Bilasizmi?
Tenglik – kishilarning jamiyatda tutgan oʻrni va hayot sharoitlaridan qatʼi nazar, maʼnaviy-axloqiy talablar hammaga bir xil boʻlishiga asoslanadigan maʼnaviy-axloqiy tamoyilni ifodalovchi tushuncha, maʼnaviyatning ijtimoiy-huquqiy sohadagi asosiy tamoyillaridan biri, jamiyatdagi barcha kishilar, qatlam, partiya va shu kabilarning qonun oldidagi umumiy masʼuliyati va imkoniyatlarining baravarligini anglatadigan tushuncha. Tenglik taʼminlangan jamiyatda uning barcha aʼzolari yashash, taʼlim olish, mehnat qilish, erkin kasb tanlash, mulkdor boʻlish, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish, qariganda yoki mehnat layoqatini yoʻqotganda ijtimoiy taʼminot olish, fikrlash, soʻz va eʼtiqod erkinligi, saylash va saylanish kabi huquqlarga ega boʻladi. Tenglikning mantiqiy maʼnosi ayniyat bilan mos keladi. Formal mantiqdagi ayniyat qonuniga koʻra, agar fikrlar bir xil hajmga ega boʻlsa teng fikrlardir, agar bildirilgan fikrlar mazmun jihatidan oʻzgarmay qolsa ham, teng fikrlardir. Tenglik deganda, mamlakatimiz xalqlarining barcha sohalardagi amaliy tengligi ham tushuniladi. Tenglik yoʻq joyda samimiy doʻstlik ham boʻlmaydi. Hayotda odamlarning chin doʻst boʻlishlari uchun, avvalo, ular oʻzlarini bir-birlariga teng va munosib koʻrishlari kerak. Mustahkam doʻstlik esa ham moddiy, ham maʼnaviy sohalardagi tenglik va oʻzaro mutanosiblik poydevoriga quriladi.
Mustaqillikni mustahkamlash yoʻlida milliy munosabatlardagi amaliy tenglik masalasi ham katta ahamiyatga ega. Kichik millatlarga past nazar bilan qarash, ularga ishonmaslik va ularni katta millatlarga mute qilib qoʻyish kabi adolatsizliklar tengsizlik koʻrinishlaridir. Tenglik insonlarning bir jamiyatda yashashlari jarayonida oʻzaro bir-biriga teng mehr-muhabbatli, rahm-shafqatli, qadr-qimmatini joyiga qoʻyish, hurmat-iltifot koʻrsatish, or-nomusini himoya qilish, nafsoniyatini poymol qilmaslik va shu kabi barchaga baravar tarzda insoniy, samimiy muomala-munosabatlari bilan izohlanadi. Tenglikning toʻlaqonli, barqaror boʻlishi insonlar, millatlar oʻrtasida toʻla tenghuquqlilikka erishishda ham ifodalanadi. Tenglik boʻlmagan jamiyatda adolatsizlik hukm suradi. Har bir millat asrlar davomida yaratgan milliy madaniyatlari, qadriyatlari orqali mamlakatimizning maʼnaviy birligini oziqlantiradi. Chunki, milliy ildizga ega boʻlgan maʼnaviyatgina boshqa millatlarni boyitadigan madaniy oziq beradi. Har bir xalqda oʻz milliy maʼnaviyati va qadriyatlarini yaxshi biladigan, ularni adabiyot, sanʼat, fan, matbuot vositasida boshqa xalqlarga yetkazib bera oladigan fozil odamlar bor. Oʻz xalqining noyob qadriyatlari, maʼnaviy merosini eʼzozlab, boshqa xalqlarga ham yetkazib bera oladigan bunday fozil kishilar millatlarning oʻzaro yaqinlashuviga, ular oʻrtasidagi maʼnaviy tenglikning mustahkamlanishi va davomiyligini taʼminlashga xizmat qiladi. Millat, elat bor ekan, uning shaʼni va shavkatini himoya qilish, shu jarayonda jahon hamjamiyatida har bir millat oʻz munosib oʻrniga ega boʻlishi uchun kurashuvchi fidoyi insonlar maydonga chiqadi. Bunday insonlarning saʼy-harakati, jasorati tufayli millat oʻz mustaqilligiga ega boʻlib, tenglar ichida teng yashash imkoniyatini qoʻlga kiritadi. Tenglik boʻlmagan joyda insonning nohaq kulfat chekishi, badnom boʻlishi, sogʻligʻini yoʻqotishi, oila aʼzolarining behisob mashaqqatlarga duchor boʻlishi, adolatga ishonchining soʻnishi, ruhiy tushkunlikka, kelajakdan umidsizlanish kabi iztirobli holatlarning yuzaga kelishi shubhasizdir.
Oilada ota-ona farzandlarining barchasiga moddiy va maʼnaviy jihatdan teng muomala-munosabatda boʻlmasligi oxir-oqibat farzandlar oʻrtasida ahillik, oilada esa tinchlik, osoyishtalikning buzilishiga olib keladi. Ota-ona farzandlarining tarbiyasi jarayonida ularning hammasiga baravar-teng tarzda maʼnaviy-ruhiy ozuqa, yaʼni mehr-muhabbat, gʻamxoʻrlik, hamdardlik koʻrsatishlari, ularni tushunishga harakat qilishlari ham toʻgʻri tarbiyalash mezonlariga kiradi. Jamoada rahbarning xodimlarga nisbatan tenglik munosabati ularning moddiy va maʼnaviy teng huquqliliklarini taʼminlashi, barchaga teng ish sharoitlari yaratishi, oshna-ogʻaynigarchilik bilan oʻziga yaqin odamlarga alohida eʼtibor qaratmasdan, balki barchaga baravar insoniy muomala qilishi, kasb axloqi, jamiyatda qabul qilingan qonunlar va adolat ustuvorligiga rioya etishida namoyon boʻladi. Qurʼoni Karimda shunday bayon qilingan: “Kim biron yomonlik qilsa, unga (oxiratda oʻsha yomonligi) barobarida jazo berilishi aniqdir. Va erkakmi, ayolmi kim moʻmin boʻlgani holida biron yaxshilik qilsa, ana oʻshalar jannatga doxil boʻlurlar (va) u joyda ularga behisob rizq berilur”. Yaxshi amallar qilgan insonga koʻrsatiladigan marhamatlar, moddiy va maʼnaviy ragʻbatlar, hadyalar, albatta, yomon amallar qilgan insonga ravo koʻrilmasligi – bu tenglikning buzilishi hisoblanmaydi. Zero, yomon amallar qilguvchi kishi bilan yaxshiliklar qilguvchi kishiga bir xilda marhamat koʻrsatilmasligi adolatdandir.
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Hikmat
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q