Postindustrial jamiyat


Saqlash
17:10 / 04.10.2023 0 3657

Postindustrial jamiyat – ijtimoiy falsafa va sotsiologiya fanlari doirasida tarixiy jarayonga sivilizatsion yondashuvni hamda sivilizatsiya taraqqiyotining hozirgi bosqichini ifodalash uchun qoʻllanadigan tushuncha. Postindustrial jamiyat atamasi birinchi boʻlib amerikalik sotsiolog, futurolog Daniyel Bell (1919-yilda tugʻilgan) tomonidan ilmiy muomalaga kiritilgan. Bell dastlab bu tushuncha orqali taʼlimoti nomini (“Postindustrial jamiyatning vujudga kelishi. Ijtimoiy bashoratchilikdagi avantyura”, 1973), keyinchalik esa sivilizatsiya real rivojidagi konkret bosqichni ifodalagan. Uning fikricha, tarix sivilizatsion tashkilotlarning biri oʻrnini boshqasi izchil ravishda egallaydigan uch bosqichli jarayon (anʼanaviy jamiyat, industrial jamiyat va postindustrial jamiyat) sifatida namoyon boʻladi. Postindustrial jamiyatga xos xususiyatlar quyidagilardan iborat: iqtisodiyotning tovar ishlab chiqarishdan xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirishga qarab yoʻnaltirilishi hamda sanoatda ilm-fanga asoslangan sohalarning ustuvorligida; nazorat qilinadigan texnologik taraqqiyot istiqbollarini rejalashtiruvchi metatexnologiyalarni yaratish imkoniyatini beradigan yangicha texnologik sohaning tashkil etilishida; jamiyatning ijtimoiy strukturasidagi munosabatlarning tubdan oʻzgarishida, industrializm davridagi sinfiy boʻlinish oʻrniga kasb-hunarga qarab boʻlinishning ustunligi, mulkchilik munosabatlari ahamiyatining oʻzgarishi oqibatida avval asosiy boʻlgan mehnat va kapital oʻrtasidagi ziddiyat oʻrnini ishni bilmaslik va kasbiy mahorat oʻrtasidagi ziddiyat (konflikt) egallaydi; jamiyatning muassasa va tashkilotlari tarkibida tub sifatiy oʻzgarishlarning yuz berishida, ilmning yangi texnologik jarayonlarning asosi, shuningdek, ijtimoiy ixtiloflarning bosh sababi sifatida namoyon boʻlishi; ijtimoiy tashkilotlar doirasida semantik va aksiologik urgʻuning oʻzgarishi – anʼanaviy jamiyatda “armiya va cherkov”, industrial jamiyatda – “firma va korporatsiya” ustunlik qilgan boʻlsa postindustrial jamiyatga kelib, bu jamiyatning asosiy hodisasi boʻlgan ilmni vujudga keltiruvchi muassasa – universitetlar ustunlik qiladi; madaniyat sohasining qayta tashkil etilishida uning tashqi shakliy tomonini kompyuterlashtirish tashkil etsa, ichki mazmunini, birinchi navbatda, intellektualizm hamda shu asnoda har bir kishi tomonidan oʻzini ilm industriyasi sifatida tashkil etishi belgilaydi.

 

D.Bell tomonidan yaratilgan postindustrial jamiyatning asosiy konsepsiyasi keyinchalik boshqa sotsiolog va futurologlar tomonidan ikki yoʻnalishda rivojlantirildi: Postindustrial jamiyat konsepsiyasini yevropacha modelini ishlab chiqishga asoslangan radikal yoʻnalish (J. Furastye, Turen); Postindustrial jamiyatning amerikacha modelini yaratishga yoʻnaltirilgan liberal yoʻnalish (Gelbreyt, K.E.Boulding, G.Kan, O.Toffler). Radikal yoʻnalishi yuqori gʻoyaviyligi va ijtimoiy-madaniy muammolarga maxsus qiziqishi bilan xarakterlansa, liberal yoʻnalish asosiy eʼtiborni amaliy tadqiqotlarga hamda hokimiyat, urush, boshqaruv muassasalari, oila, ommaviy kommunikatsiya kabi postindustrial jamiyat doirasida rivojlanadigan ijtimoiy-siyosiy strukturaviy tashkiliy xarakterdagi hodisalarning ssenar modellarini yaratishga qaratadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

15:07 / 10.07.2025 0 192
Ozodlik haykaliga kimning yuz qiyofasi olingan?

Hikmat

10:07 / 03.07.2025 0 141
Armon bobo

Bilasizmi?

16:07 / 02.07.2025 0 117
Yelib keldi

Bilasizmi?

10:05 / 20.05.2025 0 567
Farzand nega tirnoqqa o‘xshatiladi?



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 225824
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 108300
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 55960
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 41323
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 40651
Xarakter

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 31926
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 31007
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 30678
Alpomish

//