgan xalqaro sunʼiy til L.L.Zamengor tuzgan esperanto tilidir. Bu sunʼiy tilda 5 mln.dan ortiq odam gaplashadi, yuzga yaqin jurnallar nashr etiladi. Sunʼiy til deganda, bu tizimga kiradigan va mashina tarjimasida ishlatiladigan vositachining axborot tili va boshqa ham tushuniladi. Keyingi yillarda sunʼiy, formallashgan tillarning qonuniyatlari, ularning mantiqiy sintaksisi va semantikasini oʻrganishga qiziqish kuchaydi. Shu munosabat bilan til faqat tilshunoslikning tadqiqot obyektigina boʻlib qolmay, balki mantiq va semantikaning ham tadqiqot maydoniga aylanishi kuzatiladi. Yer yuzida qancha millat, xalq, elat, qabila boʻlsa, shuncha til bor.
Tilsiz xalq yoʻq. Xalqsiz esa til ham boʻlmaydi. Bular egizak tillar boʻlib, biridan birini ayirib boʻlmaydi, ular ayirib qoʻyilsa, ikkisi ham oʻzligini yoʻqotadi. Xalq boshqa bir xalqqa qoʻshilib ketsa-da, uning tili oʻlik tilga aylanadi. Kezi kelganda shuni aytib oʻtish lozimki, birgina “Til” soʻzi misolida ham tilimizning naqadar boy va serjilo ekanini yaqqol koʻrish mumkin. Til rivojining hozirgi holati oʻz sohibi boʻlgan millat yoki elatning tadrijiy ravnaqi, bosib oʻtgan tarixiy yoʻli, jamiyatning qaysi bir taraqqiyot bosqichida ekani, iqtisodi, madaniyati, fani va maʼnaviyati kabi omillarga bogʻliq. Biz uchun esa oʻz ona tilimiz boʻlmish oʻzbek tili azizu moʻtabar ekani shubhasiz. Bu esa barchamizning tilimiz sofligi, uni asrab-avaylash va takomillashtirish uchun masʼul ekanimizni anglatadi.
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Hikmat
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q