Tabu


Saqlash
16:10 / 20.10.2023 0 3224

Tabu (polinezcha tapu – taqiqlash) – diniy eʼtiqod, irim, qoʻrqish va shu kabilar taʼsirida maʼlum soʻz, xatti-harakatlardan tiyilish, ularni cheklangan, man etilgan soʻz, narsa, harakat deb qarashni anglatuvchi tushuncha. Bu soʻz aslida Polineziyada paydo boʻlib, dastlab mashhur ingliz dengiz sayyohi J.Kuk (1828–1879) tomonidan Yevropaga maʼlum qilingan. Polineziya xalqlari diniy eʼtiqodiga koʻra, har bir inson tugʻilishi bilan qudratli gʻayritabiiy yovuz kuch – “mana”ga ega boʻladi. U tabaqaga mansublikka koʻra, har xil darajada namoyon boʻladi, deb hisoblanadi. Masalan, qullarda “mana” yoʻq, aksincha, buyuk sardorlar qudratli “mana” egasi deb qaraladi. “Mana” tushunchasi “Tabu” soʻzi bilan bevosita bogʻliq. Nimaiki “mana” egasi boʻlsa, oʻsha narsa xavfli, yaʼni unga tegish man qilingan – tabu qoʻyilgan. Polineziya xalqlarida juda keng tarqalgan tabu tizimini kim buzsa, rioya qilmasa, qabila boshliqlari, zodagonlar tomonidan qattiq jazolangan. Shuningdek, oʻsha davr tasavvurlariga koʻra, tabuni buzgan odamning gʻayritabiiy kuchlar, ruhlar, xudolar kasallik yoki oʻlim bilan jazolaydi, deb tushunilgan. Orolliklarda xudo va ruhga, kohin va qabila boshliqlariga aloqador boʻlgan hamma narsa tabulashtirilgan. Tabu odamlarning dunyoqarashi va ayniqsa, maʼnaviyatini boshqarishda katta rol oʻynagan. Ayni vaqtda tabu tizimi jamiyatda tabaqalanishni ifodalagan. Tabu obyektlari – buyumlar, soʻzlar, hayvonlar va boshqa boʻlishi mumkin. Aksariyat tabular moddiy buyumlar va maʼnaviy tushunchalarga taalluqli boʻladi. Tabu insoniyat jamiyati shakllanayotgan davrda individ xatti-harakati, dunyoqarashini jamoa manfaatlariga boʻysundirish ehtiyoji bilan bogʻliq ravishda kelib chiqqan boʻlishi mumkin. Tabu urugʻchilik jamiyatida inson hayotining muhim tomonlarini, avvalo, ekzogamiya nikohi meʼyorlariga rioya qilinishi (masalan, urugʻ ichida jinsiy aloqalarning tarqalishi)ni tartibga solgan. Jamiyat maʼnaviy jihatdan taraqqiy etgani sari tabuning baʼzi qismlari odatiy huquqiy meʼyorga aylangan, koʻpchiligi esa diniy va dunyoviy maʼnaviyatga taqiq sifatida kiritilib, uni buzish gunoh hisoblangan. Tabuning bugungi kunda ham barcha xalqlarda uchraydigan oʻziga xos turlari mavjud. Uning, masalan, oilaviy, nasliy, milliy, hududiy, mintaqaviy va boshqa turlarini sanash mumkin. Eʼtiborlisi shundaki, bugungi tabu na davlat qonunlarida, na diniy qonunlarda aks etgan, odamlar oʻz ixtiyorlariga koʻra amal qiladigan maʼnaviy dunyoqarashga aylangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Hikmat

09:04 / 15.04.2026 0 321
Qarz boʻlmaslik “siri” haqida rivoyat

Bilasizmi?

15:03 / 19.03.2026 0 557
Oʻzbekistonga yashirincha kelgan yevropalik sayyoh

Bilasizmi?

10:02 / 25.02.2026 0 486
Evtanaziya huquqmi yo qadriyatlarga qarshilik?

Bilasizmi?

17:02 / 23.02.2026 0 825
Nega 23-fevral emas, 14-yanvar?

Bilasizmi?

12:02 / 16.02.2026 0 543
Boqiylik formulasi: Qadimgi Misr mumiyolash sirlari



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 233784
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 113219
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 67346
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 56269
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 50709
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 39371
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 39082
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:04 / 25.04.2023 1 38416
“Avesto”

//