Panteizm


Saqlash
16:10 / 03.10.2023 0 2071

Panteizm (yunoncha rap – hamma, theos – Xudo) – Xudo bilan olamni ayniylashtiruvchi falsafiy taʼlimot. “Panteizm” atamasini birinchi boʻlib ingliz faylasufi J.Toland (1705), soʻngra niderland ilohiyotchisi Y.Fay (1709) qoʻllagan. Panteizm turli tarixiy davrlarda mohiyatan bir-biridan farq qiladigan falsafiy tizimlar va xilma-xil qarashlarni oʻzida aks ettirib keldi. Panteizmni Sharq va Gʻarb panteizmiga boʻlish anʼanasi mavjud. Abu Nasr Forobiyning borliq va uning vujudga kelishi haqidagi taʼlimoti panteistik xarakterga ega. Uning qarashlarida moddiy ibtido oʻzini tangri orqali namoyon qiladi. Tangrida moddiy ibtido goʻyoki ochiq-oydin ifoda etilmagan muayyan shaklda mavjud boʻladi. Keyinchalik u noaniqlik shaklidan oʻzini ozod qiladi, kuch-quvvatiga yarasha namoyon boʻlib boradi. Mutafakkir bu jarayonni joʻjaning tuxumdan chiqishiga qiyoslaydi. Uning taʼkidlashicha, “yaratilish jarayoni narsa mavjudligini saqlashdan iboratdir”. Mashhur arab faylasufi Ibn Rushd (1126– 1198) Abu Nasr Forobiyning panteistik qarashlarini rivojlantirib, Yaratganni shahar hokimiga qiyoslaydi. U “Raddiyaning raddiyasi” asarida “Koinotni boshqarish shaharni boshqarishga oʻxshaydi. Unda har qanday boshqaruv markazdan turib amalga oshiriladi. Lekin hamma narsa ham bevosita hukmdor tomonidan bajarilavermaydi”, deb yozadi. E.Renanning taʼkidlashicha, Forobiy talqinidagi Xudo “gʻildirakning markaziga oʻxshab, uning sirtqi qismlarini oʻz holicha aylanishiga monelik qilmaydi”. Ibn Sino Forobiyning anʼanalarini davom ettirib, “vujudi vojib” va “vujudi mumkin”ning oʻzaro munosabatida neoplatonik emanatsiya (nurlanish) taʼlimotiga alohida eʼtibor beradi. Mutafakkir nurlanish taʼlimotiga murojaat qilar ekan, uni Yaqin Sharq anʼanalariga xos diniy-naturalistik tasavvurlar bilan birgalikda oʻrganishga harakat qiladi. Bunda koinot, falakning tabiat va inson hayotini taʼminlashdagi roli allomaning diqqat markazida turadi. Alloma nazarida, yorugʻlik manbai mohiyatan barcha mavjud va bilinishi zarur ashyolarning bevosita idrok etilishi mumkin boʻlmagan botiniy, yashirin, sirli sababini tashkil etadi. Bunday qarashlar tizimi panteistik kayfiyatlarning yanada kuchayishiga olib keldi. Panteistik anʼanalar Gʻarbda Ioann Skot Eriugena (taxminan 810–877), David Dinanskiy, lotin averroizmi vakili Siger Brabantskiy (taxminan 1240–1281), keyinroq esa Meyster Ekxart va boshqa tomonidan rivojlantirildi.

 

Eriugena sxolastik xristian falsafasida birinchilardan boʻlib Xudo va olamning oʻzaro munosabati muammosiga murojaat qildi. Uning taʼkidlashicha, voqelikni bilishga jazm qilgan inson aqli roʻparasida turgan eng muhim muammo borliq masalasidir. Borliq yunonlar tomonidan “fidis” (tabiat) deb nomlangan boʻlsa, lotincha “natura” deb atalgan. Borliq natura ekan, demak, Xudo ham u bilan aynandir. Olamdagi barcha oʻzgarishlar jarayonida u narsalarning “ibtidosi, oraligʻi va intihosi” vazifasini ado etadi. Eriugena “Xudo hamma narsalardadir... u barcha narsalar mohiyati sifatida barhayotdir”, degan xulosaga keladi. Meyster Ekxartning (1260–1327) fikricha, Xudo oʻzga narsalarga nisbatan oʻziga xos universal ijodiy faollik sifatida namoyon boʻladi. Uning taʼlimotida Xudo va borliq, Yaratuvchi va tabiat aynanlashtiriladi, olamning yaratilishi aniq muddatdan noaniq abadiylikka koʻchiriladi. Xudo barcha narsalar bilan birga boʻlsada, lekin biron-bir narsa uning oʻzida mavjud ekanini anglab boʻlmaydi. Bunday xususiyat inson zotiga berilgan, xolos. “Mening ruhimda shunday kuch borki, u Xudoni idrok eta oladi. Xudodan boshqa hech qanday narsa menga bunchalik darajada yaqin emas. Xudo mening oʻzimga yaqinligimdan koʻra yaqinroqdir”, deydi Ekxart. Xudo bilan inson ruhi oʻrtasidagi teran va ichki aloqa har qanday insonning Xudo bilan bogʻlanishiga imkon yaratib beradi. Buning uchun esa obraz-timsol va tushunchalarga tayanib ish koʻradigan oddiy bilishning oʻzi yetarli emas. Lekin uni mutlaq ilohiylik sifatida uqib, bunga mistik intuitsiya koʻmagida erishiladi. Panteizmning xilma-xil koʻrinishlari falsafiy tafakkur rivojiga oʻz taʼsirini koʻrsatib kelmoqda. Ayniqsa, hozirgi vaqtda uning personalizm falsafasidagi mavqei sezilarlidir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:02 / 25.02.2026 0 161
Evtanaziya huquqmi yo qadriyatlarga qarshilik?

Bilasizmi?

17:02 / 23.02.2026 0 518
Nega 23-fevral emas, 14-yanvar?

Bilasizmi?

12:02 / 16.02.2026 0 300
Boqiylik formulasi: Qadimgi Misr mumiyolash sirlari

Bir kuni...

11:02 / 05.02.2026 0 465
Kelajak bor

Bir kuni...

17:11 / 10.11.2025 0 886
Ko‘rpacha



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 232590
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 112446
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 64901
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 54809
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 49294
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 39017
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 37988
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:04 / 25.04.2023 1 36495
“Avesto”

//