Bilasizmi?
Rahbar masʼuliyati – rahbar madaniyatining asosiy belgilaridan biri boʻlib, uning maʼlum sohaga javobgarligini ifoda etadi. U alohida shaxs, xodim masʼuliyatidan farq qilib, koʻlami kengligi bilan ajralib turadi. Shu bois, rahbar masʼuliyati hamisha muhim sanalgan. Masʼuliyat, avvalo, har bir kishining vijdoni, iymoni, qolaversa, jamoa, jamiyat, Vatan, millat oldidagi burchini teran anglashdir. Umuman, masʼuliyat rahbarning zimmasidagi vazifasiga nisbatan javobgarlik tuygʻusidir. Masʼuliyatli rahbar, eng avvalo, oʻziga, oʻzgalarga nisbatan talabchan boʻladi. Rahbar faoliyatidagi barcha salbiy hodisalar masʼuliyat hissining sustligidan kelib chiqadi. Masʼuliyatsizlikning eng salbiy koʻrinishi siyosiy masʼuliyatsizlikdir. Siyosiy masʼuliyatsizlik – siyosiy kaltabinlik, safsatabozlik, nayrangbozlik, qalloblik kabi salbiy illatlarning paydo boʻlishiga sabab boʻladi. Binobarin, rahbarlik lavozimidagi kishidan yuksak ong va tafakkur, hushyor idrok talab etiladi. Tarixiy tafakkur va siyosiy ongning qay darajada shakllanishi esa, avvalo, jamiyat taraqqiyoti, undagi ichki va tashqi shart-sharoitlarga bogʻliq holda kechadi.
Bugungi kunda rahbar kadrlar oldiga qoʻyilayotgan, qolaversa, hayot taqozo etayotgan asosiy vazifalar quyidagilardan iborat:
1. Rahbar koʻngli ochiq, qalbi va koʻngli toza, aql-zakovat sohibi, maʼnaviy shakllangan boʻlishi kerak.
2. Rahbar oʻzini tarbiya qilgan, ishonch bildirib, yuksak martabaga munosib koʻrgan el-yurtiga halol xizmat qilishi, zimmasidagi masʼuliyatni his etib yashamogʻi lozim.
3. Rahbar aqlli, tajribali, oʻz ishining bilimdoni boʻlgan mutaxassislarga tayanmogʻi, ularning fikriga quloq solmogʻi, shunga asoslanib xulosa chiqarmogʻi kerak. Uning quyi pogʻonadagi rahbar kadrlarni toʻgʻri tanlash va tarbiyalashi juda muhim.
4. Rahbarning barcha ishlari xalq hayotiga ijobiy taʼsir koʻrsatmogʻi shart. Kimlargadir yaxshi koʻrinish, maqtanish uchun qilingan ish rahbarning kelgusidagi faoliyatida salbiy iz qoldirishi mumkin.
5. Rahbarda xalqi va Vataniga fidoyilik, tashabbuskorlik, qatʼiyat va talabchanlik boʻlmogʻi shart. Talabchanlikni zoʻravonlikka, qatʼiyatni manmanlikka aylantirish oʻta kaltabinlikdir. Manmanlik, zoʻravonlik, oʻzgalar fikriga quloq solmaslik rahbar kadrlarni yaxshi mutaxassislar, mehnatkash, sodda va samimiy odamlardan uzoqlashtirib qoʻyadi. Rahbarning qoʻl ostidagi xodim va mutaxassislarni koʻpchilik oldida shaxsiga tegib, haqoratlashi uning ojizligi, oʻz vazifasiga noloyiqligi alomatidir.
6. Rahbar hech qachon mayda gaplar, fisqu fasod, maishatbozlikka berilmasligi kerak.
7. Katta rahbarlarning kichik rahbarlarni mahalliychilik, oshna-ogʻaynichilik, shaxsiy sadoqatiga qarab tanlashi oʻta kaltabinlik. Ayniqsa, yangi rahbar oʻzidan oldin faoliyat koʻrsatgan rahbar davrida ishlagan yaxshi mutaxassislarni ishdan boʻshatishi, oʻziga raqib bilishi achinarli hol boʻlib, bu umumdavlat manfaatiga jiddiy zarar yetkazadi.
8. Rahbar maqtovdan boshi aylanib, “dohiy”lik kasaliga chalinib qolmasligi kerak. Bunday rahbarlar atrofida faqat oʻz manfaatini oʻylovchi “maslahatgoʻylar”, amalparast, laganbardor, poraxoʻr, oddiy odamlarga zugʻum oʻtkazuvchi kimsalar toʻplanib qoladi. Buning oqibatida esa xalq va davlat manfaatlariga jiddiy ziyon yetadi.
9. Rahbar nafs balosiga qarshi turmogʻi, oʻzidan kichik rahbarlarni ham bu balodan asramogʻi kerak.
10. Rahbar adolatsizlikka aslo yoʻl qoʻymasligi lozim.
11. Rahbar oʻz shaxsiy hayoti, turmush kechirishida ham boshqalarga oʻrnak boʻlmogʻi kerak.
12. Rahbarning barcha ishlari ochiq va oshkora boʻlishi lozim. Vaqti-vaqti bilan xalq oldida hisobot berib turishi ularga obroʻ keltiradi.
13. Rahbar oʻz gʻoyasi, fikri, harakat dasturiga ega boʻlishi bilan birga, barchani yurt taraqqiyoti, xalq tinch-totuvligi, farovonligi yoʻlida yagona gʻoya atrofida jipslashtirishi shart.
Rahbarlik aql-farosat, kuch-gʻayrat, izlanish va topqirlikni, oʻz ustida tinmay ishlashni, tadbirkorlikni talab qiladi. “Rahbar” tushunchasining quyidagi jihatlari ahamiyatlidir:
1) rahbar ijtimoiy shaxs sifatida ishlab chiqaruvchi kuchlar va ishlab chiqarish resurslarini birlashtirib, uning asosiy harakatlantiruvchi kuchini boshqaruvchi sifatida omilkorlik bilan ish yurituvchi shaxs;
2) rahbar har qanday ishni amalga oshirish uchun, avvalo, mustaqil qaror qabul qiladi. Bu qaror rahbarning tadbirkorlik, ishbilarmonlik faoliyati maqsadlarini belgilaydi;
3) rahbar oʻz sohasiga yangi gʻoya, yangi tashabbus, yangi texnologiyalarni joriy etuvchi tadbirkor shaxs hisoblanadi;
4) rahbar mehnati, ayni vaqtda, tadbirkorlikka asoslangan mashaqqatli faoliyatdir. Unga sarflangan kuch, mablagʻ baʼzan vaqtincha foyda emas, zarar keltirishi, bunda jamoa foyda oʻrniga zarar ham koʻrishi mumkin. U bunday holatlarni oldindan koʻra olishi va bunga tayyor turishi, zarur boʻlganda, faoliyatini qayta boshlashi, oʻzida bunga kuch-gʻayrat topa bilishi lozim.
Ushbu jihatlar rahbarlik faoliyatining maʼlum jihatlarini namoyon etadi. Masalaning ikkinchi tomoni rahbarlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi kishining shaxsi bilan bogʻliq yuksak insoniy fazilatlardan iborat. Rahbar halol-pok, vijdonli, iymonli, qattiqqoʻl, diyonatli, mehr-shafqatli boʻlishi kerak. Rahbarlikka egri yoʻl, egri qoʻl, egri maqsad bilan erishib boʻlmaydi. Feʼl-atvorida egrilik bor kishi rahbarlik lavozimida uzoq faoliyat yuritolmaydi. Rahbar mustaqil boʻlishi, ijtimoiy faoliyatning qonuniy taqiqlanmagan hamma sohasi bilan shugʻullana olishi lozim. Shu bilan birga, u oʻzi boshqarayotgan jamoa orasida obroʻ-eʼtiborga ega boʻlishi zarur. Rahbar faol boʻlmasa, jamiyatda ijtimoiy faollik shakllanmaydi. Kattami, kichikmi, qanday mansabda boʻlishidan qatʼi nazar, har bir rahbar oldida “oʻz ishimga talab darajasida yondashishim uchun nimalarni bilishim, qanday fazilatlarga ega boʻlishim kerak?” degan savol hamisha koʻndalang turadi. Boshqaruvda tajriba, koʻnikma, mahorat, bilim, aql va idrokning roli katta. Ammo, eng avvalo, boshqaruv – sanʼat, aniqroq aytganda, ijoddir. Rahbarlikka ham, sanʼatkor uchun zarur boʻlganidek, iqtidor va isteʼdod lozim. Koʻrinadiki, har kimdan sanʼatkor chiqmaganidek, istagan odamdan ham yaxshi rahbar chiqavermaydi. Rahbar oʻz qobiliyati, isteʼdodini ishga solib izlanadi, shu maqsadda hayotni, odamlarni chuqur oʻrganadi. Natijada toʻplagan bilimlari, tajribalarini boshqaruvning umumiy qonuniyatlari asosida shakllantirib, oʻzining rahbarlik usulini yaratadi. U oʻz boshqaruv usullarini shakllantirishda mutlaqo erkin shaxsdir, ammo uning rahbarlik usuli ijobiy natija berishi kerak.
Rahbarlik faoliyatining samaradorligi rahbar shaxsning tafakkuri, aql-idrokiga ham bevosita bogʻliq. Tafakkur rahbarga keng va chuqur fikrlay olish, yaxshini yomondan, foydani zarardan, muhimni nomuhimdan bexato ajrata olish imkonini beradi. Bu – hammaga ham nasib qilavermaydigan yuksak fazilat. Agar rahbarda mazkur xislatlar shakllangan boʻlsa, bunday rahbar boshqaruvning sir-asrorlarini mukammal egallab oladi, oʻz jamoasi oʻrtasida obroʻ va ishonch qozonadi. Demak, har qanday rahbar keng va chuqur fikrlay olishi bilan birga, chaqqon va uddaburon, harakatchan va shijoatli boʻlishi ham kerak. Shuning uchun rahbarlik faoliyatini tafakkur va harakat birligi deyish mumkin. Rahbardagi oʻziga xos talabchanlik, mehribonlik hamda masʼuliyat jamoa aʼzolarida ham javobgarlik hissining shakllanishiga sabab boʻladi. Malakali rahbar kadrlar tizimini muvaffaqiyatli shakllantirish uchun ijtimoiy psixologiya, rahbar psixologiyasi, boshqaruv psixologiyasi kabi fanlarni yaxshi oʻzlashtirishi kerak. Rahbarlik lavozimini egallaydigan har bir rahbar maʼnaviy barkamol boʻlmogʻi, oʻz yurti va millati bilan gʻururlanmogʻi, yuksak axloqiylik, maʼnaviy yetuklik bilan uygʻunlashmogʻi darkor. Ana shunday rahbar jamiyat, Vatan oldidagi masʼuliyatini, burchini teran his qiladi, ijtimoiy hayotda inson manfaatlarining ustuvorligini hayotiy ehtiyoj sifatida qabul qiladi.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q