Bilasizmi?
UMID
«Biz boshqa hech qachon uchrashmaymiz! Hech qachon to‘qnash kelmaymiz! Boshqa hech qachon ko‘zlarimiz ko‘zlarimizga tushmaydi… Ko‘rishguncha...»
BEMOR
– Mening ismim Humoyun. Doktor, bilasizmi, ko‘zimga aslida yo‘q narsalar ko‘rinyapti, yo‘q odamlar menga ro‘baro‘ bo‘lyapti. Ular bilan gaplashmaslikka urinyapman. Gaplashsam atrofdagilar meni jinniga chiqarishadi... Men qaysi biri haqiqiy, kim sarob ekanini ajrata olmayapman. Yordam bering!..
Tashqaridan hamshiraning ovozi eshitildi:
– Doktor, Humoyun yana o‘ziga-o‘zi gapira boshladi...
SIMYOGʻOCHDAGI E’LON
«Oyijonimni qidiryapman... Oyim – dunyodagi eng go‘zal ayol! Alohida belgilari: «ko‘zim kasal derdilar» – yoshlanib ketaveradi. Shu sabab uxlashga ham qiynalardilar. Bir marta bilaklaridagi tomirlarini kesib olganlar, shuning izi bor. Oyimni ko‘rganlardan iltimos, u kishini sog‘inganimni, qidirayotganimni aytinglar. Dadam ham qidiryaptilar. Har kuni topib keldim deydilar, lekin u boshqa oyi bo‘ladi... Oyijon, qayting! Endi hecham aravachamdan tushib olmayman...”
SUN’IY ONG
– Nechta tilni bilasan?
– Uchta.
– IQ darajang necha?
– 116.
– Adashmasam, ijod qilishga ham qodirsan, shundaymi?
– Albatta.
– Ha, men o‘ylaganimdan ancha mukammalroq ekansan, odamzod...
OPTIMIST
– Yangi poyabzal sotib olganimda doim bitta qo‘shimcha bog‘ichga ega bo‘lishimni o‘ylab, quvonaman. Umuman kiyilmaydigan ikkinchi poy haqida esa o‘ylamaslikka urinaman…
XATO
– Bizning kasbda xato qilishga haqqimiz yo‘q. Boshqa hamma kasbdagilar xato qila-qila o‘rganadi, to‘g‘rimi? – kuyinib so‘radi sapyor.
– To‘g‘ri, – deb javob berdi jarroh...
DO‘KONDA
– Amaki, mana! Mana bu pulga nechta sigareta berishadi?
– Hmm, olti quti. Ammo men yosh bolalarga sigareta sotmayman.
– Men sotib olmoqchi emasman. Dadam sigareta so‘rab kirsalar, olti marta ham yo‘q deb ayting! Iltimos...
ROBIYA
– Ey, Xudoyim, yaqinda tug‘iladigan chaqaloq ham qiz bo‘lishini xohlardim. O‘shanda biz buvijonim bilan birga yashardik...
HAVAS
– Bilasizmi, sizlar dunyodagi eng baxtli kishilarsiz! Odamlar nima deyishsa ham, siz haqingizda qanday o‘yga borishsa ham, e’tibor bermang. Ko‘pchilik o‘zining bo‘g‘zigacha yetgan muammolari sizlarda yo‘qligini ko‘rolmagani bois buni tan olmaydi. Sizlarga hatto mening ham havasim keladi! Biz orzularimiz ortida yillarni o‘tkazib yuboramiz. Sizlarda esa orzu va uning ro‘yobi – bir qadam. Naqadar baxtlisiz! Qaniydi, buni men bilayotganchalik bilsangiz... Mayli, dori ichadigan vaqtingiz bo‘ldi. Faqat bu safar til tagiga yashirishlar bo‘lmasin!
YIGʻI
– Bolam, bu qanaqasi?! To‘rt muchang sog‘ bo‘lsa! Tengdoshlaringdan hech bir kaming yo‘q... Yemay yedirib, kiymay kiydirsak, topganimizni seniki desak... Shundoq ekan, yana nega yig‘laysan, yetim qo‘zim?..
QARZ
– Dada, esingizdami, bundan to‘rt yarim oy burun, singlimnikidagi to‘y oldidan mendan 350 ming olgan edingiz?
– Ha-ya, albatta, hozir...
– Yo‘q-yo‘q, bu nima deganingiz? Otaga berilgan pul ham so‘ralarkanmi? Ammo bu farzandning gardanida qolib ketmasligi kerak! O‘tgan oyda sizdan qancha olgandim?
– Qaydam! Esimda yo‘q...
XAT
«Xayrli tong, azizim! Nonushtangiz tayyor. Sharbat muzlatkichda. Tonggi gazetani ish stolingizga qo‘yganman. Ishga kech qolmang-a! Tushlikda qo‘ng‘iroq qilishni unutmang! Sizni o‘pib qolaman! Men aeroportga ketdim. Bugun erim keladi...»
QOTIL
So‘nggi ko‘rgani ko‘zgudagi qotili bo‘ldi...
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
4 Izohlar
Shohjahon
23:02 / 15.02.2024
G'urur Bozor chetida o'tirgan otaxondan so'rashdi - Nima sotyapsiz otaxon? - G'ururimni.
Shohjahon
23:02 / 15.02.2024
Hoku Uxlolmasdan o'ylab chiqdim, Taqdir haqida. Chivin chaqqan tun.
Shohjahon
23:02 / 15.02.2024
Siymo Ko'z yoshlarim qogʻozga tushdi, men esa e'tibor bermadim, ular qurigach esa oq qog'ozda eng shaffof ranglarda sening rasming turardi.
Orzu
22:02 / 15.02.2024
Ehtiyot boʻling eshiklar yopiladi, keyingi bekat orzularing bekati.