Nomus


Saqlash
12:09 / 18.09.2023 0 1268

Nomus – burch va qadr-qimmat tushunchalari bilan bogʻliq boʻlgan hissiyot, shaxsning oʻz qadr-qimmatini anglab yetishi, shu qadr-qimmatning jamiyat tomonidan tan olinishi yoki olinmasligiga boʻladigan munosabati bilan belgilanadigan tuygʻu. Biroq, bu ular bir xil maʼnoga ega, degani emas. Chunki, nomus oʻz qadr-qimmatini bilishdan tashqari, har bir shaxsning jamiyatda egallagan oʻziga xos mavqei va unga dogʻ tushirmay saqlash-saqlamasligi bilan bogʻliq. Mavqe esa, shaxsning ijtimoiy hayotdagi oʻrni, kasbi, yoshi va unga nisbatan beriladigan axloqiy daraja bilan muayyanlashadi. Masalan, mardikor bilan mashhur binokor-ustaning, vazir bilan kotibaning, bobo bilan nabiraning nomusni tushunishi bir xil emas. Shu maʼnoda, qadr-qimmatni nomus tushunchasining dastlabki bosqichi, ibtidosi deb aytish mumkin. Gohida nomusni “or” tushunchasi bilan chalkashtirish hollari ham uchrab turadi. Lekin, aslida, nomusga nisbatan or ancha tor qamrovli, nisbatan zalvorsiz tushuncha. Chunonchi, oriyatli odam deganda, oʻz soʻzining ustidan chiqadigan, sadaqa tarzida qilingan muruvvatlardan baland turadigan shaxs tushuniladi. Beor odam – oʻz shaʼniga aytilgan gaplarga parvo qilmay, ishini bajarib ketaveradigan, aytilgan-aytilmagan joylarga suqilib kiraveradigan surbet kishi. Nomusning esa “toshi ogʻir” – u ijtimoiylik xususiyatiga ega, keng qamrovli. Nomus yoʻlida inson hatto oʻz hayotidan kechishi mumkin, odamlar oʻz nomusi, oila nomusi, millat nomusi deb kurashadi. Bu haqda koʻplab badiiy asarlar, pand-oʻgitlar yaratilgan. Mehnat, sport singari sohalarda jamoa nomusi ham alohida ahamiyatga ega, bunda nomus “obroʻ” tushunchasi bilan bogʻlanib ketadi. Bularning hammasi oʻzini hurmat qilish, oʻziga nisbatan atrofdagilarning hurmat-izzatini yoʻqotmaslik uchun oʻz-oʻzini nazorat qilish hissidan kelib chiqadi. Nomussizlik insonni pastkash, tuban, aldamchi kimsaga aylantirib qoʻyadi, unday odamdan qarindosh-urugʻlar ham, jamoa ham nafratlanadi. Shu sabab oʻzini anglab yetgan har bir shaxs hech qachon nomussizlikka yoʻl qoʻymaydi. Nomus iffat, bokiralik maʼnolaridan tashqari kishining oʻz mavqeini saqlash, ulugʻlash va ardoqlash, xijolat tortish tuygʻularini, oila va ajdodlar shaʼniga dogʻ tushirmaslik maʼnosini ham ifodalaydi.

 

Odatda, nomusli odam maʼnaviy qadriyatni moddiy boylikka alishishni oʻziga ep koʻrmaydi. “Qonun taqiqlay olmagan narsalarni goho nomus taqiqlay oladi”, degan naqlga amal qiladi. Aksariyat hollarda “or-nomus” atamasi ham nomus maʼnosida qoʻllanadi. Nomus keng va teran maʼnoli axloqiy ijtimoiy tushuncha boʻlib, individning toʻgʻrilik, adolat, haqqoniylik, olijanoblik, qadr-qimmat kabi xislatlariga beriladigan baho bilan bogʻliq. Hozirda maʼnodagi nomus tushunchasi bu borada ilgari shakllangan qarashlardan tubdan farq qiladi. Masalan, qadimgi Rimda nomus tushunchasi fuqaro teng huquqliligi gʻoyasi bilan aralashib ketgan. Inson fuqarolik huquqlaridan foydalangani uchungina nomus unga daxldor (tegishli) boʻlar edi. Rim fuqarosi boʻlmaganlar nomusdan foydalana olmagan. Nomus borasidagi bu yondashuv nemislarda butkul qarama-qarshi urf boʻlgan subyektiv yondashuv mohiyatan hozirgi qarashlariga yaqin keladi. Nomus insonning davlatda tutgan mavqeidan qatʼi nazar, har bir shaxsga xos axloqiy qadriyat ekanini, ammo uning jamiyatda muayyan sinfga mansubligiga koʻra, turli darajada boʻlishini eʼtirof etadi. Masalan, ritsar uchun uyat sanalgan bir holat shaharlik uchun har doim ham uyat hisoblanavermagan. Nomus qadriyati hamma xalqlarda bor. Oʻzbek xalqida bu tushuncha “or”, “oriyat”, “hayo”, “ibo”, “iffat”, “uyat”, “poklik”, “pokdomonlik” kabi soʻzlar bilan maʼnodosh boʻlib, yuksak insoniy qadriyatlardan biri sanaladi. Shu bois “benomus”, “uyatsiz”, “behayo”, “nopok” degan soʻzlar juda ogʻir haqorat hisoblanadi. “Yetti nomus – bir oʻlim”, “Yigitning xuni – yuz tanga, or-nomusi – ming tanga” kabi keskin, ammo insonning eng mardona fazilatlarini ulugʻlovchi naqllar bejiz aytilmagan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

12:10 / 23.10.2024 0 254
“Beshbattar”dagi besh nima?

Bilasizmi?

15:10 / 11.10.2024 0 365
Turk boylari qanday to‘y qiladi?

Bilasizmi?

17:10 / 07.10.2024 0 325
Mushuk va shumshuk

Bilasizmi?

14:09 / 16.09.2024 0 395
Tol va kanizak



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 217197
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 102848
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 29331
Milliy urf-odatlar

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 26326
Kompetentlik

Qomus

12:09 / 18.09.2023 0 22340
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

12:05 / 03.05.2023 1 22009
Alpomish

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 20417
Xarakter

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 20347
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//