Bilasizmi?
Ruhiy olam – shaxs ichki dunyosiga aloqador hodisalar va jarayonlar. Ular oʻzaro bogʻliq, xilma-xil va murakkab boʻlib, tarkibiga tashqi olamni bilish va madaniyat, sanʼat hamda boshqa faoliyat vositalari orqali oʻzini namoyon etish kabi ruhiy va maʼnaviy ehtiyojlari, qiziqishlari; tabiat, jamiyat, inson va oʻzi haqidagi tasavvurlari hamda bilimlari; his-tuygʻulari; qobiliyati, maqsadlari, qiziqishlari, dunyoqarashi, eʼtiqodi va qadriyatlari kiradi. Insonning Ruhiy olamdagi asosiy tarkibiy qismlaridan biri shaxsda shakllanadigan maqsadlar va ideallardir. Ular shaxsni kelajakni bashorat qilish, ertangi kunini tasavvur qilish, uzoq va yaqinga moʻljallangan rejalarni amalga oshirishga tayyorligini taʼminlaydi. Maqsad va rejasiz inson – oʻz kelajagiga ishonmaydigan, maʼnaviyatsiz pessimistdir. Bu maqsadlar doimo oʻzining anglanganligi va shaxs real imkoniyatlariga bogʻliqligi bilan xarakterlanadi. Ularning shakllanishi va ongda oʻrnashishida maʼlum maʼnoda ideallar ham rol oʻynaydi. Ideallar – shaxsning hozirgi real imkoniyatlari chegarasidan tashqaridagi orzu-umidlari, ular ongda bor, lekin har doim ham amalga oshmaydi. Chunki ularning paydo boʻlishiga sabab bevosita tashqi muhit boʻlib, oʻsha ideallar obyekti bilan shaxs imkoniyatlari oʻrtasida tafovut boʻlishi mumkin. Bu orzuga yaqin kelajakda erishib boʻlmasa-da, aynan ana shunday ideallar odamga maqsadlar qoʻyib, unga erishish yoʻlidagi qiyinchiliklarni yengish uchun irodani safarbar qilishga yordam beradi. Inson ruhiy olamning belgilovchi jihatlari sifatida uning qiziqishlari va dunyoqarashini alohida ajratish mumkin. Qiziqishlar ham anglangan motivlardan boʻlib, ular shaxsning atrofida roʻy berayotgan barcha hodisalar, olamlar, ularning oʻzaro munosabatlari, yangiliklar borasida faktlar toʻplash, ularni oʻrganishga imkon beruvchi omildir. Qiziqishlar mazmunan keng yoki tor, maqsad jihatidan professional, bevosita yoki bilvosita boʻlishi, vaqt jihatdan barqaror, doimiy yoki vaqtinchalik boʻlishi mumkin.
Qiziqishlarning eng muhim tomoni shundaki, ular shaxs dunyoqarashi va eʼtiqodini shakllantirishga asos boʻladi. Chunki eʼtiqod shaxsning shunday ongli yoʻnalishiki, unga oʻz qarashlari, prinsiplari va dunyoqarashiga mos tarzda yashashga imkon beradi. Xalq doimo eʼtiqodli insonlarni hurmat qiladi. Eʼtiqodning predmeti turlicha boʻlishi mumkin: Vatan, din, fan, kasb, axloqiy meʼyorlar, oila, goʻzallik va shu kabiga eʼtiqod. Eʼtiqod va qiziqishlar har birimiz ruhiy olamimizning muhim jihati boʻlgan dunyoqarashni shakllantiradi. Dunyoqarash – odamning tevarak-atrofdagi olamga va unda oʻzining tutgan oʻrniga qarashlaridan kelib chiqqan tizim, uning falsafiy, siyosiy, ilmiy, diniy, aqliy va estetik qarashlari yigʻindisi. Dunyoqarash – tartibga solingan, yaxlit ongli tizimga aylantirilgan bilim, tasavvurlar va gʻoyalar majmui boʻlib, u shaxsni maʼlum bir qolipda, oʻz shaxsiy qiyofasiga ega tarzda jamiyatda munosib oʻrin egallashga chorlaydi. Mustaqillik davrida shakllanayotgan yangicha dunyoqarash yoshlarda Vatanga sadoqatni, milliy qadriyatlar, anʼanalarni eʼzozlashni, oʻz yaqinlariga mehribon va tanlagan yoʻliga – kasbi, maslagi va eʼtiqodiga sodiqlikni nazarda tutadi. Yangicha fikrlash va yangicha tafakkur aynan mustaqillik mafkurasi ruhida tarbiya topib, sayqal topgan milliy ong, dunyoqarash va eʼtiqoddir. Ruhiy olam shaxs va jamiyat oʻrtasidagi uzviy bogʻlanishni hosil qiladi. Inson hayotga qadam tashlar ekan, uning shaxs sifatidagi kamoloti, ruhiy olami shakllanishi va rivojlanishi aynan jamiyatda sodir boʻladi.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q