Muhabbat


Saqlash
21:08 / 11.08.2023 0 9043

Muhabbat – odamlar oʻrtasidagi ishq, sevgi, suyish, yoqtirish, yaxshi koʻrish, mehr qoʻyish kabilar bilan bogʻliq maʼnaviy neʼmatni ifodalovchi tushuncha. Muhabbat maʼnaviyat, falsafa, etika, estetika kabi fanlarning muhim kategoriyasidir. Insondagi eng oliy fazilatlar muhabbat bilan bogʻliqdir. Insonga muhabbat, Vatanga muhabbat, onaga muhabbat, yorga muhabbat, farzandga muhabbat, kasbga muhabbat, sanʼatga muhabbat – bularning bari muhabbatning koʻrinishlaridir. Muhabbat va maʼnaviyat uzviy aloqador, chunki, maʼnaviyatning tarkibiga kiruvchi qadriyatlar, axloq, sanʼat, din va boshqalar muhabbatga tayanadi. Aytaylik, axloq yaxshilik poydevoriga quriladi, yaxshilik odamlarga, xalqqa muhabbat tufayli vujudga keladi, sanʼat atrofdagi voqelikka, tabiatga, jamiyatga muhabbat tufayli shakllanadi. Din esa ilohga muhabbatni taqozo etadi. “Muhabbat” tushunchasi keng va tor maʼnolarda ishlatiladi. Tor maʼnoda bu soʻz xalqqa muhabbat, Vatanga muhabbat, yorga muhabbat, kasbga muhabbat kabilarning har birini alohida-alohida ifodalaydi. Keng maʼnoda u ana shu munosabatlarning barchasida mavjud boʻlgan xususiyatlarni oʻzida jamlaydi. Inson oʻzini muhabbat orqali namoyon qiladi. Muhabbat boʻlmasa, inson haqiqiy aktyor yoki shoir, oʻqituvchi yoki ishchi, naqqosh yoki yozuvchi boʻla olmaydi, kasbiga mehr qoʻymagan kishi tom maʼnodagi mutaxassis boʻlishi qiyin. Muhabbat odamlarni oʻzaro hamkorlikka, doʻstlikka chorlaydi. Muhabbatning ziddi esa nafrat boʻlib, u odamlar orasiga nifoq soladi, janjallar, dushmanlik va urushlarni keltirib chiqaradi. Jamiyatda muhabbat ustuvor boʻlganda barqarorlik, osoyishtalik, tinchlik hukm suradi. Nafrat kuchayganda, aksincha odamlar oʻrtasida ixtilof paydo boʻladi, xalqlar oʻrtasida qurolli nizo va urushlarga sabab boʻladi.

 

XX asrda yuz bergan ikki jahon urushi, oʻnlab, fuqarolik urushlari, mintaqaviy nizolar shundan dalolat beradi. Bu xunrezliklar faqat oʻz manfaatlarini oʻylaydigan, boshqalarga muhabbat bilan emas, nafrat bilan qaraydigan kimsalar, yovuz kuchlar hokimiyat tepasiga kelib qolgani natijasidir. Ikkinchi jahon urushiga Gitler va uning vahshiy toʻdasi tomonidan Germaniyada hokimiyatning qoʻlga olinishi sabab boʻldi. Ular targʻib etgan gʻoya – fashizm faqat oʻz irqini sevib, boshqa barcha insoniyatga nafrat bilan qarashdan iborat edi. Muhabbat oʻrnini nafrat egallay boshlaganda va bu tuygʻu muhabbatdan ustun boʻlganida inson oʻzining insoniyligini yoʻqotadi, unda gʻayriinsoniy, hayvonlarga xos tajovuzkorlik kuchayadi. Adabiyot, musiqa, sanʼat, din yoki falsafa kabi tafakkur shakllari muhabbat tufayli va insonlarda muhabbat tuygʻusini uygʻotish va qaror toptirishga xizmat qiladi. Maʼnaviyatning negizini Vatanga, xalqqa, insoniyatga, tabiatga munosabatlar tashkil etar ekan, bu munosabatlarni shakllantirishda adabiyot va sanʼatning oʻrni va ahamiyati beqiyosdir. Chunki, adabiyot va sanʼatning asosiy maqsadi muhabbatni badiiy boʻyoqlarda ifodalashdir. Adabiyot va sanʼat insonlar oʻrtasidagi muhabbat tufayli va shu muhabbatni kuylash uchun dunyoga kelgan. Muhabbat adabiyot va sanʼatning abadiy mavzusi boʻlib qoldi. Adabiyot va sanʼatning muhabbatni ifodalashdagi oʻziga xoslik shundaki, ularda muayyan insonning, shaxsning muhabbati ifodalanadi. Lekin muhabbatning shunday qirralari ham borki, uni alohida bir shaxsning tuygʻusi orqali ifodalab boʻlmaydi. Har bir tarixiy davrda muhabbat oʻziga xos xususiyatlarga ham ega boʻlgan. Bu xususiyatlarni bir yoki bir necha obrazlar orqali ifodalash mumkin emas. Bunday xususiyatlarni anglash uchun tarix, madaniyatshunoslik, falsafa, axloqshunoslik kabi fanlarning yordami kerak boʻladi. Muhabbat faqat insonga xos xususiyatdir. Hayvonlar oʻrtasida ham muhabbatga oʻxshagan tuygʻu bor. Masalan, oqqushlar va boshqa bir qator parranda va darrandalar oʻz juftlari bilan umrbod oila quradi. Lekin, bu tuygʻuni muhabbat deb boʻlmaydi. Bu muayyan sharoitda yashayotgan turning atrof-muhit taqozosi bilan vujudga kelgan instinktidir. Hayvonlarda ong yoʻq. Ularda xatti-harakat reflekslar va instinktlar orqali boshqariladi. Muhabbat eng yuksak insoniy tuygʻudir. Muhabbat vatanparvarlik, xalqparvarlik, insonparvarlik, mardlik, jasorat singari koʻplab ijobiy va shu maʼnoda, u maʼnaviyatning eng asosiy ustunlaridan biri, insonni ezgu maqsadlarga yetaklaydigan qudratli kuch sifatida xizmat qiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:05 / 20.05.2025 0 269
Farzand nega tirnoqqa o‘xshatiladi?

Qatra

12:05 / 19.05.2025 0 277
Hammani yig‘latgan vasiyatnoma

Qatra

15:04 / 17.04.2025 0 265
Marhamat aya sog‘inchi

Bilasizmi?

10:04 / 08.04.2025 0 312
Narxning navosi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 224696
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 107673
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 55012
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 39917
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 39732
Xarakter

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 31049
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 30503
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 29898
Alpomish

//