Pragmatizm. Pragmatizm estetikasi


Saqlash
17:10 / 04.10.2023 0 1832

Pragmatizm (yunoncha rragma – ish, amal, harakat) – XIX asrda AQSHda vujudga kelgan falsafiy oqim. Pragmatizmning asosiy gʻoyalari Ch.Pirs tomonidan ishlab chiqildi. Bu taʼlimot XX asrda Gʻarb mamlakatlarida keng yoyilib, ijtimoiy-maʼnaviy hayotga kuchli taʼsir koʻrsatdi. Pragmatizm asosida I.Kantning “Sofokl tanqidi” asarida ilgari surilgan “Pragmatik ishonch” gʻoyasi yotadi. Ch.Pirs pragmatizmni “haqiqat qadrini manfaatdorlik bilan belgilovchi taʼlimot” deb taʼriflaydi. Pragmatizmning asosiy gʻoyalari Ch.Pirsning “Ishonchni mustahkamlash” (1877) va “Gʻoyalarimizni qanday qilib ravshanlantirish mumkin” (1878) maqolalarida bayon etilgan. XIX asr oxirigacha “pragmatik tamoyil” faylasuflar va jamoatchilikning eʼtiborini oʻziga jalb eta olmadi, chunki Pirs taʼlimotning gnoseologik masalalarini yoritib, uning amaliy-uslubiy jihatlarini tahlil etmagan edi. Bu vazifani U.Djeyms amalga oshirdi va pragmatizmni amerikaliklarning milliy falsafasi darajasiga koʻtardi. U. Djeyms iborasi bilan aytganda, pragmatizm AQSHning jahon miqyosida iqtisodiy, siyosiy va madaniy sohalarda ustunlikka erishishi uchun nazariy asos yaratgan edi. Pragmatizm haqiqatni nazariy (gnoseologik) masala sifatida tan olmaydi. Uningcha, haqiqat va amaliyot yaxlit holda namoyon boʻlsagina, biror maʼnoga ega boʻladi. J.Dyui taʼkidlaganidek, haqiqat va amaliyot birligi individ manfaatida aks etadi. “Manfaat” tushunchasi esa, oʻz navbatida, individning subyektiv qiziqishlarini qondiruvchi narsani anglatadi. Pragmatizm sotsiologiyasi “buyuk shaxslar”ga sigʻinish (U.Djeyms), burjua demokratiyasini maqtab, ilohiylashtirish (Dyui), irqchilik, millatchilik, hatto fashistik ijtimoiy munosabatlarni himoya qilish(Shiller)gacha oʻzgarib bordi. Pragmatizmning dinga nisbatan munosabatida ham manfaat “tajribasi” asosiy oʻrinni egallaydi. Masalan, J. Dyuining “instrumentalizm”ida anʼanaviy diniy tushunchalar rad etiladi, ular “naturalistik” tushunchalarga qarama-qarshi qoʻyiladi, natijada inson nazoratidan tashqaridagi kuchlar taʼsirida paydo boʻladigan tobelik tajribasi uni “xudojoʻylik”ka olib keladi. Demak, “nazoratdan tashqaridagi kuchlar” – bu Xudoning insonga koʻrsatadigan doimiy taʼsirining oʻzginasi. Etikada pragmatizm meliorizmga (hayotdagi ustuvor qoidalar, qonunlarning takomillashib borishiga ishonish) tayanadi. II Jahon urushidan soʻng Gʻarb mamlakatlarida pragmatizm taʼlimotining taʼsiri susaya boshladi.

 

Pragmatizm estetikasi – Gʻarb estetikasida XX asrning birinchi yarmida yuzaga kelgan va pragmatizm falsafasiga asoslangan yoʻnalish. Pragmatizm asoschisi Ch.Pirs (1839–1914) tushunchalar mazmunini uning amaliyotdagi qoʻllanishi bilan ayniylashtirib koʻrsatishga uringan. Ch.Pirs gʻoyalari estetik belgilarni tasviriy sanʼatga kiritishga, sanʼatni qadriyatlar tizimi sifatida tushunishga, semiotik estetikaning keyingi rivojlanishiga taʼsir koʻrsatgan. Pragmatizm falsafasining yirik namoyandasi U.Djeyms (1842–1919) tomonidan ilgari surilgan “ong oqimi” toʻgʻrisidagi taʼlimot modernizm sanʼatida keng qoʻllanildi. U pragmatizm estetikasining asosiy tamoyilini shunday ifodalaydi: insonning har qanday faoliyatining maqsadi “ijobiy tajriba”ga, yaʼni yorugʻ va kuchli hayotiy kechinmalarga erishishdan iborat. Shunday ekan, ijobiy tajriba axloqiy, diniy va estetik qadriyatlarni qamrab olishi kerak. Pragmatizm estetikasining keyingi bosqichida J.Dyui (1859–1952) va uning izdoshlari qadriyatlar toʻgʻrisidagi taʼlimotga aniq ifodalangan estetik asosni tatbiq etishga harakat qilishdi. Ular estetikani diniy, ilmiy, axloqiy qadriyatlarni mujassamlashtirgan eng oliy qadriyat, goʻzallikni esa ichki bogʻliqlik va bir butunlikka erishgan tajribaning sifat koʻrinishi tarzida talqin etadi. Estetik tajribada tabiiylik va ijtimoiylik oʻrtasidagi aloqani aniqlashga intilgan pragmatizm tarafdorlari sanʼatning ijtimoiy vazifalarini madaniy-integrativ voqea, ijtimoiy axborot vositasi sifatida talqin qiladi. Yevropa pozitivizmidan farqli oʻlaroq, pragmatizm estetikasida subyektning faolligiga alohida eʼtibor beriladi. Jumladan, ularning fikricha, estetik bilish jarayonida subyekt (tomoshabin, oʻquvchi, tinglovchi) har safar muallif yoki ijrochi tomonidan havola etilayotgan asarni oʻz tajribasi bilan solishtirish, birlashtirish yoʻli bilan uni anglaydi va oʻzlashtiradi. Shu maʼnoda, u subyekt madaniy saviyasining yuksalishi va maʼnaviy kamolotiga xizmat qiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 143
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 390
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 149
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 223
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 534
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 954
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218740
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104491
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34157
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27314
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26544
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25139
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24852
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21703
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//