Bilasizmi?
Rahbar madaniyati – rahbar xodimlar, yetakchilar, yoʻlboshchilarga xos maʼnaviy qiyofa, axloq-odob, muomala va boshqaruv madaniyatini ifodalovchi soʻz birikmasi. Madaniyat, avvalo, maʼnaviy boylik hosilasi. Siyosiy madaniyati yuksak rahbar millat, davlat, xalq manfaati nuqtai nazaridan ish tutadi, umummanfaatni oʻz shaxsiy ehtiyoj va manfaatlaridan ustun qoʻyadi. Rahbar va rahbarlikka daʼvogar shaxs alohida xulq-atvorga, maʼnaviyat va madaniyatga ega boʻlishi, uni doimiy ravishda takomillashtirib borishi lozim. Buning uchun siyosiy hayotdan xabardor boʻlish yoki iqtisodiy va kasbiy bilimlarni oʻzlashtirishning oʻzigina kifoya qilmaydi. Ular jahon tajribalari asosida shakllangan ilgʻor boshqaruv malakalarini ham oʻzlashtirgan boʻlishlari kerak. Bugungi rahbar bunga zimmasidagi vazifalarga yuksak masʼuliyat bilan yondashish, oʻziga nisbatan talabchanlik orqali erishadi. Masalan, u har kuni gazeta-jurnallar oʻqishi, radio va oynai jahon yangiliklaridan xabardor boʻlish orqali ham maʼlum darajada bilim olishi mumkin. Siyosat, iqtisod va maʼnaviyatga daxldor kitoblar, mumtoz adabiyot, tarixiy jarayonlarni chuqur mushohada qilish ham uning dunyoqarashini kengaytiradi. Agar aql-zakovati, tafakkuri, maʼnaviy kamoloti, madaniyati bilan rahbar mustaqil fikrlashdan, mushohada qilishdan, kundalik voqea-hodisalarni teran tahlil etib borishdan uzoqlashsa, rahbarlik talab etgan maʼnaviyatdan uzoqlashib boradi. Rahbar oʻzining maʼnaviy faoliyatini fikrlash orqali shakllantirib boradi. Mushohada esa mushohadadan quvvat oladi. Amerikalik mashhur olim va ixtirochi Tomas Edison “Taraqqiyotning buyuk vazifasi odamni fikrlashga oʻrgatishdir”, degan edi. Vujud yalqovligi fikrlash yalqovligidan boshlanadi, fikrlash toʻxtagan joyda rahbarning maʼnaviyati ham, madaniyati ham zaiflashib boradi.
Rahbar maʼnaviyat va madaniyatning kuch-qudratidan ezgu maqsadlar yoʻlida samarali foydalanishi, boshqaruv tizimidagi ijtimoiy munosabatlarni insonparvarlik gʻoyalari asosida rivojlantirib borishi darkor. Rahbarning tanqidi odamlarga katta va asosiy taʼsir koʻrsatuvchi vositadir. Shuning uchun ham uni kerakli vaziyatda nihoyatda ehtiyotkorlik bilan ishlatish kerak. Zero, rahbarlik uslubi boshqarish madaniyatining maʼlum elementlariga ega boʻlishni taqozo etadi. Boshqarish madaniyatining koʻrinishlari tegishli meʼyorlar bilan belgilanadigan madaniyat qoidalarini oʻz ichiga oladi. Rahbarlar bilan oddiy odamlar oʻrtasidagi munosabatlar madaniyatlilik qoidalariga asoslanmogʻi kerak. Bu qoidalar ijtimoiy burchni yuksak darajada anglash, kishilar oʻrtasida insonparvarlik munosabatlari, oʻzaro hurmat, hamjihatlik va birodarlik kabilardan iborat. Rahbarlik madaniyatini takomillashtirish uning barcha elementlariga eʼtiborni kuchaytirish demakdir. Bularning barchasi rahbar madaniy saviyasining oʻsib borishiga va siyosiy madaniyatining takomillashuviga katta yordam beradi. Chunki cheklangan tafakkur, chala bilim, past madaniyat bilan dunyoda roʻy berayotgan murakkab jarayonlarni teran anglash, masʼuliyatli vazifa va mansabni egallab boʻlmaydi. Binobarin, demokratik asosda shakllanib borayotgan jamiyatimiz talabi shuki, siyosiy yetuk, aqlan va maʼnan barkamol, puxta bilimga ega boʻlgan teran tafakkurli kishilargina rahbar boʻlishga haqlidir.
Rahbar maʼnaviyati – rahbarning shakllangan (ichki) ruhiy quvvati. Uning maʼnaviy psixologik madaniyati ajdodlar ibratiga asoslanib, qadriyat darajasida qadrlanadigan, shaxs maʼnaviy olamini tartibga soladigan, koʻnikma darajasiga yetgan hissiy bilimlar majmuidir. Rahbar oʻz rahbarlik salohiyatini tako millashtirishi uchun maʼnaviy olamini boyituvchi bilimlarni egallashi, tashabbuskorlik qobiliyatini oshirishi zarur. Rahbarning maʼnaviy mulkiga aylangan bilim unga xohish-istaklarini chegaralay bilish, oʻzini tashqi tazyiq va taʼsirlardan himoya qilishga vosita boʻladi. Yaʼni, maʼnaviy jihatdan barkamol rahbar boʻlish har qanday ijtimoiy-psixologik muhitda oʻzini tuta bilib, oʻzi rahbarlik qilayotgan jamoada hamda keng jamoatchilik orasida sogʻlom muhit yaratish va insonlarga samimiy munosabatda boʻlishdan qoniqib yashaydi. Maʼnaviyati yuksak rahbar jamiyatdagi yomonlik, adolatsizlik, qonunbuzarlik, Vatan manfaatlariga zid harakatlarga qarshi kurashda iroda, shijoat va faollik koʻrsata oladi.
Rahbarlarni maʼnaviy-psixologik madaniyati darajasi nuqtai nazaridan bir necha toifaga boʻlishi mumkin:
1. Maʼnaviy saviyasi nisbatan past shakllangan rahbarlar. Bunday rahbarlar oddiy axloqiy-ruhiy fazilatlardan mahrum, jamiyat maʼnaviy meʼyorlarini tushunib yetmaydigan va ularni mensimaydigan shaxslardir.
2. Maʼnaviy madaniyati, axloqiy darajasi past boʻlishi bilan birga, jamoat fikri, oila, xalq anʼanalari va boshqa qadriyatlar bilan bogʻliq psixologik muhitni buzuvchi rahbarlar.
3. Axloqiy meʼyorlarni hayotiy zarurat sifatida ichki ishonch va tuygʻu bilan oʻzlashtirmay, ularni koʻrkoʻrona qabul qiluvchi rahbarlar. Bunday rahbarlar nazariy jihatdan yuqori bilimga ega boʻladi, amalda esa bu bilimlarni qoʻllay olmaydi yoki ularda tashkilotchilik qobiliyati yetishmaydi.
4. Ruhan zaif, maʼnaviy madaniyati ancha yuqori boʻlsa-da, adolatsizlikni oʻtkir hissiyot bilan qabul qiladigan rahbarlar. Ularda axloqiy bilimlar yetarli, ammo ularni namoyon qilish uchun tashabbuskorlik, mustaqillik va shijoat yetishmaydi.
5. Maʼnaviy madaniyat va siyosiy-psixologik bilimlarni yetarli darajada egallagan, tashabbuskor, shijoatli rahbarlar. Ular chuqur bilim, teran tafakkur va oʻtkir mushohada, maʼnaviy hissiyotlarga boy boʻladi.
Psixologik bilimlarni atroflicha oʻzlashtirgan rahbar oʻzida yuqori darajadagi madaniyat, xulq, axloq meʼyorlarini mujassamlashtiradi. Bu esa rahbar oʻzida individual va intellektual saviyani har tomonlama takomillashtirib borishini taqozo qiladi. Rahbarlarning shaxsiy eʼtiqodi va maʼnaviy qiyofasini tubdan oʻzgartirishga mustaqil taraqqiyot yoʻlida toʻplangan tajriba, dunyo jamoatchiligi oʻzbek modeli deya eʼtirof etgan oʻzimizga xos vamos taraqqiyot yoʻli, kelajagi buyuk davlat barpo etish borasida amalga oshirilayotgan barcha tarixiy oʻzgarishlar va yangilanishlar katta yordam beradi. Oʻzining rahbarlik faoliyatini, oldiga qoʻygan maqsadlarini aniq tasavvur qila oladigan, kelajak uchun qaygʻuradigan rahbar hech bir davrda milliy gʻoya va maʼnaviy mafkurasiz kamol topishi mumkin emas. Maʼnaviy qiyofasi, maʼnaviy mafkurasi boʻlmagan har qanday rahbar oʻz yoʻlidan adashadi. Qaysi jamiyat maʼnaviy barkamol rahbarga koʻproq ega boʻlsa, ana shu jamtdagi tarixiy taraqqiyot, tiklanish keskin siyosiy “larzalar”siz, ijtimoiy “ogʻriqlar”siz va iqtisodiy “oʻpirilishlar”siz kechadi. Maʼnaviy nuqtai nazardan yuksak, ongi tiyrak rahbar uchun kadrlar bilan katta yoʻlga chiqish, xalq, millat oldida turgan barcha muammolarni ijobiy hal etish oson kechadi.
Rahbar maʼnaviyatining shakllanishi va rivoji, odatda, uch tarkibiy boʻgʻinda namoyon boʻladi. Mafkura koʻrinishidagi birinchi boʻgʻin – maʼlumot, axborot toʻplash, asosan soʻz, mulohaza, ibrat, gʻoya va nazariyalar darajasida ifodalanadi. Rahbar maʼnaviy meros, qadriyatlar bilan tanishadi, ularni oʻzlashtiradi, yangilikni dunyoqarashiga singdiradi. Bu ishonch boʻgʻinidir. Ikkinchi boʻgʻin – insonga yoshligidan singdirilgan madaniy-maʼnaviy qarashlar, axloqiy qadriyatlar, anʼanalar, diniy-ruhiy tuygʻular. Bu boʻgʻinda u oilasi, qarindosh-urugʻlari, mahallasi, millati bilan birligini his etadi. Natijada, uning ongi va qalbida milliy gʻurur, vatanparvarlik tuygʻusi shakllanadi. Bu boʻgʻin – imon boʻgʻini. Shu boisdan ham ajdodlarimiz “Vatanni sevmoq imondandir” gʻoyasini ilgari surganlar. Uchinchi boʻgʻin bilim, ijodiy izlanish, fahm-farosat bilan ifodalanadi. U tafakkurimizda maʼrifat, dunyoviy maʼnaviyat timsolida namoyon boʻladi. Buyuk allomalarimiz ana shu dunyoviy maʼnaviyatni ilohiy maʼnaviyat bilan uzviylikda kamolga yetkazganlar. Agar birinchi boʻgʻin yangiliklarni qabul qilish, ikkinchisi qadriyatlarga, ajdodlar ruhiga tayanish boʻlsa, uchinchi boʻgʻin yangiliklarning ijodiy ravnaqidir. U ajdodlar merosiga haqiqiy voris boʻlib, ularning qadriyatga aylangan qismini ijodiy rivojlantirishni nazarda tutadi. Milliy qadriyatlarni tiklash, bobolar qoldirgan maʼnaviyatni ulugʻlash, undan ibrat olish, oʻzlikni anglash lozim. Zero, maʼnaviyati qashshoq, oʻzining mustaqil dunyoqarashi, fikriga ega boʻlmagan odamga har qanday vayronkor gʻoya oʻz taʼsirini oʻtkaza oladi. Oʻzbekistonimizning ertangi kuni maʼnaviy-madaniy barkamol, ruhan tetik, mustaqil fikrlash va ishlash qobiliyatiga ega boʻlgan, zamonasining ilmiy-texnika taraqqiyoti talablariga mos kasb-hunar mahoratini oʻzida mujassam etgan, gʻururi baland, iymoni butun, irodasi baquvvat, chinakam vatanparvar, insofli va oriyatli insonlar qoʻlida.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q