Milliy gʻurur


Saqlash
22:08 / 07.08.2023 0 3307

Milliy gʻurur – 1) shaxs, ijtimoiy guruhning muayyan millatga mansubligidan faxrlanish hissi. Bu tuygʻu oʻzini-oʻzi anglash shakllaridan biri boʻlib, ajdodlar qoldirgan moddiy, maʼnaviy meros, oʻz xalqining jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasi, qadr-qimmati, obroʻ-eʼtiboridan faxrlanish hissini ifodalaydi. U shaxs va ijtimoiy guruh xulq-atvorini muayyan tarzda yoʻnaltiradi, tartibga soladi. Milliy gʻurur quyidagi shakllarda namoyon boʻladi: millatning yutuqlari, obroʻ-eʼtibori bilan faxrlanish, uning muammolariga befarq qarab turmaslik; oʻz eliga, millatiga jonkuyar boʻlish; oʻz millatining moddiy, maʼnaviy merosini asrab-avaylash; xalq odatlari, anʼanalari, qadriyatlarini hurmat qilish, ularni boyitish va takomillashtirish; oʻz millatiga mehr-muhabbatini amaliy faoliyatda namoyon etish. Milliy gʻurur maʼnaviyat tarkibida muhim oʻrin tutadi. Milliy gʻurur millatning oʻtmishda fan, adabiyot, sanʼat rivojiga qoʻshgan hissasi, buyuk allomalari, atoqli sarkardalari faoliyati bilan bogʻliq boʻladi. Milliy gʻururi boʻlmagan kimsa boshqa millatlarga bosh eguvchi kosmopolitga, manqurtga aylanadi. Milliy gʻururning predmeti va mazmuni, yaʼni qanday shaxslar, qanday voqea-hodisalar bilan faxrlanayotgani shu millatning mazkur davrdagi maʼnaviy qiyofasini koʻrsatadi. Xalqlar tarixida shunday davrlar boʻlishi mumkinki, unda millatchilik, shovinistik, hatto fashizm gʻoyalari ustuvorlik qila boshlaydi. Bunday davrlarda Milliy gʻurur predmeti salbiy hodisalar: maqtanchoqlik, boshqa millatlarni pastga urish, oʻz millatining boshqa millatlarga nisbatan ustunligini targʻib etish kabi illatlarda namoyon boʻladi. Bunday hollar millat oʻziga-oʻzi tanqidiy koʻz bilan qaray olmay qolgan vaziyatlarda yuz beradi. Milliy gʻurur adabiyot va sanʼatda oʻz ifodasini topadi.

 

Alisher Navoiyning quyidagi hikmati milliy gʻururning goʻzal ifodasidir: “Menga qilsa ming jafo, bir marta faryod aylabon, // Elga qilsa bir jafo, ming marta faryod aylaram”. Sogʻlom milliy gʻurur oʻzga millatga mansub kishilarga ham hurmat-ehtirom koʻrsatishni taqozo etadi. Bunday tuygʻuga ega maʼnaviy yetuk kishi milliylikni millatchilikdan, haqiqiy milliy gʻururni millatparastlikdan farqlay oladi, boshqa millat vakillarining izzat-nafsi va gʻururini kamsitmaydi. Mustabid tuzum davrida milliy gʻururni ifodalash millatchilik bilan tenglashtirilar, muayyan millatga mansublik bilan emas, balki ittifoq fuqaroligi bilan faxrlanish talab etilar, koʻpgina millatlarning milliy gʻururi toptalar va kamsitilar edi. Mustaqillik kishilar milliy gʻururini oshirib, uni xalq, Vatan, ajdodlar xotirasi oldidagi masʼuliyatni his qilishdek mazmun bilan boyitmoqda. Bunday sharoitda milliy mustaqilligimizdan faxrlanish, mamlakatimizda ozod va obod Vatan, farovon va erkin hayot qurish yoʻlida faol mehnat qilish, jahon hamjamiyati yutuqlari, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish milliy gʻururni oshiradigan omillardir. Bu esa, oʻz navbatida, yurtdoshlarimizning kuchi, salohiyati, bunyodkorlik faoliyatini koʻp jihatdan belgilaydi, ularda sogʻlom milliy gʻurur tuygʻusini shakllantirish uchun tinmay izlanishga safarbar etadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:05 / 20.05.2025 0 265
Farzand nega tirnoqqa o‘xshatiladi?

Qatra

12:05 / 19.05.2025 0 277
Hammani yig‘latgan vasiyatnoma

Qatra

15:04 / 17.04.2025 0 265
Marhamat aya sog‘inchi

Bilasizmi?

10:04 / 08.04.2025 0 312
Narxning navosi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 224694
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 107673
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 55011
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 39916
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 39732
Xarakter

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 31048
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 30503
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 29898
Alpomish

//