Bilasizmi?
Tajriba – 1) sinov, eksperiment; 2) malaka, mahorat, biror xislatni, ish-harakatni sinab koʻrish yoki olingan natija, xulosani ifodalovchi tushuncha.
Muayyan maqsadda amalga oshiriladigan yoki oshirilgan, bilish, aniqlash va sinash kabilarga asoslangan ish, faoliyat. Tajriba koʻrish yoki orttirish deganda, amaliy ishda, hayotda bilim, malaka, uquv orttirish, oʻrganish, bilish tushuniladi. Shuningdek, tajriba obyektiv dunyoni, voqelikni amaliy jihatdan hissiy empirik bilish jarayoni; obyektiv dunyo va ijtimoiy amaliyot qonunlarining kishi ongidagi inʼikosi hisoblanadi. Tajriba bir yoʻnalishda dastlabki tarzdagi ish, harakat va uning mahsuli sifatida ham qadrlanadi. Tajriba inson manfaati va maqsadini belgilashda muhim rol oʻynaydigan maʼnaviy omillardan hisoblanadi. Inson tajribadan, avvalo, maʼnaviy tushuncha hosil qiladi va shunday tushunchalar vositasida uning dunyoqarashi shakllanadi. Oʻz navbatida, dunyoqarash inson maʼnaviyatining sifatini belgilab beradi. Shu jihatdan olib qaraganda, tafakkur tarzi, ish-faoliyat, xatti-harakat, voqea-hodisa va boshqa narsalarga asoslansa-da, inson maʼnaviyatini shakllantirish asoslaridan biri boʻlib qoladi.
Tajribasizlik – tajribaga ega emaslik, tajriba koʻrmaganlik, gʻoʻrlik, xomlikni anglatuvchi tushuncha. Kishini doimiy ravishda tarbiyalash orqali tajribasizlik qusuridan xalos etish, salohiyatini kuchaytirish mumkin. Salohiyat esa inson oʻzini muayyan tarzda unga keladigan ilhomni qabul qilishga tayyorlangandan soʻng paydo boʻladigan sifatdir. Salohiyat soʻzi tajribasizlik soʻzining antonimi boʻlib, kishi yoki jamiyatning ichki imkoniyatlari, hali toʻla namoyon boʻlmagan kuch-quvvati maʼnosida ham ishlatiladi. Mazkur soʻz asosan yoshlikda qilingan xato, adashish, toʻgʻri yoʻl topa olmaslik maʼnolarini anglatadi. Xalqimizda “Ustoz koʻrmagan shogird har maqomga yoʻrgʻalar” maqoli bejiz keltirilmaydi. Odatda, har bir kishi, yaʼni yoshlar biror kasb yoki hunar egasi boʻlishi uchun albatta tajribali insonlarning maslahatlariga, yoʻl-yoʻriqlariga muhtoj boʻladi. Navoiy “Hayratul-abror” dostonida xudoning umr kunlarini belgilab qoʻygani, uning har bir fursati bir ishga moʻljallanganini quyidagicha tasvirlaydi: “Oʻn yoshgacha odam oyogʻi boyloq, gʻaflatda boʻladi; yigirmagacha umr bilimsizlik, mastlik bilan oʻtadi. Oʻttiz bilan qirqning orasi xursandchilik davridir. Ellikka kirganda kishi taraqqiy topmasa, oltmishga yetganda uning ishi tanazzuldan iborat. Yetmishgacha kishi oyoq ustida tura bilishi kerak. Saksonda uning oʻltirishi farzdir. Toʻqsonga kirgandan keyin yiqilishi, yuzga toʻlgandan soʻng jonni tark etishi kerak. Kishining maqsadi tabiiy yashash boʻlsa, istak bildirib, hamma yoqqa borishi, koʻrishi lozim”. Demak, inson oʻziga berilgan har bir fursatdan unumli va oʻrinli foydalanishi lozim. Yaʼni insonda yoshligidan biror bir kasb egasi boʻlish yoki ilm olish istagi shakllanib boradi. Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonidagi “Hunarni asrabon netkumdir axir, olib tufroqqami ketgumdir oxir” misralaridan ayon boʻladiki, inson egallagan hunari, bilimi va tajribasini oʻzidan keyingi avlodga oʻrgatib ketishi ham qarz, ham farzdir.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q