Takabburlik


Saqlash
16:10 / 23.10.2023 1 1266

Takabburlik (arabcha kibr – boshqalarni mensimaslik, oʻzini katta olish) – 1) kibrli boʻlish; 2) kibrli odamlarga xos xatti-harakat. Takabburlik salbiy axloqiy sifat boʻlib, boshqalarga kibr-havo bilan munosabatda boʻlish, ularni mensimaslik, oʻz shaxsi bilan magʻrurlanishni anglatuvchi tushuncha. Takabburlik manmanlikning bir koʻrinishi boʻlib, kishining oʻz imkoniyatlariga ortiqcha ishonishi asosida boshqalarga nisbatan behurmatlikni ifodalovchi salbiy axloqiy sifat. Takabburlik kibr, manmanlik, magʻrurlik, maqtanchoqlik, kekkayish, kaltabinlik, jamoadan oʻzini yuqori qoʻyish, boshqalardan ustunligini namoyon etish kabi illatlar yigʻindisidan iborat. Axloq haqidagi taʼlimotlar tarixida kibr-havoni koʻklarga koʻtarib maqtaydigan qarashlar ham mavjud boʻlgan. Masalan, A.Bergson taʼlimotida barcha odamlar ikki guruhga: olomon va elitaga boʻlinadi. Bu taʼlimotga koʻra, olomon yuksak axloqiy sifatlarga ega emas. Qahramonlik, olijanoblik kabi sifatlar faqat saralangan elitaga xos. Tarix muayyan davr va holatlarda katta-katta guruhlar, keng xalq ommasi qahramonliklar koʻrsatganidan guvohlik beradi. Sharq donishmandlari, mutafakkirlari asarlarida hayotda kamtar, hokisor odamlar izzat-ehtiromga sazovor boʻlib kelgani, kibr, manmanlik, dilozorlik botqogʻiga botganlar esa xoru zorlikka, falokatga, oʻzgalar nafratiga, el orasida beqadru beeʼtibor boʻlishga, behalovat hayot kechirishga, halokatga duchor boʻlgani haqida yozib qoldirishgan. Masalan: “Agar baxt-saodat istasang, gʻurur, manmanlikdan yiroq boʻl, hikmatli soʻzlarni sokinlik bilan tingla, takabburlik, adovat, ginachilikdan hazar qil. Qaygʻu-alamlar ustingga hujum etsalar, bu hujumlarga oʻz adabsizliging sababchidir” (Jaloliddin Rumiy); Toʻrt narsa – yaʼni, badfeʼllik, badqovoqlik, takabburlik va dilozorlik kishiga xoru zorlik keltiradi (Jaʼfar Sodiq); “Oʻlim qanchadan-qancha takabbur odamlarning boshlarini chuqurga, yaʼni qabrga uloqtirgan”; “Takabburlikni qanchalik xursandligu shodlikka tomon aylantirishga urinsang ham, asli loy boʻlganidan keyin kulol singari, yaʼni tuproqqa (loy ishlariga) qaytishi muqarrar” (Abulqosim az­Zamaxshariy); “Takabburlik kaltabinlar va insoniylik tariqidan chiqqanlarning xislatidir; takabburga salom berma, salomga javob qaytarish unga ogʻirlik qiladi, javob bermagani esa senga ogʻir tuyuladi” (Husayn Voiz Koshifiy); “Insonning qalbiga kirgan kibr qancha boʻlsa, aqli ham shuncha kamchilikka ega boʻladi. Kibr va gʻururdan uzoq boʻl. Kibr kishini el orasida xor, beqadru beeʼtibor qiladi” (Muhammad ibn Husayn); “Yaxshilik uyining kaliti – kamtarlikdir, yomonlik uyining kaliti – takabburlikdir” (Yusuf ar-­Roziy).

 

Takabburlik insonning tarbiyasizligi, maʼnaviy qashshoqligi, madaniyatsizligining belgidir. Qurʼoni karimning “Luqmon” surasi 18-oyatida odamlarga kibr-havo qilmaslik lozimligi uqtiriladi: “Odamlardan (mutakabbirlik bilan) yuzingni oʻgirmagin va yerda kibru-havo bilan yurmagin. Chunki Olloh barcha kibr-havoli, maqtanchoq kimsalarni suymas.” Takabburlik faqat alohida shaxslarga emas, katta ijtimoiy guruhlar, etnos va millatga xos boʻlishi ham mumkin. Masalan, mustamlaka siyosati yuritgan davlatlarning fuqarolari mazlum xalqlarni mensimay, ularni pastga urish munosabatida boʻlgan, ularni odam oʻrnida ham koʻrmagan. Amerika yerlik aholisining koʻpchiligi mustabid davlatlar tomonidan qirib tashlangan. Insonning takabburligi, boshqa illatlar qatorida, uning maʼnaviy qashshoq va madaniyatsizligini bildiruvchi belgidir. Bundan tashqari, takabburlik yuksak maʼnaviyatga mutlaqo zid boʻlib, insonni yuksaklikka emas, tubanlikka yetaklaydi. Maʼnaviyat va madaniyat esa, aksincha, insonni ezgulikka chorlaydigan, uni barqarorlik va tinchlikni asrashga undaydigan muhim omildir.

1 Izoh

Mushtariy

11:02 / 21.02.2024

Juda zo‘r ma'lumot ekan raxmat👍👍👍👍👏👏👏

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 133
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 380
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 136
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 218
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 530
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 948
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218732
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104471
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34098
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27313
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26514
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25096
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24840
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21689
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//