Takalluf


Saqlash
12:10 / 23.10.2023 0 692

Takalluf – maʼnaviy qadriyat, insonga xos axloqiy madaniyatning koʻrinishi, boshqalarga nisbatan hurmat-ehtirom, mulozamat shakli. Takalluf asosida bir shaxsning ikkinchi shaxsga nisbatan maqtovli muomalasi va yoqimli munosabati yotadi. Insonlarning bir-biriga takalluf qilishi oʻziga xos maʼnaviylik belgisidir. Takalluf shaklan milliy, mazmunan axloqiy boʻlgandagina inson uchun yoqimli hisoblanadi. Garchand, takallufda baʼzan samimiylik ustuvor boʻlmasa-da, biroq unda yovuzlik, gʻaraz, xoinlik kabi illatlar boʻlmaydi. Zero, oʻrnida bildirilgan va topib aytilgan takalluf kishiga doimo huzur bagʻishlaydi. Takallufda meʼyorning buzilishi bachkanalikka olib keladi. Takalluf munosabatning eng maʼqul jihatlarini topishga sharoit yaratib, oʻzaro munosabatga kirishish, yaʼni suhbatdoshlarning oʻzaro muomalasiga tegishli muhitni vujudga keltiradi. Takalluf kishining bir tomondan, muayyan masofani saqlashini anglatsa, ikkinchi tomondan, qiziqishi va samimiyligini koʻrsatadi. Takalluf haqida maʼnaviy merosimizda koʻplab fikr-mulohazalar mavjud boʻlib, asosan, odob-axloq qoidalari sifatida bayon qilingan. Masalan, Kaykovusning yozishicha, “Xaloyiqning orasida bir kishining qulogʻiga soʻz aytish yaxshi emasdur. Agar bu soʻz garchand yaxshi soʻz boʻlsa ham, tashqarisindan uni yomon soʻz deb gumon qiladilar va koʻp odamlar bir-birlaridan dargumon boʻladilar”. Takalluf va yaxshi muomala qoidalariga oid qoʻllanmalar oʻrta asrlarda paydo boʻlgan. “Ispan kabi takallufli”, degan ibora oʻsha davrlardan qolgan. Chunki arablar tomonidan Andalusiyaning zabt etilishi oqibatida kirib kelgan islom madaniyati ispanlar hayoti va turmush tarziga ijobiy taʼsir etgani bois, ular bu borada boshqa Gʻarb xalqlaridan ilgarilab ketgan. Masalan, xulq-atvor haqidagi dastlabki traktat 1204-yilda ispan ruhoniysi Pedro Alfonso tomonidan nashr qilingani ham shundan dalolat beradi. Ushbu asar asosida etiket boʻyicha talay kitoblar yozilib, ularda xorijiy mehmonlarni kutib olish, shuningdek, dasturxon atrofida oʻzini tutish qoidalari, suhbatlashish odobi, mehmon kutish sir-sinoatlari bayon qilingan. Zamonaviy etiketga oid kitoblarda takallufning qator element va qoidalari koʻrsatib berilgan. Chunonchi, ish yuzasidan suhbatdoshiga takalluf qilish uchun inson ruhiy jihatdan xotirjam boʻlsagina yaxshi taassurot qoldiradi.

 

Takalluf qilishda masofa saqlash ham muhim ahamiyatga ega. Suhbat jarayonida har bir odam oʻz shaxsiy his-tuygʻulariga bogʻliq holda muayyan holatga mos masofani tanlaydi. Masalan, hissiyotga beriluvchan kishilar hamfikrga oʻxshaydi va ularning oʻzaro takallufi koʻpincha ijobiy samara beradi. Kamtar, vazmin kishilar esa, odatda, suhbatdoshini oʻzidan “uzoqlashtiradi”, unga takalluf qila olmaydi. Qoshlarning harakati, koʻzlarning qisilishi, tabassum, tabiiy ohang va erkin holat masofaning qisqarayotganidan darak beradi. Masofani uzoqlash tirish uchun suhbatdoshning ismi-sharifi aytib murojaat qilinadi. Takalluf qilish muloyimlik va xushmuomalalikni talab etadi. Shuningdek, suhbatdoshning yoshi, jinsi, xizmat yoki ijtimoiy mavqeini nazarga olish, oʻz “men”iga urgʻu bermaslik, oʻz-oʻzini baholashda kamtarlik zarur. Takallufning yana bir qoidasi – uni toʻgʻri qabul qilish, suhbatdoshini tinglay olishdir. Muloqot chogʻida uning gapini boʻlish, boshqa ishlar bilan shugʻullanish, masalan, qogʻozlarni zaruratsiz qidirish, bandligini koʻrsatish, soatga qarayverish, uchinchi kishi bilan suhbatlashish, hujjatlarni imzolash, telefonda suhbatlashish nojoizdir. Muloqot jarayonida samimiylik, tabiiylik, ovozning past-balandligi, nutq surʼati, ohangi, talaffuzning aniqligi ham suhbatdoshga ruhiy taʼsir etuvchi omillar boʻlib, takalluf qilayotgan kimsaga nisbatan uning hurmatini oshirishi yoki aksincha, salbiy hissiyotlarini kuchaytirishi mumkin. Baland ovoz ham, haddan tashqari past ovoz ham kishining gʻashiga tegadi, charchatadi hamda unga salbiy taʼsir etadi. Kishining bir meʼyordagi nutq ohangi, shoshmasdan, talaffuz bilan soʻzlashi eshitgan gaplarini oʻylab mushohada yuritayotganidan dalolat beradi. Takallufga takalluf bilan javob berish lozim.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

18:11 / 01.11.2024 0 269
“Birpas”mi, “ikkipas”?..

Qatra

13:10 / 30.10.2024 0 127
“Yashashga shoshilaman”

Bilasizmi?

12:10 / 23.10.2024 0 451
“Beshbattar”dagi besh nima?



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 217917
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 104088
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 30780
Milliy urf-odatlar

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 26689
Kompetentlik

Qomus

12:09 / 18.09.2023 0 23880
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

12:05 / 03.05.2023 1 23700
Alpomish

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 22098
Xarakter

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 20991
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//