Rostgoʻylik


Saqlash
16:10 / 11.10.2023 0 861

Rostgoʻy(lik) – toʻgʻrisoʻzlik yoki insonning haqiqatga intilishi bilan bogʻliq xatti-harakatini ifodalovchi maʼnaviy fazilatni anglatuvchi tushuncha. Haqiqat doimo sinfiylik, partiyaviylik, mafkuraviylik, tarixiylik va davriylikdan yuqori turadi. Rostgoʻylik haqiqatni ifoda etish shakllaridan biridir. Rostgoʻylik – insonning soʻzi, ongi, ruhiga singdirgan, ijtimoiy-hayotiy, davriy-tajribaviy xususiyat emas, balki uning mohiyatini ifodalovchi fazilat. Masalan, tili chiqqan yosh goʻdakka nima desangiz ishonadi, oʻzi nimaiki desa – rost gapiradi. Goʻdakning soddaligi, ishonuvchanligi, toʻgʻrisini aytishidan biz – kattalar kulamiz, lekin haqiqat ustidan, rostgoʻylik ustidan kulayotganimizni oʻylab ham koʻrmaymiz. Goʻdak ulgʻayib, “aqli kirib” borgani sari atrof-muhitda yolgʻon mavjudligini, baʼzi bir oʻrinda rost gapirsa yo kulgi boʻlishi, yo jazo olishi mumkinligini anglab yetadi va asta-sekin yolgʻonga oʻrgana boshlaydi, dastlabki maishiy yolgʻon ijtimoiy bosqichga koʻtariladi. Lekin bu ijtimoiy hayot yolgʻonga toʻla, degan tasavvur bermaydi. Rost yoki yolgʻonni ishlatish tarbiya olishiga ham bogʻliq. Endi u tarbiyasi, ideali va xarakteriga koʻra, xususiy yoki guruhiy manfaatdorlikni taʼminlovchi yolgʻon atrofdagi voqelikning hamrohiga aylanadi. Insonni bu yoʻldan faqat yuksak maʼnaviyat, birinchi galda, axloqiy tarbiya qutqaradi. Ezgulik, nomus, qadr-qimmat, insonparvarlik, halollik, insof nima ekanini tushunib yetgan kishigina rostgoʻylik boʻla oladi. Rostgoʻylik insondan sabr-toqat, matonat va jasoratni talab qiladi.

 

Rostgoʻy inson qoʻrquvdan forigʻ boʻladi, har qanday holatda ham vijdoniga qarshi bormaydi, kimlarningdir koʻziga qarab ish tutmaydi, yaqinlari yoki hamkasabalarini xafa qilishdan, oʻz moddiy manfaatdorligiga zarar yetkazishdan choʻchimaydi. Rostgoʻy inson aziyat chekishi, taʼna-dashnomlarga qolishi mumkin. Lekin bularning hammasi bir odamga yoki muayyan guruhga voqelikni asl holida yetkazganidan, ularni notoʻgʻri yoʻlga solib yubormaganidan qalbda paydo boʻlgan maʼnaviy qoniqish hissi, xotirjamlik va orom tufayli yuvilib ketadi, ichki quvonch unga baland ruh bagʻishlaydi. “Toʻgʻri soʻzli kishi barchaning eʼtiborini qozonadi. Yaxshi ishidan yanada ulugʻroq martabalarga tavsiya etiladi. Qadr-qimmati ortadi, har yerda soʻzi maqbul boʻladi. Yolgʻonchi esa bu fazilatlarning barchasidan mahrum boʻlib, uning orqasidan odamlar nafrat bilan qarashadi. Yolgʻonchi yolgʻon soʻzi bilan oʻzgalarning obroʻsini toʻkmoqchi, huquqidan mahrum qilmoqchi boʻladi. Vaholanki, uning yolgʻon soʻzlari oʻzi uchun ziyon boʻlib chiqadi” (Xayoliddin al-Hasaniy). Donishmandlar yolgʻonchilikni eng katta yovuzlik, yolgʻonchilarni eng razil kishilar sirasiga kiritishgan. Chunki yolgʻonchi kishi yolgʻon narsalarni naql qilib, odamlar orasiga nifoq soladi. Oʻzgalar haqida boʻlmagʻur gaplarni tarqatadi. Boʻlgan yoki boʻlayotgan voqea-hodisalar haqida notoʻgʻri axborot berib, odamlarni adashtiradi. Kimningdir yolgʻoni tufayli odamlar ishonchga loyiq narsalarga ishonish, ishonchsizlikka sazovor narsalarga ishonmaslik imkonidan mahrum boʻladi va notoʻgʻri qarorlar qabul qiladi. Umuman, rostgoʻylik insondagi vijdon, adolatparvarlik kabi xislatlar bilan bogʻliq. Din-diyonatda ham, insoniylik martabasida ham rostgoʻylik yuksak sharaflanadi. “Oqil chindan oʻzga demas, ammo barcha chinni ham demak oqil ishi emas” deya ibrat beradi hazrat Navoiy. Zotan, turmushda ezgulikka xizmat qiladigan yolgʻon ishlatiladiki, bu ayb, gunoh sanalmaydi. Xasta kishini koʻrgani borilganda, tuzuksiz, deb koʻngil olinadi.

 

Tabiatan xunuk yoki nogiron kishilarning nuqsoni haqidagi rost soʻzlar zarurat chogʻida ham ular huzurida aytilmaydi. Saʼdiy Sheroziyning “Guliston” asarida shunday ibratli hikoyat bor: “Bir sulton bir asirni oʻldirmoqqa buyurdi. Shunday naql bor: «Har kim jonidan qoʻl yuvsa, koʻnglida borini tiliga keltirar”. U bechora tiriklikdan umidini uzib, sultonni soʻkdi. Sulton: “U oʻlimli kishi nima deyapti?” – deb soʻradi. Vazirlar ichida bir oqili bor edi. U aytdiki: «Sultonimizning umri uzoq boʻlsin! Bu bechora “Val-kozimin al-gʻayza val-ofina aninnosi vallo hu yuhibb-ul-muhsinina” (Maʼnosi: “Jannat gʻazabni yutkuvchilarnikidir va odamlar gunohin kechiruvchilarnikidir”) demoqda». Sulton buni eshitib, asirning gunohidan kechib, ozod qildi. Ammo oqil vazirning dushmani – boshqa bir vazir: “Sulton xizmatida yolgʻon soʻzlamoq bizning martabamizga loyiq ish emas. U gunohkor sultonni yaramas soʻzlar bilan soʻkdi” deb, sirni ochadi. Sulton u vazirdan ranjib: “Uning yolgʻon soʻzi sening toʻgʻri soʻzingdan yaxshiroqdir. Negaki, uning soʻzining binosi maslahatga, seniki esa gʻiybat ustiga qurilgan”, dedi. “Odamlar bilan muomala qilayotganda ehtiyot boʻlmoq, rost bilan yolgʻon soʻzni farqlay bilmoq kerak. Yolgʻonga suyangan xushomad soʻzni koʻp aytadiganlar koʻp boʻlganidek, rost soʻzni chin dildan eshitadiganlar ham kamdir. Bu borada ibrat koʻzini ochib, farosat bilan ish tutmoq lozim” (Abulbarokot Qodiriy).

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 137
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 387
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 144
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 221
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 531
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 951
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218735
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104488
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34139
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27314
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26543
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25133
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24850
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21699
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//