
Mif (yunoncha mifhos – afsona, rivoyat, asotir) – ibtidoiy davr kishilari ongi va tushunchasida inson, tabiat, jamiyat va koinotning paydo boʻlishi bilan bogʻliq voqealar, shuningdek, tabiat va jamiyat hodisalarining aks etishi. Ibtidoiy insonlar tabiat va jamiyatda sodir boʻladigan voqea va hodisalarning asl sabablarini toʻgʻri anglab yetmagan va ularga qandaydir tashqi qudrat ifodasi deb qaragan. Masalan, yashin va momaqaldiroq, yongʻin, toʻfon, dovul, zilzilalar, quyosh va oyning tutilishi, dumli yulduzning uchishi va shu kabi ibtidoiy odamlar tasavvurida gʻayritabiiy taassurot qoldirgan. Ibtidoiy kishilarning tabiat kuchlari oldidagi bunday ojizligi, ularning sir-asrorlarni bilmasliklari oqibatida Oy, quyosh va yulduzlarga, ayrim hollarda olov, suv, qushlar va hayvonlarga, togʻtosh va hokazoga jonli, muqaddas narsalar deb qarash, ularga sigʻinish, topinish xollari urfga aylangan. Bunday hodisalarni ibtidoiy kishilar, odatda ikki toifaga, yaʼni doʻst va dushman kuchlarga, yaxshi-yomonga, oq va qoraga boʻlib tasavvur etganlar. Ana shunday tasavvurlar mahsuli boʻlgan mifda tabiat va jamiyat hodisalari, shuningdek, gʻayritabiiy hodisalar afsonaviy qahramonlar, devlar, ajdaho, qushlar, bahaybat hayvonlar, jin, pari va hokazoning timsolida umumlashtirilib tasvirlangan. Bundan tashqari, ularda ibtidoiy insonning oʻziga xos ojiz tomonlari bilan birga ulkan jasorati va qahramonligi, ayniqsa, yaxshilik va ezgulikning yomonlik va yovuzlik ustidan, yorugʻlikning zulmat ustidan gʻalabasiga boʻlgan chuqur ishonch tuygʻusi, olijanob maqsad va intilishlari oʻz ifodasini topgan. Oʻzining gʻoyaviy-badiiy mukammalligi va chuqur insonparvarlik yoʻnalishlari bilan muhim va qimmatli madaniy-maʼrifiy qadriyatlar qatoridan mustahkam oʻrin egallagan mif namunalari mavjud. Ular qadimgi shumer-akkadlarning “Gilgamish” haqidagi eposi, Gomerning “Iliada” va “Odisseya”, hindlarning “Mahabhorot”, “Ramayana” “Pancha-tantra” (“Kalila va Dimna”), tibet-moʻgʻillarning “Geser”, Markaziy Osiyo xalqlarining “Goʻroʻgʻli”, “Alpomish”, “Manas”, “Qirq qiz” hamda Gershasp Elibek, Kayumars, Jamshid, Erxubbi, Toʻmaris, Shiroq, Siyovush, Rustam va b. haqidagi afsonalari, qalmiqlarning “Jangar”, qadimgi islandlarning “Edda”, gruzinlarning “Amiraniani” va boshqa koʻplab folklor asarlaridir.
Mifologiya – miflarni oʻrganuvchi fan sifatida ijtimoiy ong shakllaridan biri va kishilarning tabiiy va ijtimoiy hodisalarning mohiyatini anglashda ilk bosqich hisoblanadi. Ibtidoiy jamoa davrida dunyo asosan mifologik obrazlar orqali tasavvur qilingan. Bu jarayon dunyoning ibtidosi va intihosi toʻgʻrisidagi tasavvurlarni qamrab olishni maqsad qilib qoʻymaydi. Bunday tasavvurlarning tub asosida kishilarning tevarak-atrofdagi narsa va hodisalar toʻgʻrisidagi bilimlarining oʻta sayozligi va tabiiy muhitdan ajratgan holda tasavvur etmagani yotadi. Mifologik tasavvurlar dunyoni mifologik obrazlar orqali anglash jarayoni sifatida obyekt bilan subyekt oʻrtasida, ijtimoiylik bilan tabiiylik oʻrtasidagi munosabatlarning oʻta sodda ifodasi boʻlib, oʻz navbatida totemizm, fetimizm, animizm, shomonizm, afsungarlik va boshqa qator shakllarda namoyon boʻladi. Miflar va marosimlar ibtidoiy madaniyatning ajralmas tarkibiy qismlari hisoblanib, ular oʻz navbatida nazariy qarashlar bilan amaliy tajribalarning yaxlitligini oʻzida mujassamlashtiradi. Miflar dunyoni gʻayritabiiy obrazlar orqali tasavvur etadigan diniy dunyoqarashning ham dastlabki koʻrinishi boʻlib, u kishilarda abstrakt tafakkurning, fantaziyaning shakllanayotganidan darak beradi. Dunyoni mif obrazlari orqali anglash jarayoniga ikkita yondashuvni uchratish mumkin. Masalan, XVIII asr fransuz maʼrifatparvarlari B.Fontenel, Volter, Didro, Monteskye va boshqa mifni kishilarning vahshiylik, yovvoyilik davri bilan bogʻliq holda tushuntirishga intilgan. Ular miflarning insoniyat maʼnaviyati rivojidagi muhim rolini inkor etishga uringan. Miflarga xalqlarning maʼnaviy taraqqiyoti uchun asos sifatida baho beruvchi romantizm ruhidagi qarashlar Gerder tomonidan asos solingan ilmiy konsepsiyada oʻz ifodasini topgan. mifning mazmun-mohiyatini toʻliq ochib bera olmagan. XX asr badiiy adabiyotida mifologik obrazlardan unumli foydalanish orqali xalqlarning muayyan davrdagi holati, ichki dunyosi, maʼnaviy takomil bosqichlarini toʻlaroq bayon qilishga intilish kuchaydi. Oʻzbek xalqi ham oʻzining qadimiy mifologik obrazlari orqali dunyoni anglash jarayonidagi oʻziga xoslik milliy tafakkurimizning shakllanishida muhim asos boʻlib xizmat qilayotganini inkor etib boʻlmaydi. Eng qadimgi mifologik obrazlar Parxat, Ardaxiva, Franxrasyon (Afrosiyob) obrazlari bilan bogʻliq asotirlar bugungi kunda ham milliy oʻzligimizni anglashda muhim ahamiyat kasb etayotgani shubhasizdir.
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
1 Izoh
Gulnaz
01:09 / 23.09.2023
Ibtido. Sig'inish va antropogenik miflar haqida alohida batafsil malumotlar keltirilsa yaxshi bo'lardi.