Bilasizmi?
Terrorizm (lotincha terror – qoʻrquv, dahshat) – yuksak maʼnaviy tamoyillarga zid ravishda yovuz maqsadlar yoʻlida kuch ishlatib, odamlarni garovga olish, oʻldirish, ijtimoiy obyektlarni portlatish, xalqni qoʻrquv va vahimaga solishga asoslangan zoʻravonlik usulini anglatuvchi tushuncha. Qoʻrqitish va dahshatga solish orqali oʻz hukmini oʻtkazishga urinish terrorizmga xosdir. U siyosiy, iqtisodiy, diniy, gʻoyaviy, irqiy, milliy, guruhiy va individual shakllarda namoyon boʻlishi mumkin. Taʼqib, zoʻravonlik, qoʻporuvchilik va qotillik terrorizmning har qanday koʻrinishi uchun umumiy xususiyat boʻlib, bularning barchasi insonparvarlik gʻoyalari, demokratiya, adolat tamoyillariga ziddir. Shuning uchun terrorizm qanday niqob ostida amalga oshirilmasin, mohiyatan, insoniyatga, taraqqiyotga, ezgulikka qarshi jinoyatdir. Terrorizmga hozirgi kunda aniq, hamma uchun tushunarli va mukammal taʼrif berish oson emas. Chunki u oʻta murakkab fenomendir. Bundan tashqari, terrorchi kuchlarga boʻlgan turlicha munosabat unga aniq taʼrif berishni ham qiyinlashtirmoqda. Terror usullaridan konservativ, inqilobiy, diniy, millatchi ruhdagi kuchlar ham foydalanishi mumkin, lekin ularning asosiy mohiyati va maqsad-muddaolari siyosiy tusga egadir. Terrorizmning umumiy jihatlari va asosiy koʻrinishlarini oʻrganishda, avvalambor, uning taʼrifini, nisbiy boʻlsa ham, aniqlashtirib olish kerak.
Terrorizm muayyan guruhning ruxsat etilmagan holatda ongli ravishda kuch ishlatishidir. Bunda terrorchilar aniq maqsadni koʻzlaydi va oʻzini toʻla haq deb biladi. Bundan shu narsa aniq boʻladiki, terrorchilardagi mavjud kuch maqsadni amalga oshirishda ijtimoiy-siyosiy muhit bilan bevosita aloqadorlikda boʻladi. Shuning uchun biron-bir sababga asoslangan yovuz maqsad terrorizmga olib boradi. Terrorizm koʻp holatlarda keng miqyosdagi harbiy kuchlar bilan aloqador boʻladi va bunday misollar tarixda bir necha bor kuzatilgan. Bundan tashqari, u baʼzi davlatlarning oʻzi tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin. Bunda ikki xil shaklda kuch ishlatiladi: jazo berish organlari yoki harbiy kuchlar tomonidan. Bunda terror siyosiy maqsadlarni amalga oshirish yoki aniq bir rejimni joriy qilish uchun amalga oshiriladi. “Terrorizm” tushunchasi hamisha terroristik harakatning tez surʼatda amalga oshirilishini bildiradi. Bunday hodisa siyosiy, etnik, diniy va boshqa koʻrinishlarda namoyon boʻladi. Gʻoyaviy terrorizm siyosiy yetakchilar tomonidan yaratiladi. Bunga rasmiy tor doiradagi istisno qilingan ichki sabablar koʻrsatiladi. Etnik terrorizm subyekti gʻoyaviy boʻlmasdan, jamiyatning milliy va etnik jihatlari bilan uzviy bogʻliqdir. Diniy terrorizm muayyan bir diniy sekta yoki guruh taʼlimotining jamiyatda mutlaqlashtirilishi oqibatida paydo boʻladi. Bunda ushbu gʻoya tarafdorlari boshqalar fikri va gʻoyalarini keskin tanqid ostiga olib, rad etadi va gʻoyaviy-mafkuraviy parokandalikni keltirib chiqaradi. Diniy terrorizmning xatarli jihati u qoʻllaydigan amaliy choralarda koʻrinadi. Chunki diniy terrorizm tarafdorlari aksariyat hollarda qoʻlida qurol va baʼzan harbiy guruhlarga tayanib harakat qiladi.
Bugungi kunda yadroviy, biologik, bakteriologik qurollarning terrorchilar qoʻliga tushib qolishi ehtimoli eng katta xavfdir. Hozirgi tahlikali zamonda kishilar boshiga mislsiz kulfat solayotgan va ularning hayoti, farzandlari, mol-mulkiga tahdid qilayotgan jinoiy terrorizm kundan-kunga kuchayib bormoqda va jahon hamjamiyatida jiddiy xavotir uygʻotmoqda. Iqtisodiy manfaatlarni koʻzlaydigan va moddiy boyliklarni oʻzlashtirishni maqsad qilib olgan bu terrorizm korrupsiya kabi katta jinoiy tizim bilan uzviy bogʻlanib ketgan. Unda raqiblari yoki ularning yaqinlarini oʻldirish, oʻgʻirlab ketish, zoʻravonlik, tajovuz bilan qoʻrqitib, oʻz hukmini oʻtkazishga urinish, mol-mulkini oʻzlashtirib olish yoʻllaridan foydalaniladi. Buning yana bir tomoni – baʼzan bu terror siyosiy, etnik, baʼzan esa diniy xarakter kasb etmoqda. Mana shunday vaziyatda terrorchilarning maqsadi hokimiyatni egallashga ham qaratilib, piramidasimon xarakterga ega boʻlib bormoqda. Individual terrorizmning subyekti, boshqa terrorizm harakatlaridan farqli oʻlaroq, jamoa emas, yagona shaxsdir. Individual terror ham oʻta xavfli kuch hisoblanadi, negaki u jamiyatning boshqa aʼzolariga taʼsir qilishi va buning oqibatida terrorning ommaviy turlarini keltirib chiqarishi mumkin. U oʻz gʻoyalarini singdirish orqali boshqalarni ham jamiyatga qarshi qoʻyishi mumkin.
Keyingi yillarda hatto ommaviy axborot sohasida ham terrorizm elementlaridan foydalanilmoqda. Muayyan mafkuraviy poligon lar tarqatayotgan axborotlardagi yovuz va zararli gʻoyalar oqimi, teleekranlar orqali uzluksiz namoyish etilayotgan jangari filmlar, bolalarga moʻljallangan, buzgʻunchi gʻoyalar asosida yaratilgan oʻyinlar, kompyuter tarmoqlari dasturlarini ishdan chiqaradigan viruslar tarqatish shular jumlasidandir. Oʻzining yovuz niyatlariga erishish uchun hokimiyatni qoʻlga kiritishni koʻzlaydigan kuchlarning zoʻravonligi va qoʻporuvchiligi siyosiy terrorga misol boʻladi. Siyosiy terrorizm nafaqat jinoyatchi guruhlar, hatto baʼzi tajovuzkor ruhdagi rasmiy reaksion siyosiy doiralar va kuchlar tomonidan uyushtirilishi va qoʻllanishi ham mumkin. Chorizm imperiyasining kolonial va shovinistik siyosati, sovet imperiyasining gʻoyaviy qatagʻonlari xalqimizga qarshi oʻziga xos terror edi. Bugungi kunda ham mustaqil rivojlanish yoʻlidan borayotgan mamlakatimizga nisbatan gʻaraz niyat bilan qarovchi yovuz kuchlar terrorizm yoʻli bilan taraqqiyot yoʻlimizdan chalgʻitishga, bizni yana qaramlik va asoratga solishga urinmoqda. Ular vatanfurush xoinlardan ham, terrorizmni kasb qilib olgan, buyurtma boʻyicha qoʻporuvchilik va bosqinchilik bilan shugʻullanadigan yollanma xalqaro terrorchi, jinoyatchi guruhlardan ham foydalanmoqda. Bugun jahon hamjamiyati bu balo-qazolarning yechimini topish ustida bosh qotirmoqda.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q