Pozitivizm. Postpozitivizm


Saqlash
16:10 / 04.10.2023 1 3946

Pozitivizm – Gʻarb mamlakatlarida keng tarqalgan falsafiy tafakkurning bir koʻrinishi boʻlib, uning diqqat markazida falsafa va fanning oʻzaro munosabati muammosi turadi. XIX asrning 30–40 yillarida marksizm falsafasi oʻzini yagona ilmiy dunyoqarash deb daʼvo qilib chiqqanidan bir oz oldinroq Fransiyada O.Kont eski falsafiy anʼanalardan uzil-kesil voz kechish va yangi ilmiy falsafa yaratish zarurligini taʼkidlab, pozitivizm falsafasiga asos soldi. O.Kontning fikricha, falsafaning fan bilan oʻzaro “daʼvogarlik” tarixi shundan dalolat beradiki, “metafizik”, yaʼni falsafiy muammolarni ilmiylik ruhiga moslashtirishga boʻlgan barcha urinishlar behuda. Har qanday fan unga oʻz hukmini oʻtkazishga jazm qiladigan falsafaga muhtoj emas. U har qanday tayanchni faqat oʻzida topishi mumkin. Anʼanaviy falsafa muammolarini ilmiy nuqtai nazardan, yaʼni tajriba va aqliy muhokama koʻmagida hal qilib boʻlmaydi. Metafizika sarqitlarini fandan siqib chiqarish zarur. Bunday sarqitlardan biri – fanning hodisalarni sabab-oqibat tamoyili asosida tahlil qilishi va ularning mohiyatiga kirib borishga daʼvosidir. Fanning vazifasi hodisalarning “nima uchun” ekanini uqtirish emas, balki ularning “qanday ekan”ini yoritib berishdan iborat. Pozitivizm rivojlanishi jarayonida fandan dunyoqarashga bevosita taalluqli muammolar birin-ketin olib tashlanadi. Buni XIX asr pozitivizmining yirik vakillari J.S. Mill va G. Spenser qarashlarida yaqqol koʻramiz. Pozitivizm vakillarining taʼkidlashicha, bilish, tajriba, subyekt-obyekt munosabati, narsa, substansiya, voqelikning unsurlari, fiziologik va psixologik jarayonlarning oʻzaro aloqadorligi masalalari sof metafizik muammolar boʻlib, ulardan voz kechish maqsadga muvofiq. Pozitivizm negizida mantiqiy pozitivizm, neopozitivizm va postpozitivizm oqimlari vujudga kelgan.

 

Postpozitivizm – XX asrning 50–70-yillarida neopozitivizm gʻoyalarini tanqid qilish jarayonida yuzaga kelgan Gʻarb falsafasining qator konsepsiyalarini ifodalovchi istiloh. Ushbu konsepsiyalar mohiyatan mantiqiy empirizm bilan hamohang. Postpozitivizmning asosiy yoʻnalishlariga K.Popperning tanqidiy ratsionalizmi, U.Kuayn va M.Uaytlarning pragmatik tahlili, D.Armstrong va J.J.Smartlarning ilmiy materializmi, P.Feyerabend va R.Rorti konsepsiyalari, hozirgi zamon falsafiy realizmining turli koʻrinishlari kiradi. Ayni paytda, postpozitivizm atamasi aniq taʼrifga ega emas. Baʼzi faylasuflar uni tahliliy falsafa bilan bogʻlasa, boshqalari unga tor doirada taʼrif beradi. Neopozitivizm rivojlangani sayin uning falsafani tubdan oʻzgartirishga qaratilgan saʼy-harakatlari ijobiy natija bermasligi maʼlum boʻladi. Shunga asoslanib, postpozitivizm namoyandalari metafizika bilan fan tushunchalari orasiga qatʼiy chegara qoʻyib boʻlmaydi, degan xulosaga keladi. Postpozitivizmning taʼkidlashicha, pozitivizmning asosiy kamchiligi shundan iboratki, u empirizm tamoyilining ahamiyatiga, hissiylikning roliga ortiqcha baho beradi. Bilishning dastlabki nuqtasi bevosita qabul qilingan elementlar yoki kuzatish bilan emas, balki nazariya bilan bogʻliq, chunki nazariyadan ilgari va undan tashqarida bilishning boʻlishi mumkin emas. Ushbu tamoyillar K.Popperning tanqidiy ratsionalizmida oʻz ifodasini topdi. Postpozitivizm tarafdorlari mantiqiy pozitivizmning qatʼiy talablaridan (masalan, empirik verifikatsiya nazariyasidan, falsafani fanning mantiqiy metodologik tahliliga aylantirish gʻoyasidan) voz kechib, fizikalizm gʻoyalari, ilmiy realizm konsepsiyasi, reduksionistik metodologiya va yagona fan nazariyasini rivojlantirishga intiladi. Buning uchun neopozitivizmning tahlil qilish usuli va muammolarga lingvistik yondashuvidan foydalaniladi. Bu borada Kuayn ijodi alohida ahamiyat kasb etadi. U ontologiyani fanlarning oʻziga xos proyeksiyasi sifatida taʼriflaydi. Ilmiy materializm esa ruhiylik va jismoniylikning aynan mosligi haqidagi tezisni yoqlaydi. Ontologiyani fan bilan, reallikni esa til bilan tenglashtirish tendensiyasi butun postpozitivizmga xos xususiyatdir.

1 Izoh

Aysuliw

19:11 / 28.11.2023

Yana ham aniq, real faktlar bilan tushitirishning iloji bor mi?

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:05 / 20.05.2025 0 269
Farzand nega tirnoqqa o‘xshatiladi?

Qatra

12:05 / 19.05.2025 0 277
Hammani yig‘latgan vasiyatnoma

Qatra

15:04 / 17.04.2025 0 265
Marhamat aya sog‘inchi

Bilasizmi?

10:04 / 08.04.2025 0 312
Narxning navosi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 224696
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 107674
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 55012
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 39917
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 39733
Xarakter

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 31049
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 30503
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 29898
Alpomish

//