Bilasizmi?
Tarixiy xotira – ajdodlar yaratgan moddiy va maʼnaviy boyliklarni kishilar ongi va kundalik amaliy faoliyatida qayta namoyon boʻlishi, eslanishi, qadrlanishini ifodalovchi tushuncha. Inson oʻzining tarixiy xotirasiga ega boʻlmasdan turib, hayotida sodir boʻlayotgan ijtimoiy oʻzgarishlarning mohiyatini tushunib yetolmaydi, oʻz kelajagini tasavvur qila olmaydi. Shu sababdan ham “Tarixiy xotirasiz kelajak yoʻq”. Tarixiy xotira yuksak maʼnaviyat tamoyillarining shakllanishi va rivojlanishi uchun asosiy manba vazifasini bajaradi. Xuddi shuning uchun ham, hamma zamonlarda xalqning, millatning tarixiy xotirasini mustahkamlash yurtning buyuk allomalari, davlat arboblari diqqat-eʼtiborida boʻlgan. Insoniyat avlodlarining oʻzaro aloqadorligi natijasida vujudga kelgan qadriyatlar, yaʼni ajdodlar va avlodlarning maʼnaviy merosi umuminsoniy madaniy meros xazinasiga qoʻshiladi va asta-sekin tarixiy xotiraga aylanib boradi. Boshqacha aytganda, tarixiy xotira insoniyatning barcha ajdodlarining fikrlari, gʻoya va eʼtiqodlari, orzu-istaklarini oʻzida mujassamlashtiradi. Shuning uchun ham, insonning maʼnaviy yetukligi uning tarixiy xotirasi bilan belgilanadi, yaʼni tarix inson uchun buyuk xotira vazifasini bajaradi. Oʻzligini bilishga intilgan, kelajakka umid bilan qaragan odam, albatta, oʻz tarixini va oʻzining kimlarning nasli va avlodlari ekanini bilishga qiziqadi. Tarixiy ildizini izlagan odam, albatta, bir kun mana shunday savollarga duch keladi va, aminmanki, toʻgʻri xulosalar chiqaradi. Tarixiy xotirasi bor inson irodali insondir. Kim boʻlishidan qatʼi nazar, jamiyatning har bir aʼzosi oʻz oʻtmishini yaxshi bilsa, bunday odamlarni yoʻldan urish, har xil aqidalar taʼsiriga olish mumkin emas. Tarix saboqlari insonni hushyorlikka oʻrgatadi, irodasini mustahkamlaydi. Tarixiy xotiraning muhim vazifasi kishilarda oʻzlikni anglash tuygʻusini tarbiyalash natijasida milliy gʻurur va iftixorni vujudga keltirishdir. Milliy gʻurur va iftixor tarixiy xotira asosida shakllanar ekan, u ajdodlardan qolgan moddiy va maʼnaviy merosning boshqalar oldida nechogʻlik ulkan ahamiyat kasb etishini anglashdan kelib chiqadi va kishida faxr tuygʻusini paydo qiladi, ajdodlaridan, ularning insoniyat tarixidagi xizmatidan gʻururlanadi.
Haqiqatan ham, tarixni bilish va undan ibrat olib yashash kishini hayot qiyinchiliklari va turmush mashaqqatlariga chidamli qiladi, uning kelajakka boʻlgan ishonchini mustahkamlaydi, matonatini oshiradi hamda orzu-umidlar roʻyobi sari muhim maʼnaviy dalda boʻlib xizmat qiladi. Oʻzlikni anglash tarixni bilishdan boshlanadi va oʻzligini chuqur anglagan millatdagina tarixiy xotira ustuvor boʻladi. Bizning yurtimiz dunyodagi eng qadimgi tamaddunlar qaror topgan hududlardan biri hisoblanadi, xalqimiz ham qadimgi Misr, Mesopotamiya madaniyati kabi qadimiy madaniyat oʻchoqlaridan biriga ega. Buxoro, Samarqand, Xiva, Termiz, Shahrisabz, Qoʻqon, Margʻilon kabi bir qator shaharlarga xos uzoq oʻtmish va tarixiy osori-atiqalar buni isbotlab turibdi. Bularning hammasi xalqimiz nechogʻlik qadimiy tarixiy xotiraga ega ekanidan darak beradi. Xalqimizning bebaho yodgorligi boʻlmish “Avesto”ning 2700-yilligi respublikamiz miqyosida keng nishonlandi. Unda bitilgan “ezgu fikr”, “ezgu soʻz” va “ezgu amal” gʻoyalari yoshlarimizni Vatanga sadoqat, xalqiga mehroqibatli qilib tarbiyalashda maʼnaviy asos boʻlib xizmat qilmoqda. Shubhasiz, yurtimizda yashayotgan har bir inson oʻzini shu millat farzandi deb hisoblar ekan, ajdodlarim kimlar boʻlgan, xalqimning ibtidosi qayerda, uning tiklanishi, millat boʻlib shakllanish jarayoni qanday kechgan, degan savollarni oʻziga berishi tabiiy. Nega jahonga Ahmad Fargʻoniy, Muhammad Xorazmiy, Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Naqshband, Amir Temur, Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Bobur kabi buyuk siymolarni bergan bu millatning hayoti doim ham bir maromda kechmadi? Bu xalq nega XVII asrdan boshlab erishgan yuksalishda rajasidan tushib ketdi? Nega soʻnggi uch asr mobaynida boshimiz qoloqlikdan chiqmay qoldi? Nima uchun yana Amir Temur, Ulugʻbek, Navoiy kabi zotlarni bu davrlar koʻrmadi. Ajdodlarimizning qattiq qarshiligiga qaramay, chor Rossiyasining oʻlkamizni nisbatan oson zabt etishida ana shu qoloqlikning ham oʻrni boʻlmaganmikan? Bu qoloqligimizning sabablari baʼzilarning Vatan, xalq manfaatidan koʻra shaxsiy manfaatlarini, oʻz oilalarining tinchligini, huzur-xalovatlarini oʻylashlari sabab boʻlmadimi, kabi savollar ham tabiiy. Bularning oqibatida esa xalqimizdan meros boʻlib qolgan barcha maʼnaviy merosimizni unutayozdik va unga eʼtiborsiz boʻldikki, oqibatda erkimizdan, yeru suvimizdan, barcha boyliklarimizdan va bora-bora esa oʻzligimizdan mahrum boʻldik. Mana shu kabi savollar qarshisida inson xotiraga, tarixiy xotiraga murojaat qiladi va undan kerakli xulosalarni chiqarib oladi. Agar xotira boʻlmasa, ota-bobolarimiz toʻplagan kerakli bilim va tajribalarni bilmasdan, har kuni, har qadamda yangi-yangi muammo va gʻov-toʻsiqlarga duchor boʻlar edik. Jumladan, dahshatli urushlarga boshqa qaytmaslik, umuman, bunday qirgʻinbarotlarni odamzod tarixidan oʻchirib tashlash uchun nima qilish kerak, degan maqsadni oʻz oldimizga asosiy masala qilib qoʻyadigan boʻlsak, uni hal etishda bizga avvalo xotira yordam beradi. Shu sabab ham Mustaqillikning ilk kunlari danoq maʼnaviyat sohasiga alohida eʼtibor qaratildi va kishilarimizni haqiqiy tariximizdan boxabar qilish kunning dolzarb masalasiga aylantirildi.
Tarixni yaxshi bilmasdan turib, yuksak maʼnaviyatga erishish mumkinmi? Albatta, mumkin emas! Oʻz maʼnaviyatini tiklashi, tugʻilib oʻsgan yurtida oʻzini boshqalardan kam sezmay, boshini baland koʻtarib yurishi uchun insonga, albatta, tarixiy xotira kerak. Demak tarixiy xotira bu – avvalo, oʻz xalqi va yurti tarixini chuqur bilish, uni tinimsiz oʻrganish natijasi, oʻzidan ilgari oʻtgan ajdodlarini xotirlash, ularning savobli ishlarini unutmaslik, boy merosini asrab-avaylash tuygʻusi, oʻtmishdan saboq chiqarish, tarixda roʻy bergan voqea-hodisalarni xolisona baholash, ularning oqibatini toʻgʻri tushuntirishga asoslangan maʼnaviy tushunchadir. Tarixiy xotira kelajak oldidagi qarzdorlik, keyingi avlodlar qarshisida oʻz burchini bajarish masʼuliyatini shakllantiradigan tarbiya omili boʻlib, har bir kishi uchun yashash mezoni, yaʼni oʻz faoliyati va ijtimoiy jarayonlar natijalarini oʻtmish bilan qiyoslash, maʼnaviy dunyosi, his-tuygʻulari, maqsad va intilishlarini xolisona baholash uchun asos boʻladigan hayot tamoyillari majmuidir. Har bir xalqning oʻz tarixi, oʻtmishi bor. Istiqlol yillarida xalqimizning tarixiy xotirasini tiklash maqsadida ulugʻ ajdodlarimizning toʻylarini oʻtkazish, koʻhna va navqiron shaharlarimizni obod qilish, yurtimizni dunyoga tanitish uchun turli yoʻnalishda ulkan bunyodkorlik tadbirlari amalga oshirilmoqda. Bu kabi tadbirlardan koʻzlangan maqsadlar, ajdodlarimizning qanchalar buyuk shaxslar boʻlgani, jahon ilm-fani taraqqiyotiga beqiyos hissa qoʻshgani, mintaqamiz jahon sivilizatsiyasining yirik qadimiy oʻchoqlaridan biri ekanini olam ahliga bildirishdan iborat. Shuningdek, bu bobolarimizning gʻayrat-shijoati, yuksak aql-zakovati, tadbirkorlik va elparvarliklari bilan xalqimizga, ayniqsa, oʻsib kelayotgan yosh avlodga hamisha ibrat namunasi boʻlib qoladi. Shoʻrolar davrida Amir Temurning buyuk sarkardaligini tan olgan holda uni yovuzlikda ayblashgan edi. Uzoq yillar mobaynida mustamlaka iskanjasida kun kechirgan xalqimiz oʻz vatandoshini qadrlash, uning tarixiy mavqeini munosib oʻringa qoʻyish imkonidan mahrum boʻlib keldi. Amir Temur nomi tariximiz sahifalaridan qora boʻyoq bilan oʻchirildi, unutishga mahkum etildi. Maqsad xalqimizning yuragidan milliy ong, milliy gʻurur tuygʻusini yoʻqotish, uni qaramlikka, tobelikka koʻndirish edi. Lekin oʻzbek xalqi oʻz ajdodlarini, oʻz bahodirlarini, asl farzandlarini unutmadi, hamisha yuragida, qalb toʻrida saqladi. Bugungi kunda bu ulugʻ ajdodimizning ulkan xizmatlari eʼtirof etilmoqda.
1994-yilda Mirzo Ulugʻbekning 600-yilligi, 2000-yilda islom olamining fiqh ilmi daholari hisoblangan ajdodlarimiz Abu Mansur Moturidiyning 1130-yilligi va Burhoniddin Margʻinoniyning 910-yilligi keng nishonlandi. 1999-yilda xalqimizning mard va jasur oʻgʻloni, millatning jasorat timsoli Jaloliddin Manguberdining 800-yilligi nishonlanib, Urgench shahrida unga monumental xaykal oʻrnatildi. 2000-yilda qadimiy Buxoro va Xiva shaharlarining 2700-yilliklari nishonlandi. UNESСO tomonidan yurtimizda tugʻilib oʻsgan, oʻz ijodi bilan jahon ilm-fani, madaniyati va sanʼati ravnaqiga ulkan hissa qoʻshgan oʻnlab daholarimiz eʼtirof etilgan, 4000 dan ortiq tarixiy obidalarimiz roʻyxatga olingan. Jahon ahlining mamlakatimizga, qadimiy Samarqand, Buxoro, Toshkent, Xiva, Shahrisabz, Qoʻqon kabi shaharlariga boʻlgan qiziqishlari bejiz emas. Ulugʻ ajdodlarimizning ilmiy yutuqlari va kashfiyotlarini tan olish bilan birga xalqimizning bunyodkorlik namunalari boʻlgan obidalari bilan birga mustaqillik yillarida barpo etilgan zamonaviy binolar qatorida Imom Buxoriy majmuasi, Bahouddin Naqshband yodgorligi, Hazrati Imom majmuasi yaratildi. Xullas, istiqlol yillarida xalqimizning tarixiy xotirasini tiklash va takomillashtirish borasida koʻplab ishlar amalga oshirildi. Bu borada hozirgi davrda yurtimiz kelajagini oʻylab zahmat chekkan, Vatanimiz ozodligi yoʻlida kurashgan, millatimiz ravnaqi uchun umrini bagʻishlagan, oʻzidan obod shaharu vohalar, betakror goʻzal yodgorliklar qoldirgan ajdodlarimiz mehnatini yuzaga chiqarish, ularni qadrlash, ruhi poklarini shod qilish, ezgu ishlarini davom ettirish biz uchun, bugungi avlodning zimmasidagi eng katta vazifasidir. Zero, tarixiy xotira har birimizga kuch-qudrat bagʻishlaydi, hayotning ogʻir sinovlarini munosib yengib oʻtishga, taraqqiyotga erishishga yordam beradi.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q