Milliy maʼnaviyat


Saqlash
20:08 / 04.08.2023 0 1971

Milliy maʼnaviyat – muayyan millatning tabiiy, tarixiy va ijtimoiy rivojlanish jarayonida yaratgan moddiy va maʼnaviy boyliklari, u yashayotgan hudud, madaniy meros, milliy madaniyat, til, milliy ong, millat tarixi, oʻtmishi, turmushi va yashash tarzi, hayotining tartib-qoidalari hamda bu bilan bogʻliq milliy xususiyatlar majmuini ifodalaydigan tushuncha. U umuminsoniy qadriyatlar tizimida millatga xos eng umumiy jihatlarni aks ettiradi. Bu masalaning mazmun-mohiyati “Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch” asarida batafsil tahlil etilgan.

Ushbu kitobga tayangan holda, milliy maʼnaviyat tizimining quyida tarkibiy qismlarini ajratib koʻrsatish mumkin:

 

1. Millatning genofondi, tabiiy betakrorligi, oʻziga xosligi, tarixiy oʻzgaruvchanligi va ijtimoiy rang-barangligi.

 

2. Millat tarixi, oʻtmishi, kelajagi va maʼnaviy merosi.

 

3. Milliy hudud, jamiyat va undagi jarayonlar, moddiy va madaniy yashash sharoitlari, iqtisodiy asos va ijtimoiy ustqurma bilan bogʻliq jihatlar.

 

4. Urf-odat, anʼana, marosimlar, turmush tarzi va boshqalardagi milliylik, ular bilan bogʻliq oʻziga xos xususiyatlar.

 

5. Milliy til, milliy madaniyat va maʼnaviyat, milliy ong va milliy ruh, milliy tuygʻular va gʻoyalar.

 

Bu qadriyatlar muayyan millat kishilari uchun umumiy boʻlib hisoblanadi. Milliy maʼnaviyat muayyan millatga mansub qadriyatlarni umuminsoniy qadriyatlar bilan bogʻlovchi xalqalardan biridir. Muayyan kishi yoki shaxs umuminsoniy qadriyatlarni anglashda oʻz faoliyatini ushbu qadriyatlar mezoniga moslashtirishda milliy maʼnaviyat bilan bogʻliq jihatlarni nazarda tutadi. Millat – har qanday milliy maʼnaviyatning egasi, milliy maʼnaviyat tizimi tayanadigan ijtimoiy asosdir. Millatning tanazzuli – milliy maʼnaviyatning tanazzulidir! Insoniyat tarixida Bobil, Vizantiya, Mayya imperiyalarini vujudga keltirgan xalqlar boʻlgani maʼlum, “buyuk sivilizatsiyalar” deb yuritiladigan bu etnoslar keyinchalik turli xalqlar, millatlar, elatlar bilan qorishib, oʻzlarining umumiy-tarixiy birligini yoʻqotgan yoki tarixiy tanazzul jarayonlari, urush va nizolar oqibatida qirilib ketgan. Amazonka boʻylari va Meksika oʻrmonlarida hozirgacha vayronalari saqlanib qolgan mayya xalqi toʻgʻrisida shunday xulosa qilish mumkin.

 

Qadimgi davrning eng buyuk madaniyatlaridan birini yaratgan bu xalq tanazzulga uchragan, uning yozuvi unutilgan, 100 ga yaqin shaharlari vayronaga aylangan va shu tariqa buyuk tamaddun beshiklaridan birining chirogʻi soʻngan. Har bir millat oʻz qadriyatlarining yaratuvchisigina emas, balki uni asrab-avaylovchi va kelajakka yetkazuvchisi hamdir. Milliy qadriyatlarning saqlanishi uchun har bir millatning oʻzi masʼuldir. Hatto biror imperiya yoki davlatga qaram boʻlgan millatning milliy maʼnaviyatni saqlash tuygʻusi yoʻqolib ketmaydi. Millatni milliy maʼnaviyatning obyekti va subyekti sifatida tushunish, u bilan bogʻliq milliy maʼnaviyat tizimini ilmiy tahlil qilishga ijtimoiy qadriyat sifatida qarash imkonini beradi. Bu esa milliy maʼnaviyatning namoyon boʻlishi, uning tarixiy rivojlanish jarayonida oʻtmishdan kelajakka tomon harakatini tahlil qilishga imkon yaratadi. Milliy maʼnaviyat kishilarning tabiiy, tarixiy va ijtimoiy birligini taʼminlaydigan etnik makonda shakllanadi, rang-barang tarzda, turli shakllarda namoyon boʻladi, kishining ongiga, hayot tarziga oʻziga xos tarzda taʼsir qiladi. Milliy maʼnaviyat kishilarning oʻzaro munosabatlarida, ijtimoiy faoliyatida koʻzga tashlanadi hamda ana shu munosabat, faoliyat, maqsad, ehtiyoj va intilishlar uchun maʼnaviy asos boʻladi. Milliy maʼnaviyat va ularning aloqadorligi ifodasi boʻlgan qadriyatlar tizimi, millatning oʻzi bilan birga tarix silsilasi, zamona zayli, ijtimoiy va siyosiy jarayonlar taʼsirida shakllanadi va rivojlanadi. Bu qadriyatlar koʻproq millatning etnik xususiyatlari va etnik makoni bilan bogʻliq. Xalqlarning ijtimoiy taraqqiyoti esa ularning milliy-etnik qadriyatlari ravnaqi bilan uzviy aloqadorlikda davom etadi. Milliy maʼnaviyat, oʻz tabiatiga koʻra, tor doirada saqlanib qolmaydi, balki turmush jarayonida muttasil yangilanib, boshqa xalqlar qadriyatlari yutuqlari bilan boyib boradi. Umuminsoniylik tuygʻusi faqat oʻz xalqi qadriyatini ardoqlash, targʻib-tashviq etish bilan cheklanmaydi, balki u har bir xalq, elat, urugʻ qadriyatlarini qanday holatda boʻlsa, shundayligicha qabul qilib, ularni hurmat qilishni taqozo etadi. Har bir millatning oʻzi qadrlaydigan madaniyati, tili, anʼanalari, urf-odatlari, marosimlari va odob meʼyorlari bor. Dunyoda aholisi son jihatidan koʻp yoki kamroq xalq boʻlishi mumkin, ammo madaniy va maʼnaviy sohada bir-biridan kam yoki ortiq millat yoʻq.

 

Har bir millatning oʻziga xos oʻtmishi, madaniy va maʼnaviy qadriyatlari, milliy qahramonlari bor. Boshqa millatning oʻzga millat faoliyatini baholovchi hakam boʻlishga haqqi yoʻq. Biror bir taʼlimot davlat shakli yoki yashash usulini qabul qila olmagani uchun muayyan millatni ayblab boʻlmaydi. Shu maʼnoda, umuminsoniylik tuygʻusi faqat bir millat qadriyatlarini butun olamga yoyish yoʻli bilan emas, balki barcha millat va elatlar qadriyatlarini asrab-avaylash, hurmat qilish va olamdagi milliy rang-baranglikning tabiiy rang-baranglik bilan uzviy aloqada ekanligini anglash yoʻli orqali boyib boradi. Milliy maʼnaviyat millatning tabiiy-tarixiy rivoji, ijtimoiy turmushi, yashash tarzi, oʻtmishi, kelajagi, madaniyati, maʼnaviyati, urf-odatlari, anʼanalari, tili, u vujudga kelgan hudud va boshqalar bilan uzviy bogʻlangan. Ular xilma-xil shakllarda, bir-biri bilan uzviy aloqada namoyon boʻladi, oʻziga xos milliy qadriyatlar tizimini tashkil qiladi. Bu tizimda tabiiy-tarixiy birlikni taʼminlovchi qadriyatlar – qon-qardoshlik, madaniy-maʼnaviy yaqinlik, oʻtmish va maʼnaviy meros, ona yurt tuygʻusi va boshqalar nisbatan barqaror boʻlib hisoblanadi. Millatning oʻziga xosligi, betakrorligi, rang-barangligi va ijtimoiy jarayonda oʻzgarib borishi bilan bogʻliq eng asosiy qadriyati uning genofondidir. Genofond – faqat irsiyat orqali oʻtadigan tabiiy oʻziga xoslik emas, balki tarixiy belgilar, xususiyatlar, rang-baranglik va oʻzgaruvchanlikni ham oʻzida ifodalaydi. Shuning uchun biror xalq, millat, elatni yoʻqotish uchun qilingan tajovuzning “genotsid” deb atalishi bejiz emas. Millatning genofondi uning eng asosiy tarixiy, milliy maʼnaviyatidan biridir. Bu tushuncha muayyan tabiiy-tarixiy yoki biologik birlikning maʼlum bir hududda uzoq yashashi natijasida shakllangan va avlodlardan-avlodlarga oʻtadigan tabiiy, biologik xususiyatlari hamda jihatlarining yigʻindisini ifodalaydi. Genofond tushunchasi ayniqsa, qon-qarindosh millatlardan tarkib topgan xalqlarning tarixiy birlik sifatida ijtimoiy taraqqiyotning nisbatan uzoq davrida mavjud boʻlishi mumkinligini aks ettiradi. Millat tarixiy oʻzgarishlar, urush va qirgʻinlar natijasida asta-sekin oʻzgarishi, kamayib ketishi mumkin. Ammo uning genofondi oʻzgarishi millatning nihoyatda tez oʻzgarishiga, avlodlaridan meros qolgan tabiiy-tarixiy xislatlarining tez yoʻqolib ketishiga olib keladi. Sobiq ittifoq davrida millatlarning genofondini saqlash muammolari toʻgʻrisidagi masala bilan bogʻliq tadqiqotlar olib borilmadi. Bu davrda “sotsialistik eksperiment”lar jarayonida odamlar boshiga tushgan turli xil qatagʻonlar, urushlar, butun-butun millatlarning oʻz tarixiy vatanidan koʻchirilib yuborilishi, soxta shiorlar bilan “yuz mingchilar”, “sakson mingchilar” va boshqa harakatlar natijasida aholi katta qismining koʻchib yurishi, ekologik tangliklar va boshqa mamlakatdagi xalqlar, millat va elatlarning genofondiga salbiy taʼsir qilmay qolmadi.

 

Oʻzbekistonda hozirgi davrga kelib bu masalaga alohida jiddiy eʼtibor berilayotgani, sogʻlom avlodni tarbiyalash, millat genofondini sogʻlomlashtirish umumdavlat miqyosidagi vazifaga aylangani bejiz emas. Chunki millatning genofondi uning betakrorligini anglatadi, bu betakrorlik esa ushbu millat tarixiy rivojlanishning muayyan davrlari bilan bogʻlanganligini koʻrsatadi. Bu betakrorlikni umuminsoniylik jihatidan baholash – oʻz millati qadriyatlarini xolisona targʻib qilish, oʻzga millatning qadriyatlariga putur yetkazmaslikka asoslanadi. Milliy makon va maʼnaviyat. Milliy maʼnaviyat kishilarning yashash joylari, turmush sharoitlari bilan bogʻliqlikda shakllanadi. Ana shunday maʼnaviy qadriyatlarning eng asosiysi tugʻilgan Vatan va ona yurtini sevish tuygʻusidir. Vatanni sevish tuygʻusi – inson tugʻilib voyaga yetgan, u mansub boʻlgan tarixiy birlikning oʻtmishi bilan bogʻlangan ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy muhitga va hududga nisbatan boʻlgan muhabbatdir. Bu butun insoniyatga xos umumiy tuygʻudir. Vatan tuygʻusida kishilarning oʻzi mansub boʻlgan tarixiy birlik shakllanishiga muayyan darajada taʼsir koʻrsatgan hududga nisbatan maʼnaviy qarzdorligi, burch va masʼuliyati bilan bogʻliq ijtimoiy tuygʻulari namoyon boʻladi. Milliy til va maʼnaviyat. Milliy maʼnaviyat eng asosiy belgilaridan biri – millat uchun umumiy muomala vositasi boʻlgan milliy tildir. Mutaxassislar jahonda 5000 ga yaqin til borligini qayd etadi, ularni 15 ta katta oilaga boʻlib oʻrganadi, tillarning takomillashuvi bilan birga, ular tarqalgan hududning maydoni ham oʻzgarib borishini taʼkidlaydi. Masalan, VII asrgacha Arabiston yarim orolining bir qismida tarqalgan arab tili, undan keyingi bir necha asr mobaynida Afrika va Osiyoning boshqa hududlariga ham tarqaladi. Xuddi shunday turkiy tillar ham Kichik Osiyodan Sharqiy Sibirgacha boʻlgan keng hududda tarqalgan. Shu bilan birga, qadimda Osiyoda keng tarqalgan xettlar tili esa butunlay yoʻqolib ketgan. Turkiy xalqlarning tili biz uchun umummilliy qadriyatdir.

 

Istiqlol yillarida Yurtboshimiz taʼkidlaganidek, “xalqimizning muqaddas qadriyatlaridan biri boʻlmish ona tilimiz oʻzining qonuniy maqomi va himoyasiga ega boʻldi, ... davlat tilining hayotimizdagi oʻrni va taʼsirini kuchaytirish, uni tom maʼnoda milliy qadriyatga aylantirish yoʻlida ilgari tasavvur ham qilib boʻlmaydigan ulkan ishlar amalga oshirildi”. Milliy maʼnaviyat va qadriyatlar. Millatlarning maʼnaviy merosi, anʼanalari, urf-odatlari, milliy adabiyoti, sanʼati va boshqalar bilan umuminsoniy qadriyatlarning milliy darajadagi namoyon boʻlish shakllari bogʻlangandir. Ularning asosida har bir millat, xalq yoki elatning tarixiy rivojlanish jarayonida avlodlardan avlodlarga oʻtib kelayotgan madaniy xususiyatlari va jihatlari yotadi. Millat faqat muayyan hududda yashaydigan va bir xil tilda soʻzlashadigan kishilardangina iborat emas, balki umumiy madaniy-maʼnaviy jihat va xususiyatlar asosida mavjud boʻlib turgan tarixiy-ijtimoiy birlik hamdir. Madaniyat insoniyat tarixining ilk davrlaridan buyon uning ajralmas hamrohi, insonning oʻzi kabi qadimiydir. Har bir xalqning madaniyati oʻziga xos va betakror boʻlib, u rivojlanib, takomillashib boradi. Bu ayniqsa qon-qardosh xalqlar bilan bogʻliq madaniy qadriyatlar rivojida katta ahamiyat kasb etadi.

 

Madaniy-maʼnaviy soha bilan bogʻliq milliy maʼnaviyatlarning amal qilishida uchta jihatni ajratib koʻrsatish mumkin: a) kishilarning ijtimoiy ongi bilan bogʻliqlik; b) kishilarning munosabati va faoliyati orqali amalga oshish; v) moddiy va maʼnaviy sohadagi biror natija, yutuq, boylik va boshqa tarzida namoyon boʻlish. Milliy maʼnaviyat makon va zamonda madaniy sohadagi biror kashfiyot, yutuq, natija yoki maʼnaviy boylik tarzida namoyon boʻlishi mumkin. Xalqning dahosi, maʼnaviy-aqliy yetukligi, bilimlari, ilm-fanda erishgan yutuqlari ana shu natijalarda namoyon boʻadi. (Masalan, Misr ehromlari, Buyuk Xitoy devori, Rim va Afina, Samarqand va Buxorodagi yodgorliklar, alloma va mutafakkirlarning kashfiyotlari va shu kabilar). Har qanday millat kabi xalqimiz ham oʻziga xos, betakror milliy maʼnaviyatni yaratadi. Milliy maʼnaviyatning egasi sifatida xalqimiz oʻz qadriyatlarini asrab-avaylab, rivojlantirib va takomillashtirib kelmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:03 / 12.03.2025 0 1326
Turkistondagi qadimiy ayollar bayrami

Bilasizmi?

10:03 / 03.03.2025 0 285
“Qozondi” fe’lidagi “qozon” haqida

Bilasizmi?

10:03 / 03.03.2025 0 290
Marjumakdan shoʻrva qilib boʻladimi?

Bilasizmi?

15:02 / 28.02.2025 0 212
Maymunjon, parmanchak va boldirgʻon

Bilasizmi?

14:02 / 28.02.2025 0 231
Xoʻjayin boʻlolmagan xoʻjagʻat



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 223348
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 106856
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 50018
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 37354
Xarakter

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 35782
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 29716
Kompetentlik

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 28712
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 28694
Alpomish

//