Bilasizmi?
Milliy munosabatlar – millatlararo munosabatlarni anglatuvchi tushuncha. Maʼlumki, bugun jahonda mavjud 200 dan ziyod mamlakatda ikki mingga yaqin millat, elat va qabila yashaydi. Ular 5 yarim mingdan ortiq tilda soʻzlashadi. Bu tillarning 2000 tadan koʻprogʻi oʻz yozuviga ega emas. Milliy jarayonlarning eng xarakterli tomoni shundaki, insoniyat aql-zakovati yuksalgani sayin millatlar oʻzaro assimilyatsiyalashish tomon emas, balki oʻzlarining “men”ini namoyish qilish, tasdiqlash sari jadal surʼatlar bilan harakat qilmoqda. Hali jahonda mavjud birorta millat yoki elat ixtiyoriy ravishda boshqa millatlar bilan qoʻshilib ketgan emas, aksincha ayrim millatlar qashshoqlikning ogʻir kulfatlarini boshidan kechirishga majbur boʻlsalar-da ozodlik, erkinlik kabi qadriyatlardan voz kechmaganlar. Ular ozod, mustaqil yashab, oʻz urf-odat, anʼana va qadriyatlarini muqaddas bilib, fidoyilik koʻrsatib kelganlar. Milliy munosabatlar deganda turli millat va elatlarning iqtisodiy-siyosiy va madaniy-maʼrifiy sohalarda sodir boʻladigan oʻzaro aloqalar majmuini tushunmoq kerak. Bunday aloqalar, koʻp millatlar yashaydigan ayrim bir mamlakat ichki hayotida yoxud turli mamlakatlarda yashaydigan millatlar oʻrtasida amalga oshadi.
Bugungi kunda jahonda aholisining tarkibi faqat birgina millatdan tarkib topgan mamlakatni yoki davlatni topish qiyin. Xuddi shuning uchun ham mamlakatlar, davlatlar oʻrtasida amalga oshiriladigan turli sohalardagi aloqalarda ularda yashayotgan millatlarning doʻstona munosabatlari har qanday davlat taraqqiyotining muhim omili hisoblanadi. Ana shu omil qanchalik mustahkam boʻlsa, davlatlar oʻrtasida olib boriladigan turli sohalardagi aloqalar ham shu darajada mustahkam boʻladi va har ikki tomon kutayotgan natijalarni beradi. Koʻp millatli davlatlarda milliy munosabatlarni uygʻunlashtirish shu mamlakatda barqarorlik va taraqqiyotning kafolati, uning istiqbolini taʼminlovchi asosiy omildir. Chunki har qanday davlatda milliy nizolar va ziddiyatlar oʻsha davlatda barqarorlikning barbod boʻlishiga va oxir-oqibatda uning yemirilishiga olib keladi. Shuning uchun ham, har qanday mamlakatda milliy munosabatlarni uygʻunlashtirib borish davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida qaraladi. Sobiq shoʻrolar tuzumining fojiasi shunda ediki, u oʻz manfaatlarini milliy manfaatlar hisobiga amalga oshirib keldi. Yaʼni, milliy omilning kuchi-qudratini nazar-pisand qilmadi va sinfiy manfaatlarni qondirish orqali oʻz hukmronligini abadiylashtirmoqchi boʻldi. Ular zoʻravonlik bilan turli millatlarni “yaqinlashtirish” orqali “yagona sovet xalqi”ni vujudga keltirish va keyingi bosqichda butun yer yuzida “yuksak” millatlarni shakllantirish hamda ularning xukmronligini taʼminlashni maqsad qilgan edi. Ularning soxta gʻoya va puch mafkuraga asoslangan bunday xatti-harakatlari sobiq shoʻro davlatini yemirdi va butun bir tuzumning barbod boʻlishini tezlashtirdi. Oʻzbekiston mustaqillikni qoʻlga kiritgach, milliy munosabatlarni, yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elat vakillarining oʻzaro totuvligi va hamjihatligini taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib kelmoqda.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q