Targʻibot


Saqlash
17:10 / 27.10.2023 0 828

Targʻibot (arabcha qiziqtirish, tarqatish) – 1) keng maʼnoda, ijtimoiy faoliyatning alohida turi boʻlib, aholining ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish maqsadida ilmiy, badiiy, ijtimoiy-siyosiy, milliy gʻoya va qadriyatlarni targʻib etishdir. Targʻibot jarayonida fan, sanʼat, siyosiy va mafkura yutuqlari keng ommalashtiriladi, boyitiladi va yanada rivojlantiriladi; 2) tor maʼnoda, mafkura va siyosatni targʻib etishga qaratilgan faoliyat. Targʻibot ilmiylik, konkretlilik, obyektivlik, ijtimoiy hayot bilan chambarchas bogʻliqlik tamoyillariga asoslanishi, tashkiliy jihatdan uyushgan boʻlishi lozim. Targʻibot davlat va jamiyat manfaatlarini ifoda etib, adolatli jamiyat qurish haqidagi gʻoyalar va mafkuralarni omma orasida yoyish, kishilarga gʻoyaviy-siyosiy taʼsir koʻrsatish vositasidir. Targʻibotning eng muhim vazifasi xalqaro va mamlakat ichida yuz berayotgan hayotning barcha sohalaridagi ilgʻor tendensiya va voqealarni muntazam ravishda tahlil etish, jamiyat taraqqiyotidagi dolzarb muammolar yechimini topish, taraqqiyot kafolatlarini belgilovchi tamoyillarni aholi qalbi va ongiga singdirishdan iborat. Targʻibot maʼlumotlarning serqirraligi, yangiligi bilan aholini islohotlarni amalga oshirishga chorlaydi.

 

Hozirgi davrda mafkuraviy kurashning avj olishi targʻibotni gʻoyaviy-siyosiy taʼsir quroliga aylantirmoqda. Tprgʻibot jamiyat hayotining barcha sohalarini qamrab olsa-da, aslida aholining ayrim tabaqalari uchungina moʻljallangan boʻlishi ham mumkin. Mamlakat miqyosida insonparvarlik, vatanparvarlik, axloqiy poklik, ilmiy dunyoqarash, diniy bagʻrikenglik kabi fazilatlarni shakllantirishda targʻibot muhim ahamiyat kasb etadi. Jahon tajribasi targʻibot faqat ijobiy (pozitiv) tushuncha ekan degan xulosaga kelish toʻgʻri emasligidan dalolat beradi. Chunki targʻibot jarayonida aholini chalgʻituvchi maʼlumotlar berilishi, dalillar keltirilishi, axborotlar tarqatilishi ham mumkin. Bu keng jamoatchilikni sarosimaga solib qoʻyadi. Shuning uchun ham targʻibotni pozitiv (konstruktiv) va negativ jihatlari alohida qayd etiladi. Pozitiv targʻibot shaxs dunyoqarashi, jamiyat barqarorligi, davlat tinchligi va oxir-oqibat har bir mamlakatning maʼnaviy, siyosiy, iqtisodiy, madaniy yuksalishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Targʻibot jarayonida turli gʻoyalarni farqlash, yaxshilarini oʻzlashtirish va zararlisini rad etish uchun inson ongi, tafakkuri va maʼnaviyati rivojlangan, uning oʻzi esa mustahkam irodali boʻlishi zarur. Negativ targʻibot esa insonlarni chalgʻituvchi turli maʼlumot, dalillarni tarqatishga qaratilgan faoliyat hisoblanadi. Negativ targʻibotda abstrakt, tushunarsiz fikrlash; biron-bir maʼlumot, axborot, dalilni faqat oʻz foydasiga boʻlgan qismini yetkazish; real faktlarni xomaki, voqelikka zid xulosalar bilan yakunlash; oʻz vaqtida javob bermasdan dolzarb muammoni “sovutish” va hokazo aks etadi.

 

Hozirgi zamonda butun dunyoda targʻibotning quyidagi turlari qayd etiladi: aholi orasida ezgu gʻoyalarni yoyishga xizmat qiladigan targʻibot, ijtimoiy ongni turli zararli fikrlardan tozalovchi targʻibot, jamoatchilik fikrini chalgʻituvchi targʻibot, turli buzgʻunchi gʻoyalarni targʻib qiluvchi targʻibot va hokazo. Odatda, targʻibotchilar bir voqeani, bitta dalilni shunday talqin qila oladiki, undan keng omma ijobiy yoki salbiy xulosa chiqarishi mumkin. Shunday ekan, targʻibotchilarning xolislik, haqiqat tamoyillari asosida ish olib borishlari jamiyat barqarorligini taʼminlash va maʼnaviy yuksalishda nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Bugun mamlakatimizda ezgu gʻoyalarga xizmat qiluvchi targʻibotning ana shu jihatiga alohida eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

15:07 / 10.07.2025 0 200
Ozodlik haykaliga kimning yuz qiyofasi olingan?

Hikmat

10:07 / 03.07.2025 0 141
Armon bobo

Bilasizmi?

16:07 / 02.07.2025 0 118
Yelib keldi

Bilasizmi?

10:05 / 20.05.2025 0 569
Farzand nega tirnoqqa o‘xshatiladi?



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 225826
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 108304
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 55962
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 41324
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 40652
Xarakter

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 31927
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 31008
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 30683
Alpomish

//