Milliy ong


Saqlash
21:08 / 04.08.2023 0 3256

Milliy ong – har bir millat yoki elatning uzoq tarixiy taraqqiyoti, turmush tarzi, maʼnaviy-diniy eʼtiqodi, madaniy rivoji jarayonida shakllangan dunyoqarashi, tafakkuri, eʼtiqod va ishonch tuygʻularini ifodalovchi tushuncha. Millat kishilarning barqaror tarixiy birligi boʻlib, umumiy turmush, til, madaniyat, ong va ruhiyatning birligi, oʻziga xosligi negizida qaror topgan. Milliy ong ijtimoiy ishlab chiqarish faoliyati, boshqa millatlar bilan muloqoti jarayonida paydo boʻladi. U til bilan uzviy bogʻliqdir. Tilda ifoda etilgan buyum, hodisa va raqamlar milliy ongda oʻz ifodasini topadi va subyektiv obrazlar tariqasida bilimga aylanadi. Shuning uchun millat shakllanish jarayonining dastlabki bosqichlaridanoq, ajdodlar yaratgan meros, gʻoya va tushunchalarni til orqali oʻzlashtirib, ongiga singdirib boradi. Milliy ong alohida milliy muhitda sodir boʻladi. Uning shakllanishiga toʻplangan bilimlar, siyosiy va huquqiy gʻoyalar, sanʼat va madaniyat yutuqlari, axloq, din va ijtimoiy ruhiyat, umuman, jamiyat ongi taʼsir koʻrsatadi. Milliy ong tarixiy tajribani, ajdodlar qoldirgan bilimlar va tafakkurmantiq usullarini oʻziga singdirib olgach, voqelikni oʻzlashtiradi, vazifalarni oʻrtaga qoʻyadi, kelajak loyihalarini tuzadi, millatning butun amaliy faoliyatini belgilaydi.

 

Milliy ong ijtimoiy faoliyat jarayonida shakllantiriladi, milliy ong ham oʻz navbatida unga bevosita taʼsir oʻtkazadi, uni belgilaydi va tartibga soladi. Millat, oʻz orzu-maqsadlarini roʻyobga chiqarish jarayonida tabiatni, jamiyatni va oʻzini oʻzgartiradi. Sobiq tuzum davrida milliy ong gʻayrimilliy siyosat tufayli cheklangan edi. Millatlarning ongini, ruhini mustahkamlash va ravnaq toptirish gʻoyasini ishlab chiqqan shaxslar millatchi sifatida qoralangan. Mustaqillik davrida milliy ong ajdodlarimiz qoldirgan maʼnaviy-madaniy merosga va qadriyatlarimizga tayanib, milliy gʻurur va iftixorni barchaning qalbiga singdirish omiliga aylandi. Milliy ong milliy maʼnaviyatning tarkibiy qismi sifatida muayyan axloqiy, huquqiy, ilmiy, mafkuraviy qadriyatlarga asoslangan eʼtiqoddir. Milliy ong mazmun-mohiyati millatning oʻz-oʻzini anglash darajasi bilan belgilanadi. Boshqa millatlarning tarixi, madaniyati, milliy xususiyatlari va manfaatlariga xolisona baho bera olishi uchun millat, avvalambor, oʻz-oʻzini anglamogʻi, tarixi, kelajagi, manfaatlarini chuqur tushunib yetmogʻi lozim. Chunki oʻzligini anglagan, milliy ongi kamol topayotgan millatgina boshqa millat manfaatlariga toʻgʻri munosabatda boʻlib, ularga xolisona baho bera oladi. Milliy ong – milliy birlik va birdamlik tuygʻusi shakllanishining asosidir. Milliy ongning bu xususiyati mustaqillik sharoitida yoshlarni tarbiyalashda gʻoyat muhim ahamiyat kasb etadi. Milliy birlik, birdamlik – milliy ongning belgisi sifatida millatparvarlikni anglatadi. Milliy ongning ana shu xususiyati tufayli insonda masʼuliyat tuygʻusi shakllanadi. U oʻzining maʼlum millat vakili ekanini his etgan holda, uning manfaatlarini ongli ravishda himoya qiladi va shu yoʻlda fidoyilik namunalarini koʻrsatadi. Millatparvarlik va masʼuliyat tuygʻusi kuchli boʻlgan insongina millatning ravnaqi va istiqboli yoʻlidagi ezgu maqsadlariga erishadi. Ana shunday xususiyatlarga ega insonlarga ehtiyoj kuchaygan hozirgi davrda milliy ong aholi, ayniqsa, yoshlarda millatparvarlik va masʼuliyat tuygʻusini yanada kamol toptirishga imkon beradigan asosiy omillardan biriga aylanmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qatra

15:04 / 17.04.2025 0 161
Marhamat aya sog‘inchi

Bilasizmi?

10:04 / 08.04.2025 0 206
Narxning navosi

Bilasizmi?

17:03 / 12.03.2025 0 1486
Turkistondagi qadimiy ayollar bayrami



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 224050
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 107295
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 53485
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 38730
Xarakter

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 38046
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 30284
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 30079
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 29370
Alpomish

//