Ong


Saqlash
16:09 / 26.09.2023 0 5487

Ong – aql-tafakkurni ifoda etadigan asosiy falsafiy kategoriyalardan biri. Ong koʻp qirrali va murakkab boʻlgani tufayli falsafa, psixologiya, psixiatriya, fiziologiya, kibernetika, informatika singari turli fanlarning oʻrganish obyekti hisoblanadi. Ong diniy talqinda ilohiy hodisa, Xudo yaratgan moʻjiza tarzida talqin qilinadi. Koʻpgina dinlarda inson ongi buyuk ilohiy aqlning mitti aksi, uning namoyon boʻlishi shakli tarzida taʼriflanadi. Inson tanasidagi ruh bizning istak va fikrlarimiz tashuvchisidir. Jon oʻlishi bilan ong ham oʻladi. Bunday qarashlarning ildizi juda qadimiy boʻlsa-da, ular hamon oʻzining koʻplab tarafdorlariga ega. Zero, ong odam va uning yaratilishi masalasi bilan bevosita bogʻliq. Kimda-kim olam va odam yaratilganini tan olar ekan, ong ham Yaratganning qudrati ekanini tan olishi tabiiy. Ong moddiylikning miyada inson tanasi faoliyati bilan bogʻliq holda talqin qilinadi. XVIII asrga kelib, ongni bevosita inson miyasi faoliyati bilan bogʻlashga harakat qilgan qarashlar ham shakllandi. Ayni paytda, materialistik yoʻnalishdagi bunday yondashuvlar doirasida ongning mohiyatini buzib talqin qilish hollari ham uchragan. Falsafa tarixida “Vulgar materializm” deb nom olgan oqim namoyandalarining qarashlari bunga misol boʻla oladi. Ularning fikricha, xuddi jigar safro ishlab chiqarganidek, miya ham ongni ishlab chiqaradi. Bunday yondashuv natijasida ong ideal emas, balki moddiy hodisa, degan xulosa kelib chiqadi. Vaholanki, safroni koʻrish mumkin, ammo ongni koʻrib ham, ushlab ham, oʻlchab ham boʻlmaydi. Ong tarixi insonning inson sifatida shakllana boshlashi tarixi bilan bogʻliq. Uzoq vaqt davomida inson ongi planetar, yaʼni Yer shari darajasidagi hodisa sifatida qarab kelindi.

 

Hozirgi zamon fani mazkur masalaga kengroq yon dashish zarurligini koʻrsatmoqda. Chunki, fan dalillari inson paydo boʻlishini faqat Yerda kechgan jarayonlar bilan cheklab qoʻyish toʻgʻri emasligi, u koinot evolyutsiyasining tabiiy hosilasi ekanini tobora chuqurroq isbotlamoqda. Inson biologik va ijtimoiy harakatning tashuvchisi ekan, uning shakllari oʻrtasidagi uzviy aloqadorlikni, yuqori shakllari quyi shakllarga bogʻliqligini, tayanishini, ulardan paydo boʻlishini unutmaslik lozim. Boshqacha aytganda, ular oʻrtasida uzviy aloqadorlik mavjud. Ong tarixi quyosh tizimi va unda millionlab yillar davomida sodir boʻlgan oʻzgarishlardan ayricha olib qaralishi mumkin emas. Shu jihatdan olganda, ongning shakllanishini kosmik hodisa sifatida talqin etish mumkin. Ong inʼikosning oliy shakli boʻlib, inʼikos muayyan taʼsir natijasida paydo boʻladi. Buning uchun esa, hech boʻlmasa, ikkita obyekt va ular oʻrtasida oʻzaro taʼsir mavjud boʻlishi lozim. Bunda funksional faoliyat koʻrsatuvchi miya sohibi ijtimoiy munosabatlarga tortilgan boʻlishi shart. Ong ruhiyati inʼikosining oʻziga xos, yuksak shaklidir. Ammo, bu hol ruhiyat va ong tushunchalarini aynanlashtirish uchun asos boʻla olmaydi. Negaki, ruhiyat hayvonlarga ham xosdir. Gap inson ruhiyati haqida ketganda ham, u ong tushunchasiga nisbatan keng qamrovli ekani eʼtiborga olinishi lozim. Z.Freydning fikricha, ruhiyat ongsizlik, ong osti hodisalari va ongning oʻzidan iborat uch qatlamdan tashkil topgan. Inson hayoti va faoliyatida ong bilan bir qatorda ongsizlik va ong osti hodisalari ham muhim ahamiyatga ega. Psixologlar fikricha, inson riojlanish jarayonida koʻplab funksiyalar ong nazorati ostidan chiqib, avtomatik xarakter kasb etishi kuzatiladi. Aytaylik, birinchi marta mashinaga oʻtirganimizda yoki suratga olayotganimizda deyarli barcha harakatlarimiz ongning qattiq nazoratida boʻladi. Vaqt oʻtishi bilan esa koʻpgina harakatlarni ongsiz tarzda, anglamagan holda bajara boshlaymiz. Bunday holat inson faoliyatining xilma-xil sohalari, yoʻnalishlariga ongning faol tarzda aralashishini, holatni yana qayta oʻz nazoratiga olishi mumkinligini inkor etmaydi. Xatti-harakatlarning ongsizlik sohasiga koʻchishi, bir tomondan, ong “yuki”ning yengillashishiga xizmat qilsa, boshqa tomondan, ongning asosiy kuch-quvvatini, “diqqati”ni inson hayoti uchun muhim boʻlgan harakat, jarayonlarga qaratilishiga imkoniyat yaratadi. Ongsizlik doirasiga ong nazoratidan tashqarida qolgan sezgi, tasavvur, instinkt va intuitsiya kabi hodisalar ham kiradi. Ana shu xususiyatlarni inobatga olinsa, ongsizlik ong mavjudligi va rivojlanishining tabiiy sharti, deyish mumkin.

 

Ong osti hodisalari ham psixik jarayonlarning muhim boʻgʻinidir. Z.Freyd fikricha, ular ongsizlik bilan ong oʻrtasidagi chegaraviy sohadir. “Gap tagida gap bor, kosa tagida – nim kosa” naqlida ong ostiga xos boʻlgan xususiyatlar ifodalangan, deyish mumkin. Negaki, har qanday faoliyatimizda ayni vaqtda biz uchun ahamiyati boʻlmagan holatlar sodir boʻladi. Ammo, bu ular kuzatishdan, nazoratdan chetda qoladi, degani emas. Biz uchun ahamiyatli xarakter kasb etganda, ular ong ostidan ong doirasiga koʻchishi mumkin. Masalan, biror joyga borayotganda asosan maqsad tomon harakat qilinadi, ammo yoʻlda uchragan boshqa narsa va hodisalar ham kuzatiladi, esda qoladi. Ana shulardan kelib chiqqan holda, ong osti inson ongli faoliyatining oʻziga xos kuzatuvchisi sifatida namoyon boʻladi. Ong, ontologik maʼnoda, yuqori darajada uyushgan (rivojlangan) materiyaning xossasi, subyektiv borliq sifatida, gnoseologik maʼnoda – ideal shakl sifatida tushuniladi. Agar obyektiv reallik moddiy tizimlarning turli iyerarxik, yaʼni oddiy, mayda boʻlaklardan tortib, to biosfera va metagalaktika darajalardagi voqelik sanalsa, unda subyektiv reallik ideal tizimlarning turli iyerarxik darajalari, yaʼni sezgi, idrok, tasavvur, tushuncha, hukm, xulosa, gipoteza, konsepsiya, nazariya, fan, sanʼat, falsafa, din, mifologiya kabilardan iborat reallikdir. Ong tarkibi quyidagi unsurlardan tashkil topadi: sezgi, idrok, tasavvur, fikr, his-hayajon, iroda. Ular bir butunlikni tashkil etib, bundan tashqarida, birga mavjud boʻlmaydi. Ong oʻzaro aloqada boʻlgan turli unsurlardan (element) tashkil topgan murakkab maʼnaviy axborotga ega. Ong inʼikosning oʻziga xos shakli ekan, avvalo, unda aks ettiriladigan obyekt haqidagi muayyan bilimlar hissiy va ratsional shaklda oʻz ifodasini topadi. Demak, bilim ong tuzilishining asosiy unsuridir. Shuning uchun ham bilimlarning boyib, chuqurlashib borishi ong rivojlanishini xarakterlaydigan muhim belgi sifatida yuzaga chiqadi.

 

Ong tuzilishining yana bir unsuri xilma-xil koʻrinishlarda namoyon boʻladigan kechinmalardir. Ularda inʼikos obyektiga munosabat gavdalanadi. Bilimlarimizning chuqurligi va koʻlami, hissiyotlarimizning namoyon boʻlishi yoki boʻlmasligi intilishimiz – irodamizga bogʻliq. Iroda kuchi olamni anglash jarayonida yuzaga keladigan har qanday toʻsiqlarni yengib oʻtishga, koʻzlagan maqsad yoʻlida tinmay harakat qilishga yoʻl ochadi. Iroda tabiat inʼomi emas, uni tarbiyalash, kamol toptirish shaxs hayotida, uning jamiyatdagi oʻz oʻrnini topishida muhim ahamiyatga ega. Zero, irodasizlik eng ulugʻ niyat va maqsadlarni barbod qilibgina qolmay, insonning toʻgʻri yoʻldan toyishiga va jiddiy salbiy oqibatlarning kelib chiqishiga ham sabab boʻlishi mumkin. Ong tufayli bilish va hodisalarni baholash munosabatlari amalga oshiriladi va bundan ongning asosiy bilish va his-hayajon uygʻotuvchilik vazifalari kelib chiqadi. Ong mazmunini, avvalo, inson tajribasi davomida hamisha tasdiqlanib va rivojlanib boruvchi bilimlar tizimi tashkil etadi. Lekin ong bilan bilim bir narsa emas. Agar bilim inson tajribasi tasdigʻidan oʻtgan voqelik inʼikosi boʻlsa, ong, albatta, voqelikning soʻzsiz isbotlangan, haqiqiy inʼikosi boʻlmaydi. Chunki ong tarkibida taxmin, adashish, aldanish hollari ham uchraydi. Ong tarkibida hissiyot ham alohida oʻrin tutadi. Bilish jarayonida haqiqatni bilish hissiyot bilan bogʻliq, shuning uchun ham fanda faqat aqliy tafakkur bilan qanoatlanib boʻlmaydi.

 

Ongning hissiy komponentlarini quyidagi darajalarda tasavvur etish mumkin: a) turli taʼsirlarga aks taʼsir bilan bogʻliq oddiy hissiyotlar – ochlik, chanqash va hokazo; b) instinktiv-affektiv holatlar – oldindan sezish, kayfiyat, ruhiy zoʻriqish, gallyutsinatsiya va hokazo; v) hissiyot – sevgi, yoqtirish, yoqtirmaslik, nafrat. Insonda hayvonlar bilan umumiy boʻlgan hissiyotdan tashqari, ijtimoiy sababiyat bilan bogʻliq hissiyot ham mavjud. Agar ongning voqelikni bilish faoliyatidan maqsad – obyektni toʻgʻri anglash boʻlsa, hissiyot orqali insonning obyektga, oʻz faoliyati va oʻzga insonlarga munosabati turli hissiy shakllarda namoyon boʻladi. Insonning nafaqat narsa va hodisalar, ularning xususiyatlarini anglab yetishi, balki ularning qimmatini ham baholashi ongning aksiologik jihatni oʻz ichiga olganidan dalolatdir. Ongning subyektiv dunyosida obyektiv reallik nafaqat qayta ishlanadi, balki unda insonning faol amaliy faoliyatiga tayyorgarlik: rejalashtirish, tanlash, maqsadga intilish kabi harakatlar ham boʻladi. Bundan tashqari, ong subyektning oʻz fikri, hissiyoti, faoliyatini nazorat qilib, maʼnaviy dunyosida va uni oʻrab turgan obyektiv reallikda nimalar yuz berayotgani haqida oʻziga hisobot berishni taqozo etadi. Shunday qilib, inson ong nafaqat voqelik obyektlariga, balki jamiyat qadriyatlariga, oʻz-oʻziga munosabatni ham, oʻz-oʻzini ang lashni ham oʻz ichiga oladi. Ong insonda aloqalar, munosabatlar, obyektiv dunyo qonuniyatlari toʻgʻrisida umumiy bilimlar shakllanishiga asos boʻladi. Ong insonga maqsad va rejalar tuzish, uning tabiat va ijtimoiy muhitdagi faoliyatini boshqarish, undagi borliqqa nisbatan emotsional (hissiy), ratsional (aqliy) va amaliy munosabatlarni boshqarish va nazorat qilishda yordam beradi. Ong soʻzi tilimizda aql soʻziga nisbatan kamroq ishlatiladi, lekin oʻz oʻrnida va oʻz maʼnosida qoʻllanadi.

 

Odamning fikrlash qobiliyati nazarda tutilganda, ong va aql atamalari maʼnosi bir-biriga mos keladi: Ong ham, aql ham odam miyasining mahsulidir. Odam anglaydi, yaʼni aql yuritadi, fikrlaydi. Odamning ijtimoiy hayotni tushunishi, sezishi, unga munosabati uning ongida yuz beradi. Siyosiy ong, ijtimoiy ong iboralari ana shundan kelib chiqqan. Voqelikning kishi miyasida uning butun ruhiy faoliyatini oʻz ichiga olgan va maʼlum maqsadga yoʻnaltirilgan holda aks etishi ongning zuhuridir. Ong, shuningdek kishining ruhiy, siyosiy, falsafiy nuqtai nazari, diniy, badiiy qarashlarining ham majmui hisoblanadi. Ijtimoiy ong deganda ana shular nazarda tutiladi. Ongli kishi deganda ongga ega, aql-idrokli odam tushunilsa, ongli hayot iborasida esa bir maqsadga yoʻnaltirilgan turmush ifodalanadi. Voqelikni, ijtimoiy hayotni, oʻzining mavqei hamda tarixiy va fuqarolik burchini tushunadigan, ongi yuksak odamga nisbatan ongli iborasi juda toʻgʻri keladi. Muayyan tushunchaga ega, bilimli, madaniyatli kishiga nisbatan ham ongli iborasi ishlatiladi. Ongli ravishda fikr yuritish – bu ong, aqlidrok bilan ish tutishdir. Odam atayin, koʻra-bila turib ham, yaʼni ongli ravishda biror yomon ishga qoʻl urishi mumkin. Bu uning qilmishi deyiladi. Odamning zakovat darajasi – fahmi, idroki, zehni, donoligi, yetukligi uning aqliga bogʻliq. Aqli raso deganda, miyasi butun kishi tushuniladi. Aqli qisqa yoki kalta deganda, fahm-farosati yoʻq odam nazarda tutiladi. Bu soʻz es-hush maʼnosini ham bildiradi, mulohaza, maslahat maʼnolarini ham ifodalashi mumkin. Masalan, aql bilan ish tutdi, desak, mulohaza bilan, oʻylab ish qilingani maʼlum boʻladi. Xullas, ong voqelikni, yaʼni borliqdagi barcha narsa va hodisalarni aks ettirishning yuksak, faqat odamga xos shakli. Ong til bilan bogʻliq. Tilda u oʻzining moddiy ifodalaridan birini topadi. Ong tilda moddiylashgach, uning faoliyati samarasi avloddan-avlodga meros boʻlib oʻtadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 142
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 389
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 148
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 222
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 533
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 954
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218740
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104490
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34155
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27314
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26544
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25139
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24852
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21703
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//