Milliy gʻoya


Saqlash
22:08 / 07.08.2023 0 3496

Milliy gʻoya – 1) millatning oʻtmishi, buguni va istiqbolini oʻzida mujassamlashtirgan, uning tub manfaatlari va maqsadlarini ifodalab, taraqqiyotga xizmat qiladigan ijtimoiy gʻoya shakli. 2) Mustaqillik yillarida shakllangan, oʻziga xos falsafiy asosi, ilmiy-nazariy va tarixiy ildizlariga ega yaxlit taʼlimot. I.A.Karimov tomonidan yaratilgan ushbu taʼlimot mamlakat taraqqiyotining obyektiv zarurati, milliy rivojlanishning qonuniy hosilasi sifatida ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot barpo etayotgan xalqimizning maqsad-muddaolari va orzu-intilishlarini ifodalaydi. Insoniyat taraqqiyoti biron-bir jamiyatning ezgu gʻoyalar va mafkurasiz rivojlana olmasligini tasdiqlab kelmoqda. Milliy gʻoya har bir jamiyat ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotini taʼminlovchi milliy omil sifatida namoyon boʻladi.

 

Ajdodlarimiz jamiyatning barcha bosqichlarida jamiyat aʼzolari tafakkuriga ezgulikka va bunyodkorlikka chorlovchi gʻoyalarni singdirib kelganlar. Masalan, zardushtiylik dinining “Avesto” kitobidagi gʻoyaviy konsepsiya – “Ezgu fikr, ezgu soʻz va ezgu amal” tamoyili buning yorqin dalilidir. Milliy gʻoya oʻz mohiyatiga koʻra, xalq, millat taqdiriga daxldor, qisqa yoki uzoq muddatda hal etilishi kerak boʻlgan vazifalar va moʻljallarni ham aks ettiradi. Oʻz davrida (1941–1945-yillarda) fashistlar bosib olgan Fransiyada “qarshilik koʻrsatish” gʻoyasining milliy gʻoya darajasiga koʻtarilgani va bu mamlakat ozod etilishi bilan oʻz ahamiyatini yoʻqotgani fikrimizga dalil boʻla oladi. Muayyan gʻoyaning milliy gʻoya sifatida maydonga chiqishi millatning mavjud holati bilan bevosita bogʻliqdir. Chunki, ana shu negizga tayangan holdagina u millatning qisqa yoki uzoq vaqtda erishishi lozim boʻlgan maqsad-muddaolari va moʻljallarini toʻgʻri ifodalay olishi mumkin. Har bir xalq oʻz tarixining burilish nuqtalarida, avvalo mafkura masalasini, uning oʻzagini tashkil etadigan, oʻziga xos birlashtiruvchi yadro vazifasini oʻtaydigan ijtimoiy gʻoyani shakllantirish muammosini hal qiladi. Mamlakatimiz uchun milliy gʻoya haqidagi masalaning bugungi amaliy ahamiyati shundaki, biz yangi jamiyat qurish davrini boshdan kechirmoqdamiz. Aynan shunday paytda aholining turli qatlamlari manfaatlarini himoya qiluvchi xilma-xil qarashlar shakllanishi mumkin. Bunday sharoitda millat va jamiyatning parokanda boʻlib ketishiga aslo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Aks holda siyosiy, huquqiy, iqtisodiy islohotlar oʻz ahamiyatini yoʻqotadi, mustaqillik yoʻlida gʻovlar paydo boʻladi.

 

Baʼzi sobiq ittifoq davlatlarida jamiyatning bir-biriga qarama-qarshi turuvchi kuchlarga boʻlinib ketgani yoki ayrim qoʻshni mamlakatlarda mahalliychilik zaminida jamiyatni boʻlib yuborishga urinishlar boʻlayotgani ham ana shuning oqibatidir. Mamlakatimizda erkin, huquqiy-demokratik, fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlash, milliy gʻoyani jamiyatimiz aʼzolari ongiga singdirishda madaniy-maʼrifiy muassasalarning oʻrni beqiyosdir. Ushbu tashkilotlar orqali milliy gʻoyada ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilab berilgan qadriyatlar targʻibotiga eʼtibor qaratish, ushbu jihat xalqimizning milliy oʻzligini anglab, mustaqillikni mustahkamlash ishiga kamarbasta boʻlishini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Maʼlumki, gʻoya, yaʼni maqsad koʻp hollarda amaliyotdan ilgari yuradi. Avval muayyan gʻoya jamiyat aʼzolarining umumiy maqsadi sifatida ilgari surilib, soʻng ushbu maqsadni bajarish uchun amaliy faoliyat boshlanadi. Shu jihatdan ham milliy gʻoya oʻzligimizni anglab ijtimoiy taraqqiyot va barqarorlikni taʼminlashimiz yoʻlida muhim omil boʻlib xizmat qiladiki, ushbu ishlarni amalga oshirishda maʼnaviyat sohasi xodimlarining faoliyati muhim oʻrin tutadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:02 / 25.02.2026 0 161
Evtanaziya huquqmi yo qadriyatlarga qarshilik?

Bilasizmi?

17:02 / 23.02.2026 0 518
Nega 23-fevral emas, 14-yanvar?

Bilasizmi?

12:02 / 16.02.2026 0 300
Boqiylik formulasi: Qadimgi Misr mumiyolash sirlari

Bir kuni...

11:02 / 05.02.2026 0 465
Kelajak bor

Bir kuni...

17:11 / 10.11.2025 0 887
Ko‘rpacha



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 232591
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 112447
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 64909
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 54809
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 49294
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 39017
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 37988
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:04 / 25.04.2023 1 36499
“Avesto”

//