Tarbiya


Saqlash
16:10 / 25.10.2023 0 2005

Tarbiya – avlodlararo ijtimoiy-tarixiy va hayotiy tajribani uzatishga xizmat qiladigan, oila, taʼlim muassasalari, ijtimoiy, siyosiy va boshqa tashkilotlar, OAV va boshqa taʼsiri ostida jismonan sogʻlom, maʼnan barkamol insonni shakllantirish va takomillashtirish jarayonini anglatuvchi tushuncha. Tarbiya insonga individual va ijtimoiy, ongli va ongsiz taʼsirlarning yigʻindisini mujassamlashtiradi, yakka kishiga, maʼlum bir jamoaga, xalq yoki millatga qaratilgan boʻlib, davlat va jamiyat qurilishi hamda rivojlanishida muhim ahamiyatga ega. Turli jamoat tashkilotlari, fan, texnika, adabiyot, sanʼat, OAV, radio va TV, targʻibot-tashviqot ishlari ham ijtimoiy tarbiyaga kuchli taʼsir koʻrsatadi. Yosh avlodni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, jismoniy chiniqtirish ham tarbiyaga kiradi. Maʼlumki, tarbiyaning asosiy turlari ikkita: oilaviy va ijtimoiy. Oila tarbiyasi oilada ota-onalar, bobo va buvilar, umuman katta yoshli qarindoshlar tomonidan bolalarni tarbiyalashdir. Azaliy oʻzbek udumiga binoan ota-onalar bilan birga bobo-buvilarning tarbiyaviy taʼsiri kuchli. Chunki hayotliklarida bobo va buvilar oilaning maʼnaviy rahbarlari boʻlishgan. Amir Temur, temuriylar xonadonida oʻrnatilgan tartibga koʻra, shahzodalar tarbiyasi bilan ularning onalari emas, buvilari shugʻullanishgan. Shahzodalar koʻkrakdan ajratilib, esini tanib, oʻzoʻzini eplay boshlagach, buvilari izmiga oʻtkazilgan. Masalan, Mirzo Ulugʻbekning onasi Gavharshodbegim boʻlsa-da, uning oilaviy tarbiyasi bilan Saroymulkxonim shugʻullangan. Amir Temurning oʻzi ham farzandlari va nevaralari tarbiyasiga jiddiy ahamiyat berib, doimo nazorat qilib turgan. Oilaviy tartib, yaʼni oila aʼzolarining bir-birlariga munosabati, ota-ona va boshqa katta yoshli qarindoshlarining xulq-atvori, madaniy va siyosiy saviyasi, muomala madaniyati, oila daromadi, yashash sharoiti va shu kabi omillar oila tarbiyasining asosidir. Oila qanchalik tartibli, yaxshi xulq-atvorli, aʼzolarining oʻzaro munosabatlari samimiy boʻlsa, oilaviy tarbiya ham shunchalik samarali boʻladi.

 

Tarbiya tizimida asosiy oʻrinlardan birini umumiy taʼlim maktablari egallaydi, chunki, endigina oila taʼsirida boʻlgan yosh nihol, umumiy taʼlim maktablarining rejalashtirilgan tarbiyaviy taʼsir doirasiga kiradi. Oʻsha kundan eʼtiboran, murgʻak qalb faoliyatini jamiyat, millat manfaati tomon burish uchun dastlabki qadam tashlanadi. Umumiy taʼlim maktablarida amalga oshirilayotgan tarbiyaviy ishlar jamiyatning boshqa ijtimoiy institutlari, oila, maktabgacha tarbiya muassasalari, oʻrta maxsus va oliy oʻquv yurtlari, mehnat jamoalari, turli jamoat tashkilotlari, madaniy-maʼrifiy muassasalar, uyushmalar amalga oshirayotgan bir butun, tarbiyaviy taʼsir doirasida boʻlib, bu boradagi maqsadli faoliyatning tarkibiy qismidir. Barkamol shaxs tarbiyasi, uni toʻgʻri amalga oshirish, ijtimoiy, maʼnaviy va madaniy hayotga tayyorlashdan iborat. Tarbiya murakkab jarayon boʻlishi bilan birga, har bir mamlakat va millat uchun gʻoyat dolzarb masala hisoblanadi. Maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir” degan fikrni bejiz aytmagan. Tarbiya asosan ikki negizga – axloq va oqillikka tayanmogʻi lozim: birinchisi – yaxshi fazilatlarni oʻstirsa, ikkinchisi – oʻzgalar illatidan himoya qiladi (A.Shamfar). Tarbiya ajdodlarimiz toʻplagan yaxshi fazilat va xislatlar, qadriyatlar, shuningdek, ular toʻplagan tarixiy ijtimoiy tajriba, barcha bilim va ilmlarni bilish manbaidir. Tarbiya tarbiya beruvchining professional mahoratini ifodalaydi. Shu boisdan, tarbiya mahorat, baʼzan sanʼat sifatida talqin qilinadi. U insonni mustaqil shaxs boʻlib kamol topishida hal qiluvchi omil, jamiyat amalga oshirgan tarbiyaviy ishlarning natijasi, deb ham hisoblanadi.

 

Tarbiya muayyan maqsadga qaratilgan, aniq dastur, reja asosida amalga oshiriladigan ongli amaliy faoliyatdir. Bunday tarbiyaviy taʼsir inson faoliyatini maʼlum bir ijtimoiy guruh, tabaqa, shaxs yoki millat manfaati tomon yoʻnaltiradi. Inson shaxsi hamma vaqt ham faqat ongli, rejali tarbiyaviy taʼsirning mahsuli emas. Inson shaxsining kamolotida hech qanday dastursiz, rejasiz, stixiyali tarzda amalga oshiriladigan taʼsirning (doʻstu birodarlar, hamkasblar, qarindosh-urugʻlar suhbati, bozor yoki choyxonadagi gurung yoxud ajdodlarimizdan meros boʻlib qolgan meʼmoriy yodgorliklar, tabiat manzaralarining taʼsiri va boshqalar) ham ahamiyati beqiyosdir. Tarbiyaning ommaviy, guruhiy va shaxsiy shakllari mavjud. Istiqlol tufayli mamlakatimizda taʼlim va tarbiyaga boʻlgan munosabat oʻzgardi. Mustabid tuzumga xos sinfiy, partiyaviy qarashlarga barham berilib, barkamol avlod, har tomonlama kamol topgan komil insonni, shaxsni tarbiyalashga eʼtibor kuchaytirildi. Shu jihatdan, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonun va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” muhim ahamiyatga ega. Bugungi kunda yosh avlodni ezgu gʻoyalarga sadoqat ruhida tarbiyalash, ajdodlarimiz merosiga tayanish, oila muqaddasligini saqlash, farzandlarimizni yurtparvar va elparvar, yuksak eʼtiqodli, odob-axloqli va barkamol etib tarbiyalash barchamizning zimmamizdagi asosiy, masʼuliyatli vazifadir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 118
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 367
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 129
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 217
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 529
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 947
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218725
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104467
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34038
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27305
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26480
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25045
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24828
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21681
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//