Renessans


Saqlash
17:10 / 09.10.2023 0 4079

Renessans (fransuzcha renaissayce – uygʻonish) – insoniyat maʼnaviy taraqqiyotidagi uygʻonish davri. Bizning xalqimiz oʻz tarixida ikki bor ana shunday Renessansni yaratgan. Birinchisi ilk oʻrta asrlarda, ikkinchisi esa Sohibqiron Temur va temuriylar davrida roʻy bergan va insoniyat taraqqiyotida katta ahamiyatga ega boʻlgan. Bugungi kunda yurtimizda Uchinchi Renessans poydevori yaratilmoqda. XIII asrdan eʼtiboran Yevropada renessans davri boshlandi. Tabiiyki, ushbu ijtimoiy-tarixiy jarayon Yevropaning turli mamlakatlarida turlicha kechdi. Renessans davri Yevropada uch asosiy bosqichni: ilk bosqich (XIV asr), yetuklik bosqichi (XV asr) va oxirlab qolgan soʻnggi bosqich (XVI asr)ni bosib oʻtdi. Renessans oʻzining ilk bosqichida butun Yevropani emas, balki uning eng rivojlangan mamtlarini qamrab oldi. Renessans davrining ilk bosqichi izlari qadimgi Italiyaga borib taqaladi. Renessans gʻoyalari qadimgi Italiyada XII asrdayoq vujudga kelgan edi. Xuddi shuning uchun ham renessans oʻzining ilk bosqichida sof “italyancha voqea” edi. Oʻz taraqqiyotining yetuk bosqichida u butun Yevropaga xos xususiyat kasb etdi. Bu paytda Yevropaning qator rivojlangan mamlakatlarida hunarmandchilik va savdo-sotiqning tez rivojlanishi boshlandi. Kishilarning shahar tomon intilishlari oshib ketdi. Jamiyat hayotida shaharlarning oʻrni va ahamiyati uzluksiz kuchaydi. Yangi iqtisodiy munosabatlar qaror topa boshladi. Kishilarning turmush tarzida muhim ijobiy oʻzgarishlar sodir boʻla boshladi. Renessans davri oʻziga xos yangi madaniyatni yaratdi. Ushbu madaniyat nafaqat dinga, balki ilm va fanning ilgʻor yutuqlariga tayana boshladi.

 

Ilk renessans davrida fanning buyuk qudratli qadriyatlari ulugʻlandi va yanada boyidi. Oqibatda renessans davrida Yevropaning rivojlangan mamlakatlarida inqilobiy oʻzgarishlar roʻy berdi. Chunonchi, bu davrga kelib birinchi kitob nashr etildi, Kolumb tomonidan Amerika kashf etildi, Vasko da Gama Afrikani aylanib oʻtib, Hindistonga boradigan dengiz yoʻlini ochdi, Magellan oʻzining uzoq davom etgan sayohatiga asoslanib, Yer kurrasining sharsimon ekanligini isbotladi, geografiya va geodeziya fan sifatida eʼtirof etildi. Matematikada simvolik belgilar qabul qilindi, ilmiy anatomiya va fiziologiya asoslarini fan sifatida oʻrganish boshlandi, kimyo va astronomiyada katta yutuqlarga erishildi, renessans davriga kelib xristian dini oʻzining mafkuraviy hukmronlik mavqeini yoʻqota boshladi, ijtimoiy turmushning barcha sohalarida din va cherkovning zoʻravonlik taʼsiri barham topdi. Bunday keskin burilish faqat fan, falsafa sanʼat va adabiyotdagina emas, balki xristian dinining oʻz qobigʻida ham roʻy berdi. Yaʼni, Yevropaning bir qator mamlakatlarida sekulyarizatsiya jarayoni boshlandi. Sekulyarizatsiya (din, cherkov taʼsiridan xoli boʻlish) jarayoni kishilar dunyoqarashida dinning taʼsirini kamaytirib yubordi. Shuningdek, bu jarayon ijtimoiy turmushning boshqa sohalariga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmasdan qolmadi. Oqibatda kishilarning fikrlash madaniyatida ham jiddiy oʻzgarishlar roʻy berdi. Tabiiyki, fikrlash madaniyatidagi bunday keskin oʻzgarish oʻrta asr teokratizmiga qarshi kurash zaminida vujudga keldi va rivojlana boshladi. Endilikda kishilarning fikrlash madaniyatida gumanistik qarashlar ustuvorlik qila boshladi. Tabiiy ijtimoiy muhitda sodir boʻlayotgan oʻzgarishlarga insonning intellektual aqliy imkoniyatlari nuqtai nazaridan qarash qaror topa boshladi. Kishilarning fikrlash madaniyatida gumanistik tamoyillarning ustuvorligi ularning antik madaniy merosga boʻlgan qiziqishlarini kuchaytirdi.

 

Qadimgi yunon faylasuflari Aflotun va Arastu falsafasi qayta tahlil qilina boshlandi. Neoplatonizm, stoiklar falsafasi Epikur va Sitseron qarashlariga qiziqish kuchaydi. Renessans, eng avvalo, antik zamonning madaniy va falsafiy merosi haqida erkin fikr yuritish, har qanday qoidalarni oʻzgarmas, mutlaq haqiqat deb qarashdan voz kechish, inson bisotida mavjud boʻlgan qobiliyat va isʼtedodni erkin namoyish qilish uchun vujudga kelgan imkoniyat edi. Xuddi shuning uchun barcha ijod ahli “yopiq maktablar” namoyandalari emas, balki mustaqil tadqiqotchi sifatida harakat qila boshladi. Har bir tadqiqotchining oʻziga xos bayon qilish, ilmiy-falsafiy asarlarni oʻziga xos talqin qilish, voqelikni real tasvirlash uslublari vujudga keldi. Renessans madaniyatining asosiy targʻibotchilari va tashviqotchilari shahar aholisining yuqori taba qalari – yirik ishbilarmonlar, meshchanlar, yuqori maʼlumotga ega boʻlgan ziyolilar edi. Renessans davri madaniyati insonparvarlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan va falsafasi insonni eng oliy qadriyat ekanini har tomonlama isbotlashga urindi. Xuddi shu davrga kelib, ijtimoiy munosabatlarni baholashning yangi insoniylik mezoni vujudga keldi. Insoniylik ajdodlar yaratgan madaniy-maʼnaviy merosni oʻzlashtirish qobiliyati bilan belgilandi, olamni teotsentrik tushunishdan antropotsentrik tushunishga oʻtildi. Bunday inqilobiy oʻzgarish, shubhasiz, oʻta murakkab jarayon boʻlib, turli ziddiyatlarga toʻla edi. Renessans davri insoniyat bosib oʻtgan tarixiy taraqqiyot yoʻlining eng muhim davrlaridan biridir. Bu davr jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshdi. Renessans davrida gumanistik gʻoyalarni ulugʻlagan Dante Aligyeri (1265–1321), Padunlik Marsiliy (1278–1348), Franchesko Petrarka (1304–1374), Djovanni Bokachcho (1313–1375), Marsilio Fichino (1422–1495), Piko Dello Mirandola (1463–1495) kabi buyuk zotlarning katta bir sulolasi yetishib chiqdi. Ilm-fanga eʼtibor kuchaydi, amaliyot bilan fan orasidagi chegara ham oʻzgara boshladi. Muhandis va rassom nafaqat oʻrta asr zamonasidagidek “sanʼatkor”, “texnik”, balki chinakam ijodkor, yaratuvchi darajasiga koʻtarildi. Kepler, Galiley, Kovalyeri singari ijodkorlar Xudo tomonidan sodir etilgan tabiiy hodisalarni ichki tuzilishidagi oʻzaro aloqadorlik qonuniyatlarini bilishga intildilar. Inson toʻgʻrisidagi qarashlar renessans davrida yanada yuksaklikka koʻtarila boshladi. Endilikda insonning qadr-qimmati har tomonlama osha boshladi. Oʻrta asrlarda mavjud boʻlgan inson – Xudo orasidagi ittifoqqa va u haqdagi qarashlarga darz ketdi. Inson Xudodan ajralib, mustaqil fikrlash imkoniyatiga ega boʻldi. Endi u falakiyotdan emas, balki oʻzidan, oʻzining teranlashib borayotgan aql-farosatidan, goʻzallashib borayotgan tanasining imkoniyatlaridan najot izlay boshladi. Xuddi shu bois renessans davri antropotsentrizmida goʻzallikni ulugʻlash tamoyili ustuvor mavqega koʻtarildi. Tasvirlarda inson goʻzalligini, ayniqsa, uning qiyofasidagi latofatni tasvirlash oʻsha davr sanʼatining bosh mavzusiga aylandi. Bunday holatni renessans davrining mashhur musavvirlari – Bottichelli, Leonardo da Vinchi, Rafael asarlarida koʻrish mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 137
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 387
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 144
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 221
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 531
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 951
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218735
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104488
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34139
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27314
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26543
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25133
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24850
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21697
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//