Rahbarlik


Saqlash
17:10 / 05.10.2023 0 2379

Rahbar(lik) (forscha yoʻlboshchi(lik)) – oʻz faoliyati sohasida yuksak koʻrsatkichlarga (natijalarga) erishgan (V.Pareto); xarizmatik (M.Veber); boshqalardan intellektual va axloqiy jihatdan ustun boʻlgan (Dyuverje); siyosiy munosabatlarda eng faol, hokimiyat uchun intilayotgan (Mills); jamiyatning tashkillashgan ozchiligi (G.Moska); biologik va irsiy kelib chiqishi sababli jamiyatda yuqori darajaga erishgan (Nisshe); jamiyatda yuksak darajani egallagani bois ijtimoiy taraqqiyotga taʼsir etuvchi (Dyupre); jamiyatda yuqori maqom va obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan kishilar. Mutaxassislarning fikricha, rahbarlik tashkilot rasman mavjud joyda qaror topadi, liderlik esa psixologik munosabatlar asosida vujudga keladi. Rahbarlik liderlikdan qonuniy oʻlchovlarga egaligi, rasmiy tashkilot bilan yuzaga kelishi, huquq asosida funksiyaga kirishuvi bilan farq qiladi. Rahbarlik ijtimoiy nazorat va hokimiyat vositachisi boʻlsa, lider guruhga birlashgan subyektlar meʼyor va maqsadlarining favqulodda yuzaga chiqishi bilan bogʻliq psixologik munosabatlar hosilasidir. Rahbarlikning faoliyati huquqiy meʼyorlar bilan taʼminlanadi, liderning faoliyati esa hamkorlikdagi aloqalar va munosabatlarning maʼnaviy-ruhiy meʼyorlari bilan kafolatlanadi. Ikki yoki undan ortiq shaxslarning muayyan maqsad yoʻlida birlashuvi yoki birlashtirilishi guruhni tashkil etadi. Guruh mavjud joyda esa rahbar faoliyat koʻrsatadi.

 

Jamiyat ichida eng kichik guruh sifatida oilani olsak, uning tarkibida, albatta, rahnamo va ergashuvchilar mavjud. Oila rahbari uning taraqqiyot yoʻnalishi, maqsad va rejalarini belgilovchi hamda muvofiqlashtiruvchi asosiy shaxsdir. Shuningdek, oilani boshqarish, tartibga solish, taʼminlash choralarini koʻrish kabi turli-tuman muammolar uning zimmasida boʻladi. Bular rahbarning qanday shaxs ekani, oila muammolarini qay darajada anglay olishi, dunyoqarashi, tafakkuri, qobiliyati, tadbirkorligi kabi qator xususiyatlariga bogʻliqki, rahbar shaxsiyatini tahlil qilish, uni tanlash va baholashni alohida tadqiq etish rahbarshunoslikning muhim tadqiqot obyekti sifatida maydonga chiqadi. Shuningdek, taʼlim-tarbiya beruvchi, yoʻl-yoʻriq koʻrsatuvchi, ustoz yoki ilmiy faoliyatda murabbiy, din – ilohiyot bilan bogʻliq faoliyatda murshid shaxslarga nisbatan ham rahbar atamasidan foydalaniladi. Rahbarlik har qanday guruh yoki tashkilotda umumiy va cheklangan maqsad, vazifalar oldidagi masʼuliyatdir. Rahbarlik deganda, rahbar tomonidan amalga oshirilgan va oshirilayotgan hamda amalga oshirilishi koʻzda tutilgan faoliyat, xatti-harakatlar nazarda tutiladi. Shunga koʻra, rahbarlik boshqaruvning asosiy mazmunini tashkil etadi. Boshqaruvning insoniyatga maʼlum uchta asosiy turi mavjud: inson aql-zakovati yordamida asrlar davomida tartiblashtirilib, madaniy anʼanalarga singdirilgan, yaʼni tabiiylashtirilgan, yozilmagan qonun-qoidalar yordamidagi boshqaruv; bevosita tayinlangan masʼul shaxslar yordamidagi boshqaruv; qonunlar, qoʻllanmalar, qoidalar kabi yozma, hujjatlar yordamidagi boshqaruv.

 

Hozirgi vaqtda rahbarlikka faqat kasbiy faoliyat sifatida qarash anʼanasi kuchaygan va u mansabdor hamda mansabdorlikni oʻrganish sohasi sifatida ixtisoslashgan. Soʻnggi yillarda mazkur soha mutaxassislari uzoq tortishuvlardan soʻng ushbu tushunchalarni “mansabdor shaxs va boshqaruv funksiyasini bajaruvchi shaxs” tarzida talqin qilmoqda. Rahbariyat – boshqaruv tizimi asosida faoliyat koʻrsatuvchi, eng kichik, koʻp tarmoqli tashkilot va uyushmalardan tortib, davlat va jamiyat doirasida yirik tuzilmalargacha barcha idoralarga xos rahbarliklardan iborat yaxlit guruhni ifodalaydi. Unda rahbarlik va rahbariyatdan farqli ravishda bir-biriga boʻysunuvchi yoki parallel ish olib boruvchi tarmoqlar va ularni birlashtiruvchi tuzilmalar faoliyati asosiy masala boʻlib, qoʻpchilik shaxslardan tashkil topgan bunday tizimda bir kishining emas, balki butun bir tuzilmaning xususiyatlari hamda faoliyati bosh masala hisoblanadi. Rahbariyat guruhlashgan idoraning tashkiliy tuzilishi bilan birga, maqsadga koʻra tarmoqlanish xususiyatlari, ishlash jarayoni, prinsiplari va qonuniyatlari sohalar boʻyicha aloqadorligi hamda muvofiqligi, shart-sharoitlari hamda shu kabi boshqa masalalarni qamrab oladi. Rahbariyat masalalarini tadqiq etish bugungi kunda, asosan, davlat boshqaruvi, personal boshqaruvi, davlat xizmati va uning tarmogʻi boʻlgan xizmat huquqi fanlari doirasida amalga oshiriladi. Lekin rahbariyat qanday va qancha tarmoqqa boʻlinmasin, yagona tizim boʻlganligi tufayli uning maʼlum qonuniyatlar, metodlar hamda prinsiplarga asoslangan maqsad va vazifalari ham mavjud. Ularni oʻrganish, tahlil etish, baholash, tadqiq etishning oʻzi yaxlit yoʻnalishdir. Shularga koʻra, rahbariyatning mohiyatini har tomonlama oʻrganish rahbarshunoslik doirasida amalga oshiriladigan ish hisoblanadi.

 

Rahbarshunoslik rahbar, rahbariyat, rahbarlik bilan bogʻliq masalalarni tadqiq etuvchi fanning oʻziga xos yoʻnalishidir. Uning diqqat markazida: 1) bevosita yoki bilvosita rahbarshunoslikka doir tarixiy, zamonaviy yozma manbalar, ularning ijodkorlari, rahbarshunoslik bilan bogʻliq tarixiy va zamonaviy voqea-hodisalar, amaliy jarayonlar, rahbarshunoslik obyektlarining oʻziga xos xususiyatlarini oʻrganish; 2) fan va amaliy jarayondagi masalalarni bir butunlikda olib, ularning rivojlanish shart-sharoitlari, asoslari, yoʻnalishlari, tatbiq etish obyekti, vazifalari va boshqani ilmiy tekshirish, muvofiqlashtirish va qiyosiy tahlil qilish; 3) sohaga oid qonuniyatlarni kashf qilish va taraqqiy ettirish, shu maqsadda muayyan davr hamda kelajak uchun muhim xulosalar taqdim etishni tizimlashtirish kabi masalalar turadi. Rahbarshunoslik fanining bosh vazifasi oʻz obyektlariga doir barcha masalalarni ilmiy, amaliy va nazariy jihatdan teran oʻrganish vositasida: jamiyat taraqqiyoti uchun xizmat qiladigan muhim xulosalar taqdim etish; erishilgan natijalarning ahamiyati, tatbiq etish davri, oʻrni va maqsadlarini aniqlagan holda qoʻllash uchun tavsiyalar, dasturlar, tizimlar, funksional mexanizmlarni taqdim etish, jamiyatga xizmat koʻrsatish samaradorligini asoslash; amaliy jarayonlarda boshqaruvni zamonaviy bilimlar bilan qurollantirib borish; rahbar xodimlar uchun vujudga kelishi mumkin boʻlgan yangi shart-sharoit hamda vaziyatda zarur xususiyatlar, tartiblar, qoidalar va boshqa talablarni bashorat qilish, eng ilgʻor sifatlar, samarali faoliyat shakllari, tashkiliy mexanizmlar hamda uslublarni ishlab chiqish va joriy etishdan iborat. Rahbarshunoslik fanining ijtimoiy ahamiyati shundan iboratki, uning obyektlari jamiyat va uning faoliyati, xalq turmush tarzi va taraqqiyot oʻrtasida bogʻlovchi boʻgʻin hisoblanadi.

 

Rahbarlik har qanday ijtimoiy guruhda taraqqiyotga intilishning siyosiy jihatdan strategik, taktik yoʻnalishlarini, huquqiy jihatdan faoliyat imkoniyatlari va chegaralarini, iqtisodiy jihatdan shart-sharoitlari, moddiy asoslari va mahsulotlarini, maʼnaviy jihatdan esa tarbiyaviy, maʼrifiy va madaniy darajasini shakllantirishda yetakchi oʻrin tutadi. Bu esa rahbardan yuksak aql-zakovat, keng dunyoqarash, rahbarshunoslik fani doirasida erishilgan barcha yutuqlardan, zamonaviy maʼlumotlardan xabardor boʻlishni talab etadi. Aks holda guruh, tashkilot, jamiyat, davlat faoliyatida juda chalkash, yechimini topish qiyin, salbiy vaziyatlarni keltirib chiqaruvchi murakkabliklar avj olib ketishi mumkin. Chunki boshqaruvda rahbarlikning huquqiy meʼyorlarga tayangan, teran sotsiologik va psixologik tahlillar asosida ishlab chiqilgan, yaqin va uzoq davrlarga moʻljallangan aniq strategik yoʻnalishga ega boʻlmasligi jamiyatning tartibsiz boshqarilishi oqibatida yechimini topmagan muammolarning keskin koʻpayishiga va jamiyatdagi turli toifalarning noroziligiga olib keladi. Shu maʼnoda, rahbarlik rahbarshunoslikning alohida fan sifatida oʻrganilishi tashkilot, jamiyatning taraqqiyot sari tez va ilgʻor gʻoyalar asosida ilgarilashiga katta taʼsir koʻrsatadi hamda yuqorida zikr etilgan muammolarni anglash va oʻz vaqtida hal etishga, demakki, rahbarlik faoliyatining izchilligi, sifat va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 138
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 387
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 144
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 221
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 531
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 951
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218735
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104488
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34148
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27314
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26543
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25135
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24851
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21702
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//