Bilasizmi?
Tarixiy yodgorliklar – xalqlar hayotidagi muhim tarixiy voqealar, jamiyat va davlat taraqqiyoti hamda tarixiy shaxslar, shuningdek, fan, texnika, madaniyat va xalqlarning maishiy turmushi taraqqiyoti bilan bogʻliq binolar, inshootlar, tarixiy joylar va buyumlar. Umumiy xususiyatlariga koʻra, tarixiy yodgorliklar arxeologik, meʼmoriy va mahobatli sanʼat yodgorliklariga boʻlinadi, shuningdek, tarixiy badiiy qimmatga ega boʻlgan yozma yodgorliklar ham unga taalluqlidir. Tarixiy yodgorliklarning turlari nihoyatda xilma-xil. Ularning qadimgilari arxeologiya yodgorliklari jumlasiga mansub boʻlib, bular – koʻhna shaharlar xarobalari, qoʻrgʻonlar, manzilgohlar, mudofaa inshootlarining qoldiqlari, anhorlar, yoʻllar, tosh haykalchalar, tosh bitik va suratlar, buyumlar, aholi maskanlarining tarixiy madaniy qatlamlari va boshqa. Tarixiy yodgorliklar mamlakat, xalq tarixiy-madaniy merosining bir boʻlagi hisoblanadi. Uning tarkibiga muzeylarda namoyish etiladigan tarixiy va madaniy yodgorliklar hamda qoʻzgʻalmas yodgorliklar ham kiradi. Shuningdek, maʼlum sana, voqea va shaxslarni abadiylashtirish maqsadida yaratilgan sanʼat asarlari: haykal, maqbara, qabrtoshi, ehrom, zafar toqi va hokazolar ham tarixiy yodgorliklar sirasiga kiradi. Madaniy va tarixiy yodgorliklarni saqlash vazifasi umumdavlat ahamiyatiga ega boʻlib, u maʼnaviy tarbiyaning asosiy qismini tashkil qiladi. Madaniy va tarixiy yodgorliklar muhofazasi – insoniyat madaniy merosini saqlash va muhofaza qilish yoʻlidagi xalqaro, davlat va jamoatchilik tadbirlari tizimidan iborat. Tarixiy yodgorliklar, meʼmoriy obidalar, adabiyot, tasviriy va amaliy sanʼat asarlari, arxeologik topilmalar, milliy va xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan majmualar va boshqa davlat tomonidan muhofaza etiladi. Madaniy va tarixiy yodgorliklar muhofazasi, asosan, Uygʻonish davridan boshlangan. Buyuk fransuz inqilobi davrida shaxsiy kolleksiyalar natsionalizatsiya qilingan hamda 1793-yili Luvr muzeyini tashkil etish toʻgʻrisida dekret qabul qilingan. XIX–XX asr boshlarida koʻpgina Yevropa davlatlarida tarixiy yodgorliklar davlat muhofazasiga olingan.
II jahon urushidan soʻng UNESCO tashabbusi bilan 1954-yilgi Gaaga konferensiyasida Xalqaro konvensiya va “Qurolli konfliktlar roʻy berganda madaniyat boyliklarini himoya qilish toʻgʻrisida” bayonnoma imzolangan. Madaniy va tarixiy yodgorliklar muhofazasi bilan Xalqaro muzeylar kengashi (1946), Madaniyat boyliklarini muhofaza etish va restavratsiya qilish xalqaro tadqiqot markazi (1959), Yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarni muhofaza etish boʻyicha xalqaro kengash (1965) shugʻullanadi. Oʻzbekiston hududlarida tarixiy yodgorliklarni saqlash ishiga oʻrta asrlarda ham eʼtibor berilgan. Xususan, Amir Temur, Shohrux, Abdullaxon singari hukmdorlar yangi tarixiy inshootlar barpo etish bilan birga, ilgari barpo etilgan tarixiy obidalarini taʼmirlash ishlariga ham ahamiyat berishgan. Shuningdek, noyob tarixiy yodgorliklar hamda nodir qoʻlyozma asarlar saroyga toʻplanib, maxsus muhofaza etilgan. Ammo tez-tez roʻy berib turgan bosqinchilik va oʻzaro urushlar tufayli tarixiy yodgorliklarning aksariyati talon-tarojga uchragan hamda malakatdan tashqariga olib chiqib ketilgan. Ayniqsa chor Rossiyasi tomonidan Oʻrta Osiyoning bosib olinishi chogʻida va mustamlaka yillarida koʻplab tarixiy yodgorliklar metropoliyaga tashib ketilgan. Shundan keyin Oʻzbekistonda tarixiy yodgorliklarni davlat yoʻli bilan muhofaza etish, asosan, XX asrning 20-yillaridan boshlangan. 1920-yili Maorif xalq komissarligi qoshida muzeylar, sanʼat asarlari va qadimgi yodgorliklarni muhofaza qilish Turkiston qoʻmitasi – Turkkomstaris tuzilgan, keyinchalik Oʻrta Osiyoda milliy hududiy chegaralanishdan soʻng bu tashkilot “Sredazkomstaris” deb qayta nomlangan. Lekin shunga qaramasdan Sovet hokimiyati yillarida Oʻzbekistondagi tarixiy yodgorliklar, xususan, tarixiy obidalar muhofazasi qoniqarli boʻlgan deb boʻlmaydi. Aholini oʻz tarixidan uzib qoʻyish va eʼtiqodidan mahrum qilish maqsadida olib borilgan maxsus siyosat oqibatida tarixiy yodgorliklarning asosiy qismi XX asrda vayrona holiga kelib qoldi va maʼlum qismi butunlay yoʻqotildi. Paxtachilikni rivojlantirish shiori ostida koʻplab arxeologik ahamiyatga ega tepalar, madaniy qatlamlar shudgor ostida qolib ketdi. Tarixiy yodgorliklarni asrab-avaylash, ularni keyingi avlodlarga meros qoldirish ishiga tom maʼnoda Oʻzbekiston oʻz mustaqilligini qoʻlga kiritgandan keyin kirishildi.
Hozir tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilish ishi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi huzuridagi madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiyishlab chiqarish Bosh boshqarmasi shugʻullanmoqda. Respublika hududida va chet mamlakatlarda saqlanayotgan noyob qoʻlyozmalar, madaniy, tarixiy yodgorliklar, hunarmandchilik, xalq ogʻzaki ijodi namunalari, sanʼat va badiiy asarlar, teatr-musiqa, qadimgi davlatchilik tarixiga oid hujjatlar, qadimgi cholgʻu asboblarini yigʻish, saqlash va boshqa bilan shugʻullanish maqsadida “Oltin meros” xalqaro xayriya jamgʻarmasi tuzilgan (1999-yil 12-oktabr).
Tarixiy voqelik (yunoncha historia – oʻtmish voqealar haqida hikoya, boʻlgan hodisalar; lotincha realis – haqiqiy mavjud, reallik) – tarixda sodir boʻlgan biror hodisa yoki voqealarni aks ettiruvchi jarayonni anglatuvchi tushuncha. Tarixiy voqelik – aslida oʻzgarmas tushuncha, yaʼni oʻtmishni, insoniyat bosib oʻtgan tarixiy yoʻlni, bu jarayondagi voqea-hodisalarni hech qachon oʻzgartirib boʻlmaydi. Chunki, tarix allaqachonlar roʻy bergan va u orqaga qaytmaydi, yaʼni hech qachon qaytadan sodir boʻlmaydi. Tarixiy voqelik maʼnaviy nuqtai nazardan insonlarning boʻlib oʻtgan voqea-hodisalardan toʻgʻri xulosa chiqarishi masalasida katta ahamiyat kasb etadi. Asosiysi uni qay tarzda oʻrganish, oʻzlashtirish va talqin qilishdadir. Bu borada xolislik, haqqoniylik, ilmiylik asosiy mezon hisoblanadi.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q