Tahdid


Saqlash
11:11 / 02.11.2023 0 3049

Tahdid – inson, jamiyat va davlat hayoti hamda faoliyatiga nisbatan muayyan davr mobaynida aniq maqsadga yoʻnaltirilgan mahalliy, hududiy, mintaqaviy va umumsayyoraviy salbiy omillarning tajovuzi tufayli aniq makon va zamonda vujudga keladigan xavf-xatar shakli, muayyan beqaror siyosiy-ijtimoiy va tarixiy vaziyatni ifodalovchi tushuncha. Tahdidlar turli-tuman: ichki, tashqi, makon nuqtai nazaridan esa uzoq va yaqin boʻlishi mumkin. Soʻnggi yillardagi voqealar shundan guvohlik beradiki, ularni iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, ekologik, demografik, maʼnaviy, mafkuraviy, harbiy, tabiiy-iqlimiy tahdidlarga ajratib, tahlil etish mumkin. Yer yuzining turli mintaqalarida sodir boʻlayotgan, butun insoniyatga xavf solib turgan turli noxush hodisalarni tahlil qilgan sari, ularning barchasida inson omili bosh sababchi ekani oydinlashadi. XXI asr boshidagi tarixiy tajriba shundan dalolat beradiki, muayyan davlat va millat xavfsizligi, barqarorligi, taraqqiyoti hamda istiqboli koʻp jihatdan mazkur millatga xavf solayotgan xavf-xatar va tahdidlarni anglab yetish salohiyati va qobiliyati darajasiga bogʻliqdir. Tahdidga nisbatan befarqlik, loqaydlik oqibatida tanazzulga uchragan davlatlar ham boʻlgan. Aksincha, boqiylikka daxldor millatlar ham borki, ular muvaffaqiyatining asosiy omili boʻlgʻusi tahdidni oldindan sezib, unga oʻz vaqtida javob qaytargani bilan belgilanadi. Tahdidli ijtimoiy-siyosiy vaziyatni vujudga keltiradigan turli xavf-xatarlar hamda ularni bartaraf etish muammosi buyuk ajdodlarimizning siyosat ilmiga doir fikr va xulosalarida oʻz aksini topgan. Tahdidni yuzaga keltiradigan manbalarni ildiz otmasdan bartaraf qilish, unga nisbatan doimo ogoh, hushyor boʻlish, gʻofillikka yoʻl qoʻymaslik haqidagi fikrlar alloma ajdodlarimizning siyosiy tafakkuridan keng oʻrin olgan muhim jihatlardir. Bu borada mutafakkir Abu Nasr Forobiyning “Davlatni aql-idrok bilan boshqarish – xalq boshiga tushgan xavf-xatarni kamaytirish va bartaraf etishdan iboratdir”, degan hikmatli fikrlarini alohida taʼkidlab oʻtish joiz (Forobiy A.N. Fozil odamlar shahri. T., 1993.).

 

Buyuk ajdodlarimiz nazdida, yurtga boʻladigan ichki va tashqi xavf-xatarlarga nisbatan ogoh boʻlish muhim tamoyil darajasiga koʻtarilgan hamda ularning oldini olishning asosiy shartlaridan biri boʻlgan. Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” asarida taʼkidlanganidek, “Beklik muqaddaslik va poklikni talab etadi. Hushyorlik, sergaklik u qoʻygan talablar qatorining boshida turadi. Bek sogʻ, hushyor, sergak boʻlishi lozim. Ular gʻofil boʻlsa, balo yondashadi. Qaysi bek hushyor boʻlsa, elini mustahkamlaydi, yov boʻynini yanchib, uning ustiga balolar yogʻdiradi. Yov boʻynini yanchib tashlashni istagan kishi tunda ham, kunduzi ham qulogʻini sogʻ-hushyor tutishi lozim. Hushyorlik tufayligina yovni yengish mumkin, gʻofillik beklik bogʻini buzadi” (Yusuf Xos Hojib. Qutadgʻu bilig. T., Fan, 1971.). Jaloliddin Davoniy esa, yurt xavfsizligini asrashni davlat siyosatining bosh yoʻnalishiga aylantirish gʻoyasini ilgari suradi. Ulugʻ oʻtmishdoshlarimiz mamlakatga boʻladigan turli xavf-xatarlarning ijtimoiy hodisa ekanligidan kelib chiqib, saltanat boshliqlarini davlatning xavf-xatarga doimo javob berishga tayyorligini uni idora etishdagi mukammallik belgisi deb hisoblab, tahdidga nisbatan, davlat boshqaruvi tizimida yalpi boxabarlik holatini qaror toptirish masalasiga katta eʼtibor bergan (Oʻrta Osiyo mutafakkirlari, allomalari. T., Fan, 2001.). Jumladan, Amir Temur oʻz saltanatini idora etishda barcha voqea-hodisalar, ijtimoiy-siyosiy jarayonlardan yetarli darajada boxabar boʻlib turish masalasiga alohida eʼtibor qaratgan. Real xavf-xatarlarni oldindan koʻra bilish, uning xavflilik darajasini aniqlash maqsadida Sohibqiron muntazam, uzluksiz ishlaydigan, oʻz davri darajasidagi axborot tizimini shakllantirishni bosh vazifa qilib qoʻygan.

 

“Har bir diyor aholisining ahvolidan ogoh boʻlib turdim. Har bir mamlakat ahvoli, sipohu raiyatning kayfiyatini, turish-turmushini, qilmish-qidirmishlarini, bular oʻrtalaridagi aloqalarini yozib menga bildirib turish uchun diyonatli, toʻgʻri qadamli kishilardan voqeanavislar belgiladim”, deyiladi “Temur tuzuklari”da (Temur tuzuklari. T., 1996.). Amir Temur mamlakat ichkarisida ham, tashqarisida ham yuz berayotgan kattayu kichik voqea-hodisalar haqida xabar berishlarini talab qilgan va buni davlat xavfsizligini taʼminlashning muhim chorasi deb hisoblagan hamda saltanat barqarorligiga qaratilgan chora-tadbirlarni koʻrishda mablagʻni ayamaslikka daʼvat qilgan. Buyuk ajdodlarimiz jamiyatga nisbatan davr oʻrtaga qoʻygan talablar mohiyatini anglab yetishga intilib kelgan. Bunda tahdidli vaziyatning kelib chiqishiga sabab boʻladigan ichki omillar tahlili, chiqarilgan xulosalar ularning faoliyatida alohida oʻrin egallaydi. Jumladan, davlat siyosatidagi sogʻlom fikrlilik, uning davr muddaosi bilan hamnafas boʻlishiga doir masalaga ham eʼtibor berilgan. Bunda saltanat rahbari tomonidan oʻz zimmasiga yuklangan burch va masʼuliyatni chuqur anglash, raiyat tinchligi, omonligini saqlash uchun murakkab jarayonlar tizginini qoʻldan bermaslikka intilish, davlat rahbarining butun fikru zikri jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni saqlashga xizmat qiladigan vositalarni izlab topishga qaratilmogʻi kerak, degan xulosaga kelingan. Maʼlumki, jahonda vujudga kelgan murakkab vaziyat tufayli hozirgi davrning maʼnaviy-mafkuraviy tahdidlari tuzilishi yanada kengayib ketdi. Zamonaviy mafkuraviy tahdid omili siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va maʼnaviy sohalarni, yaʼni kishilik jamiyati hamda hayotining barcha sohalarini qamrab olgan. Ayni paytda maʼnaviy-mafkuraviy tahdid orqali koʻzlangan maqsadlarga erishishda maʼnaviyat omilidan asosiy mexanizm sifatida foydalanilmoqda. Mazkur holat maʼnaviy tahdidlarga qarshi kurash samaradorligini oshirish uchun koʻplab nazariy muammolarni hal qilishni ham nihoyatda dolzarb vazifa qilib qoʻymoqda. Maʼnaviy tahdid oʻz mohiyatidan kelib chiqib, eng avvalo, inson ongi, tafakkuri va xulq-atvoriga xavf-xatar solmoqda. Inson ongi va qalbini vayronkor va buzgʻunchi gʻoyalar bilan izdan chiqarishga harakat qilish uning eng asosiy mazmun-mohiyatini belgilaydi.

 

Mafkuraviy tahdid esa muayyan jamiyat aʼzolarini yagona maqsad va muddaolardan chalgʻitib, milliy mentalitetga mos kelmaydigan begona gʻoya, fikr, maqsad va qarashlarni chetdan turib eksport qilish jarayonida oʻzini yanada aniqroq namoyon qiladi. Mafkuraviy tahdidning oʻta xavfli jihati shundan iboratki, u birinchi navbatda, jamiyatning maʼnaviy sohasini barbod qilishga yoʻnaltirilgan. Chunki aynan maʼnaviy soha har qanday jamiyatning mavjudligi, yashovchanligini taʼminlaydigan asosiy oʻzak hisoblanadi. Bugun maʼnaviy-mafkuraviy tahdidlarning turli xil usul va vositalari ishlab chiqilmoqda. Kishi xayoliga kelmaydigan oddiy gugurt qutisidan tortib, ustimizdagi kiyimlar, oziq-ovqat mahsulotlari, kino filmlarning har birida muayyan tarzda katta yoki kichik boʻlsa-da, maʼnaviy-mafkuraviy tahdid mavjud. Buning xatarli tomoni shundaki, maʼnaviy-mafkuraviy tahdid targʻibotchilari oʻz maqsadlari yoʻlida juda katta miqdorda mablagʻ sarflashmoqda. Masalan, bugun AQSHda taʼlim sohasiga nisbatan reklamaga 1,5-marta koʻp mablagʻ sarflanmoqda. Maʼlumki, har qanday millatning, jamiyatning inqirozga yuz tutishiga, birinchi navbatda, maʼnaviyat omilining susayishi sabab boʻladi. Hozirgi vaqtda turli toifadagi dushmanlarimizning maʼnaviyatimizga nisbatan xuruji quyidagi koʻrinishlarda yuz bermoqda: ekstremistik ruhdagi diniy gʻoyalarni tiqishtirishga intilish; milliy taraqqiyot modeliga aholi oʻrtasida ishonchsizlik uygʻotish; demokratiya qadriyatlari va demokratik taraqqiyot imkoniyatlariga nisbatan shubha bilan qarash holatini vujudga keltirish; odamlar ongini ezgu gʻoyalardan chalgʻitish; Gʻarbga xos boʻlgan dunyoqarash va xulq-atvor normalarini tiqishtirishga harakat qilish; jamoaparvarlik, ijtimoiy hamkorlik ruhini inkor etib, individualizm gʻoyalarini sunʼiy ravishda tiqishtirish; xayoliy farovon turmush tarzini vaʼda qilish; jamiyatni fikrsizlikka undash; jamiyat aʼzolari, ayniqsa, yoshlar tafakkurida milliy qadriyatlarga sodiqlik tuy gʻularini zaiflashtirish, xalqimiz urf-odatlari, milliy mentalitetiga begona odatlarni kiritishga intilish. Gʻarazli maqsadlarni koʻzlovchi siyosiy kuchlar mafkuraviy xurujlarni amalga oshirishda eng zamonaviy axborot tarmoqlari, sanʼat, adabiyot, reklama, OAVdan iborat yaxlit bir tizimdan foydalanmoq da. Shu bois jamiyatimizda maʼnaviy xavfsizlikni taʼminlash masalasiga keng qamrovli, sifat jihatidan butunlay yangi asoslarda yondashish davrimizning eng asosiy muddaosini tashkil etadi. Chunki oʻz maʼnaviy xavfsizligini taʼminlay olgan jamiyatninggina umri boqiy boʻladi. Xavfsizlikni taʼminlash har birimizning burchimizdir.

 

Maʼnaviy xavfsizlikni taʼminlashda quyidagilarga eʼtibor berish maqsadga muvofiq: milliy maʼnaviy qadriyatlarni asrab-avaylash; yoshlarni milliy ruhda tarbiyalash; xorijiy sanʼat namunalarini muntazam ekspert qilib borish; maʼnaviy daxlsizlik masalasini qonunlashtirib qoʻyish; inson irodasini chiniqtirib borish; targʻibot ishlarini zamonaviylashtirib borish. Zero, “maʼnaviy xavfsizlik” tushunchasi jamiyat aʼzolarining milliy, insoniy va shaxsiy tuygʻulari, qarashlari, turmush-tarzi, qadriyatlari hamda urf-odatlarini daxlsiz saqlashni anglatadi. Bugungi davr voqeligi har bir masalada yangicha tamoyillar asosida ham yondashishni taqozo etmoqda. Muayyan tushuncha, gʻoya yoki tamoyillarni anglab olishishning bir qismi, xolos. Shu maʼnoda, maʼnaviy tahdidlarga qarshi kurashda amaliy ishlarga eʼtibor berish asosiy masaladir. Buning uchun jamiyat aʼzolarida maʼnaviy immunitetni hosil qilish kerak. Oʻz taqdirimizni oʻzimiz belgilashimiz, istiqlol bergan erk va ozodlikni bugungi murakkab va baʼzan shafqatsiz dunyoda boʻlayotgan turli xavf-xatarlardan saqlash har birimizga bevosita bogʻliq. Agar bu fikrni tahlil qiladigan boʻlsak, birinchidan, biz yashab turgan dunyo mustaqilligimiz va taraqqiyotimiz uchun turli xil tahlikalarga toʻlib-toshganligini anglab yetish qiyin emas. Ikkinchidan, koʻp jihatdan bizning xohish-irodamizga boʻysunmaydigan ijtimoiy, umumjahon rivojlanish jarayonlari mamlakatimiz fuqarolari oldiga gʻoyat masʼuliyatli talablar qoʻyayotgani bois, turli tahdidlarning oldini olish va barqarorlikka erishish yoʻlidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish har birimizning maʼnaviy olamimizga bogʻliq ekani toʻgʻrisida aniqroq tasavvurga ega boʻlamiz. Demak, xalqaro axborotlashuv mamlakatlar oʻrtasidagi aloqalarni tezlashtirish bilan bir qatorda, afsuski, milliy, mintaqaviy va global xavfsizlikka nisbatan yangi tahdidlarni vujudga keltirmoqda. Mazkur tahdidlar olimlarning Xalqaro Federatsiyasi tomonidan XXI asrdagi insoniyatga nisbatan boʻlgan eng yetakchi xavf-xatar omili deb eʼtirof qilinishi ham bejiz emas. Xulosa shundan iboratki, xalqaro xavfsizlik ham, alohida olingan mamlakatlarning tinchligi ham tahdidbardosh jamiyat yaratishga koʻp jihatdan bogʻliq. Jamiyatning axborot xavfsizligi, oʻz navbatida, toʻgʻridan-toʻgʻri turli tahdidlarning oldini olish, ularga qarshi immunitet hosil qilishni anglatadi. Mustaqillikni mustahkamlash, tinchlik va barqarorlikni asrashga alohida eʼtibor berish har birimiz uchun dolzarb masala ekanini anglab olish lozim.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:10 / 07.10.2024 0 152
Mushuk va shumshuk

Bilasizmi?

14:09 / 16.09.2024 0 290
Tol va kanizak

Bilasizmi?

11:09 / 16.09.2024 0 390
Avtobiografiya va memuar: ular qanday farqlanadi?



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 215877
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 101225
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 27799
Milliy urf-odatlar

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 25868
Kompetentlik

Qomus

12:09 / 18.09.2023 0 20450
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 19716
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:05 / 03.05.2023 1 19675
Alpomish

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 18932
Manqurt(lik)

//