Bilasizmi?
Tarixiy haqiqat – tarixda yuz bergan biror hodisa yoki voqealarning qachon, qanday obyektiv va subyektiv shart-sharoitlar asosida yuz berganligini ilmiy manbalar asosida aniq aks ettirgan bilimlarni anglatuvchi atama. Tarixiy haqiqatning buzilishi tarix sahifalarida “oq dogʻlar” va “qora dogʻlar”ning paydo boʻlishiga olib keladi. Bu esa tarixning notoʻgʻri yozilishiga sabab boʻlib, oʻtmishdagi tarixiy voqea va hodisalarni bilishda notoʻgʻri yoki bir tomonlama qarashlarning qaror topishiga sabab boʻladi.
Tarixni anglash va qadrlash – yuksak maʼnaviyat tuygʻusini shakllantirishga qaratilgan, tarix saboqlarini, el-yurt kelajagi yoʻlida umr kechirgan insonlar, buyuk allomalar faoliyatini anglash, xotirlash, ularga yuksak ehtirom koʻrsatish, shu tarixni yaratgan xalq shaʼnini himoya qilish orqali bugungi kun va kelajakni qadrlashni ifodalovchi tushuncha. Odamzod oʻzining kechagi kunini xotirlay olsagina, tarixdan zarur xulosa va saboq chiqarib, uni anglab va qadrlab, ongli hayot kechirishi mumkin. Shuning uchun ham xotira, anglash va qadrlash doimo yonma-yon turadigan, oʻzaro uzviy bogʻliq tushunchalardir. Oʻzlikni anglash tarixni bilishdan boshlanadi. Isbottalab boʻlmagan ushbu haqiqat davlat siyosatiga aylanishi zarur. Ayni chogʻda oʻzlikni anglash insonning oʻz oʻtmishi va ajdodlari tarixini bilish va qadrlashidan boshlanishini uqtirmoqda. Darhaqiqat, oʻzini anglayotgan, oʻzini tushunayotgan har bir odam qanday oilada dunyoga kelgani, oʻz ajdodlari kimlar boʻlgani, ota-bobolari nimalar bilan shugʻullangani va qanday umr kechirganini bilib olishga intiladi. Ularning fazilatlari, qadriyatga aylanib ketgan moddiy va maʼnaviy meroslari bilan faxrlanib yashaydi. Oʻz naslu nasabini bilish, kelib chiqishini oʻrganish har bir kishining bu hayotda omonat yoki tasodifiy emasligini anglashga imkon beradi. Inson tarixni qanchalik keng va chuqur anglasa, insoniyat olamiga shunchalik koʻproq qiziqadi, uni tushunish va mazmun-mohiyatini anglashga, inson va hayot, insoniyat va mavjudot oʻrtasidagi munosabatlarni oʻrganishga, xullas, insoniyat tarixi bilan qiziqishga harakat qiladi. Aksincha, u oʻz tarixini qanchalik unutsa, oʻzligini shunchalik unutadi. Bunday hodisa bashariyat tarixida – turli makon va zamonda, turli holatlarda yuz bergan. U odamzodni hayotni tushunish, qonuniyatlarini bilib olish, olamni anglash va oʻzini oliy mavjudot sifatidagi qadriyatini idrok etish orqali butun insoniyat tarixini anglashga daʼvat etadi. Bunday noyob maʼnaviy-ruhiy ehtiyoj komillik va yetuklikka intilish tuygʻusini uygʻotadi. Ana shu ichki tuygʻu insonning oʻz oʻtmishi, ajdodlari, ulardan qadriyat sifatida qolgan moddiy va maʼnaviy merosga qiziqish bilan qarashni taqozo etadi. Bunday maʼnaviy-ruhiy ehtiyoj uning tarixiy xotirasi teranlashishiga, tarixiy falsafasining shakllanishiga, shu falsafa va tafakkur orqali oʻzining hayotdagi oʻrnini aniq belgilab olishiga imkoniyat yaratadi, istiqbolini koʻra olishga ragʻbatlantiradi. Tarixni bilmagan, anglamagan, uni qadrlamagan, tarixdan saboq olmagan odam nafaqat olis va yaqin ajdodlari qanday yashagani, oʻzi mansub boʻlgan millat qanday shakllangani, balki oʻz kelajagini ham tasavvur qila olmaydi.
Biz oʻz tariximizda hech qachon hech kimga hasad, yovuz niyat bilan qaramaganmiz va boshqalardan ham shuni talab qilishga haqlimiz. Lekin, bu borada ham bizga qarshi qaratilgan maʼnaviy tahdidlar davom etmoqda. Mafkura sohasida yurt ravnaqiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan maʼnaviy tajovuz – bu oʻzbek millati tarixini soxtalashtirish, turli xil gʻayriilmiy talqinlar, siyosiy shiorlar bilan bizni tariximizdan, sharafli oʻtmishimizdan judo qilishga urinish tarzida namoyon boʻlmoqda. Bunday sharoitda barchamiz xalqimiz va yurtimizni, mustaqillikni asramogʻimiz lozim, buning uchun esa uning haqiqiy tarixini oʻrganish, avaylab himoyalash lozim. Qadrlash degani – bu asrlar davomida ona yurtimizni, xalqimiz ozodligi va istiqlolini, erkin va farovon hayotini mardlik va shijoat bilan himoya qilgan fidoyi vatandoshlarni yodga olmoq, ularga munosib hurmat va ehtirom koʻrsatmoqdir. Shu sabab ham maʼnaviyatning ajralmas tarkibiy qismi boʻlgan tarix fani istiqlol yillarida oʻzining haqiqiy vazifasini ado etishga – xalqning oʻzligini anglatishga xizmat qilishga kirishdi. Tarixiy xotirasiz kelajak yoʻqligi, tarix millat uchun ruhiy oziq ekanligi, haqqoniy tarixni tiklash, uning rivoji uchun barcha zaruriy shartsharoit, imkoniyatlar yaratildi. Kun tartibiga haqqoniy tarixni birlamchi manbalar asosida yaratish, uni xolisona talqin etish, bahs-munozaralar asosida tarixiy haqiqatni tiklash vazifasi qoʻyildi. Tarix va hozirgi zamon voqeliklariga murojaat qilish bizning ijtimoiy tafakkurimizdan hayotni idrok etishning mavhum va aqidaparastlik qoliplarini yengib oʻtishni, mustaqil fikr yuritish va sodir boʻlayotgan jarayonlarni xolisona baholay olish qobiliyatini talab etadi. Qotib qolgan eski aqidalardan voz kechish – tarix va oʻtmishdan voz kechish degani emas. Kechagi hayotdan, tarixdan hech qachon voz kechib boʻlmaydi. Tarix qanday boʻlmasin, biz uchun hayotdan saboq va xulosalar chiqarish uchun xizmat qiladi.
El-yurt taqdiriga daxldor tarixiy adolatni tiklash, xalq va millat oʻtmishidagi yopiq sahifalarni toʻla ochib berish, shu tarixdan saboq chiqarib, bugun va kelajakka ongli qarashni shakllantirish el-yurt uchun ham qarz, ham farz hisoblanadi. Yurtning, tarixning muqaddasligi nima bilan belgilanadi? Butun umrini imon va eʼtiqod, adolat va diyonat yoʻlida fido etgan zotlarning moʻtabar xoklari makon topgan zamingina muqaddasdir. Agar shunday ajdodlar boʻlmasa, ular dahosining nafasi sezilib turmasa, har qanday zamin oddiy tuproq boʻlib qolaveradi. Shu sabab ham tarixiy yodgorliklarni tiklash – bu faqat tegishli mablagʻ va kuch-imkoniyat topishdangina iborat emas, balki, birinchi galda, ilmiy yondashuvni, nozik did va mahoratni, chuqur bilim, tajriba va yuksak salohiyatni, maʼnaviy poklikni talab qiladigan murakkab sohadir. Dunyo oʻtkinchi. Doʻppini bir bor aylantirguncha oradan shitob bilan yillar oʻtib ketadi. Tarixini, oʻzligini anglab yetgan, qalbiga quloq solgan har bir inson oʻziga, men bu foniy dunyoda nima ish qildim, yana qanday ishlar qilishga vaqtim va qurbim yetadi, degan savolni berishi kerak. Ana shu savol inson qalbini tozalaydi, uni savobli, ezgu ishlarga chorlaydi. Xullas, maʼnaviyatda insonning imon-eʼtiqodi, axloqi, tarix, hayot maʼnosini qanday tushunishi, ichki dunyosi namoyon boʻladi. Vatan, tarix, xalq oldidagi burchni anglash ham yuksak maʼnaviyat belgisidir. Maʼnaviy barkamol inson – oʻzining savobli ishlari bilan kechirgan hayotidan rozi ketadi. Tarixiy qadriyatlarga, ularni elga qaytarish, tanitishga harakatlardan koʻzda tutilgan maqsad shuki, har bir inson oʻz umrini tabarruk zotlar kechirgan hayot bilan taqqoslar ekan, koʻnglidan men ana shu salaflarimizga munosib vorismanmi, degan savol oʻtsin. Ular shu qadar buyuk meros qoldiribdi, mendan nima qoladi, degan tuygʻu bilan oʻz faoliyatini baholasin. Aynan yuqoridagi sabablarga koʻra, tarixni bilish va qadrlash milliy oʻzlikni anglash hamda maʼnaviyat yuksalishi bilan uzviy bogʻliq masala hisoblanadi.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q