Tarixiylik


Saqlash
16:10 / 27.10.2023 0 795

Tarixiylik – oʻtmishda sodir boʻlgan har qanday voqea, hodisa, jarayonni konkret tarixiy vaziyatda, muayyan shart-sharoit, avvalgi va boʻlajak voqealar bilan uzviy aloqada tadqiq etish, oʻrganish, anglash va undan toʻgʻri xulosa chiqarishni talab etadigan ilmiy tamoyilni ifodalovchi atama. Tarixiylik oʻtmishda va bugungi kunda sodir boʻlayotgan voqea, hodisa, jarayonlarning odamlar ongida qanday aks etishi, tarixiy adabiyotlar orqali ijtimoiy-tarixiy rivojlanish jarayonini kuzatish, jamiyat rivojining turli bosqichlarida tarixiy bilimlarning oʻsib borish jarayonini kuzatish imkonini beradi. Tarixiylik maʼlum bosqich yoki davrda ijtimoiy-siyosiy, mafkuraviy muhitning hayotga taʼsirini, u yoki bu yoʻnalishdagi rivojlanish va tanazzulga yuz tutish sabablarini aniqlaydi. Tarixiylik tadqiqotlarning qator tahliliy usullarida oʻz aksini topadi. Qiyosiy tarixiy usul turli tarixiy davrlarda tarixiy maʼlumotlar qanday paydo boʻlishi, harakatlanishi, oʻzgarishi va rivojlanishi masalalarini oʻrganishda qoʻl keladi. Bu usul jamiyat taraqqiyotida tarixiy fikrlarning paydo boʻlishi va rivojlanish jarayonini aniqlashda qoʻllanadi.

 

Aniq tahliliy usul voqea-hodisalar tafsilotining kelib chiqish sabablari, rivojlanish jarayonini nazariy va faktik materiallarning oʻzaro aloqasida tahlil qiladi, ularning fanda qanday yoritilganligini oʻrganadi. Mantiqiy tahliliy usullar tarixiy jarayonlar, muammolarning oʻziga xos xususiyatlari, tuzilishi, boshqa tarixiy hodisalar bilan bogʻliqligini oʻrganishda qoʻllanadi. Boshqacha ifodalaganda, bu usul maʼlum bosqich yoki davrda tarix fanining rivojini jamiyat taraqqiyotining asosiy yoʻnalishi bilan bogʻliqlikda ifodalaydi. Xronologik usul voqea, hodisa, jarayonlar haqida turli bosqich yoki davrda toʻplangan tarixiy fakt va dalillarni oʻzaro bogʻliqlikda oʻrganishda qoʻllanadi. Bu esa turli zamonda ilmiy fikrlarning harakati, muammoga yondashuvda konsepsiyalar, qarashlar, gʻoyalarning oʻzgarib borishini xronologik tartibda takroriy yoki xilma-xil jihatlarini ochib beradi. Davriylashtirish usulida maʼlum bir tarixiy-davriy chegarada tarix fanining sifat, uslub va xususiyatlarining oʻzgarishiga ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning taʼsiri, har bir yangi bosqichda vujudga kelgan ilmiy gʻoyalarni harakatlantiruvchi omil va yoʻnalishlari aniqlanadi. Retrospektiv tahlil har bir ilmiy adabiyot oʻz davriga taalluqli boʻlib, uning kuchli va kuchsiz jihatlarini oʻzida aks ettirishini hisobga oladi. Bu usuldan foydalangan tarixchining vazifasi oʻzidan avvalgi bosqichlarda yaratilgan ilmiy asarlarni zamonaviy bilimlar nuqtai nazaridan oʻrganish, ularning ijobiy va salbiy jihatlarini tahlil qilishdan iborat. Sobiq ittifoq davrida tarix fani ham buyuk davlatchilik, millatchilik, partiyaviylik, sinfiylik gʻoyalari va tamoyillarining qurboniga aylangandi. Tarixiylik va xolislik tamoyiliga bir yoqlama salbiy asosda yondashilardi.

 

Oʻtmishga, oʻtgan davr tarixiga, boʻlib oʻtgan voqealarga va oʻsha davr arboblariga nisbatan munosabat bildirganda bor haqiqatni ochiq aks ettirish kerak. Bu narsa oʻsha odamlarni badnom qilish, ulardan oʻch olish yoki boshqa maqsadlar uchun emas, aksincha, shu yoʻl bilan, avvalo, yoshlar tarbiyasiga ijobiy taʼsir oʻtkazish, hayotimiz tarixida haqiqatni qaror toptirishga xizmat qiladi. Tarixda iz qoldirgan shaxslar xizmatlari toʻgʻrisida ular hozirgi davr talablariga javob beradigan yangiliklarni bermaganligiga qarab emas, balki ular oʻzlaridan avval oʻtganlarga nisbatan qanday yangiliklar yaratganligiga qarab xulosa chiqarish tarixiylik tamoyiliga xos xususiyatdir. Tarixiylikni vaqtdan ajratib boʻlmaydi. U vaqt, muddat va zamonda yuz bergan va maʼlum bir makonda vujudga kelgan voqea, hodisa, jarayonlar birligini, ana shu zamon va makonda shakllangan anʼanalar, turlicha qarashlar, maʼnaviy-ruhiy hodisalar, ijtimoiy munosabatlar zamirida yotgan maʼlum maqsad va intilishlarni oʻzida mujassam etadi. Noxolislik, sinfiylik, partiyaviylik tamoyillari asosida yoritilgan, soxtalashtirilgan “tarix” kishilarni chalgʻitadi, yoʻldan uradi. Tarixiylik, ilmiylik, xolislik tamoyiliga asoslangan tarix saboqlari insonni hushyorlikka oʻrgatadi, irodasini mustahkamlaydi. Hushyor, irodasi mustahkam, komil insonlargina ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot barpo etish jarayonining fidoyilariga aylanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:03 / 12.03.2025 0 460
Turkistondagi qadimiy ayollar bayrami

Bilasizmi?

10:03 / 03.03.2025 0 111
“Qozondi” fe’lidagi “qozon” haqida

Bilasizmi?

10:03 / 03.03.2025 0 154
Marjumakdan shoʻrva qilib boʻladimi?

Bilasizmi?

15:02 / 28.02.2025 0 134
Maymunjon, parmanchak va boldirgʻon

Bilasizmi?

14:02 / 28.02.2025 0 141
Xoʻjayin boʻlolmagan xoʻjagʻat



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 222531
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 106449
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 46352
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 36126
Xarakter

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 34297
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 29358
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 28226
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 27762
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//