Bilasizmi?
“Anna Frank kundaligi” muallifning 14-16 yoshida yozgan birinchi va oxirgi asari. Kitobda ikkinchi jahon urushidagi oʻsmir qizning oʻy kechinmalari, orzulari, kattalar orasidagi ziddiyatlar va fojiasi aks etgan. Urush, natsistlarning yahudiylarga zulmi, kulbada yashiringanlar ahvoli shaxsga aylangan bola nigohida tasvirlanadi.
Franklar oilasi boshqalar singari tinch-totuv yashayotgan edi. Urush boshlanib, fashist siyosati yahudiylarni taʼqib eta boshlagach, ularning hayoti tubdan oʻzgardi. Endi yahudiy oilasi yashirinib jon saqlashga, urush tugaguncha shu zaylda umrini kutib oʻtkazishga majbur. Van Pels va Franklar oilasi shahar chetidagi bir korxona cherdagidan maxfiy panoh topadi. Annaning asari ham shu yerda yozilgan. Anna kundalikka “Kitti” deb ism qoʻyib olgan, unga deyarli har kunini, kulbadagi hayot tarzi, atrofdagilar ruhiyati va xatti-harakatini maktub tarzida aytib berardi. Qizaloqni hamma ham yetarlicha tushunmasdi. Onasi, opasi bilan koʻpam chiqishavermas, faqatgina otasi, biroz muddat oʻtib Piter uni soatlab tinglay olardi. Qoʻshni bola Piter bilan yaqinlik vaqt oʻtib uning xissiyotlarigada taʼsir qiladi.
Kulbadagi kunlarini qamoqdagi gʻurbatdek oʻtkazayotgan odamlar gohida bir-biriga toqat qilisholmasdi. Eng ogʻir paytlarda kattalarning irodasizligi va shaxsiyatidagi kamchiliklar Annaning gʻashini keltirardi. Har safar kundalik ustida oʻtirgan oʻsmir qizaloq atrofdagilarni tahlil qilib, yaqinlarining xato va kamchiliklarini ayovsiz fosh etardi. Ayniqsa, onasining baʼzi xatti-harakatlari unda nafratini uygʻotadi. Shunda u oralarida ulkan jarlik borligini anglaydi. Dastavval Anna kundaligini oʻzi uchun yoza boshlagan boʻlsa, 1944-yilning bahorida tasodifan radioda Niderlandiya taʼlim vaziri Bolkshteynning urush paytidagi barcha daliliy hujjatlar milliy mulkka aylanishi haqidagi gaplarini eshitib qoladi.
Bundan taʼsirlangan Annada kundaligini kitob holida chop etish fikri paydo boʻlib, uni qaytadan toʻldirib yoza boshlaydi. Afsuski, Annaning orzusi tirikligida amalga oshmaydi. Mirshablar ularni yashiringan kulbalarida hibsga olishadi. Oilaning deyarli barcha aʼzosi turli yillarda konslagerda vafot etadi. Faqat qizning otasi Otto Frank omon qoladi va umrini butunlay qizining kundagini nashr etish va uning xotirasini abadiylashtirishga bagʻishlaydi.
Urush haqida koʻplab asarlar yozilgan. Ammo, jaholat, vayronagarchilik yosh qizning bolalarcha nigohida tahlil etilishi noyob hodisa. Ayniqsa, kitobda har nafasda oʻlim tahdidi, munosabatlardagi yoriqlar satrma-satr aks etgan. Annaning ogʻriqlari, qalbida “yarq” etgan tuygʻular, oʻziga xos qatʼiyati oʻqirmanni fikrlatadi.
Asardan iqtiboslar
Hech kimga ishonmasdan va hech kimni maslahatisiz kuchli boʻlishga harakat qilish kerak.
Odamni u bilan janjallashganingdan soʻnggina bilib olar ekansan. Faqat shundagina uning haqiqiy xarakterini baholay olasan!
Baxtli odam boshqalarni ham baxtli qiladi; jasorat va iymonga ega odam hech qachon azobda oʻlmaydi!
“Oʻspirinlarning odatiy muammolari” yoki “boshqa qizlar” haqida yoki boʻlmasa “hammasi oʻtib ketadi” qabilidagi gaplarni eshitishni jinim suymaydi. Menga boshqa qizlardek emas, aksincha, oʻz fikri va dunyoqarashiga ega Anna sifatida muomala qilishlarini istardim.
Otam mendagi isyonkor ruhni jilovlash uchun qoʻlidan kelganicha koʻmaklashdi, ammo foydasi boʻlmadi.
Oʻz-oʻzini anglash tuygʻusi meni hech qachon tark etmaydi va har safar biror gap aytayotganimda xayolimdan quyidagicha oʻylar oʻtadi: “Shu gapni sal boshqacharoq aytishing ham mumkin edi” yoki “Sen toʻgʻri gapirding”.
Aslini olganda yoshlar keksalarga qaraganda yolgʻizroqdirlar.
Nima boʻlishidan qatʼi nazar insonlarning qalban pokizaligiga ishonaman.
Xudo menga tafakkur qilish va qalbimda borini qogʻozga tushira olishdek qobiliyat ato etganiga shukr qilaman!
Muallif vafotidan soʻng asar 1947-yilda ilk bor golland tilida chop etiladi. Oʻshandan buyon “Anna Frank kundaligi” ayni paytgacha yetmishdan ortiq tillarga tarjima qilingan va oʻttiz million nusxada chop etilgan. Shuningdek, ushbu kitob jahon adabiyotida “Injil”dan keyin eng koʻp mutolaa qilingan nobadiiy asar hisoblanadi. Ushbu kundalik asosida bir necha sahna asarlari va filmlar suratga olingan. Anna yashiringan uy esa 1960-yilda uning nomidagi muzeyga aylantirilgan. Buenos-Ayres va Amsterdam shaharlarida kichik yozuvchining haykali oʻrnatilgan.
Elyor HAYDAROV
OʻzJOKU talabasi
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q