Milliy meros


Saqlash
22:08 / 03.08.2023 0 1301

Milliy meros – tarixiy taraqqiyotning oʻtmishga aylangan bosqichida muayyan millatning ajdodlari aql-zakovati, qobiliyati va mehnati bilan yaratilgan barcha moddiy va maʼnaviy boyliklar majmuini ifodalovchi tushuncha. Har bir millatning milliy merosi oʻsha millat tomonidan yaratilgan moddiy, maʼnaviy va boshqa barcha turdagi merosni qamrab oladi. Ularning ayrimlari umumjahon xarakteriga ega boʻlsa, baʼzilari shu millat eʼtiboridagi meros sanaladi. Milliy meros millatning tafakkuri, dahosi, dunyoqarashi, yaratuvchanlik salohiyatining mahsulidir. Ularsiz yaratilgan har qanday turdagi mavjudlik milliy meros darajasiga koʻtarila olmaydi va tarixiy davr davomida yoʻq boʻlib ketadi. Milliy meros millat taraqqiyotining turli tarixiy bosqichlarida vujudga kelib, millatning bevosita oʻzi bilan bogʻliq boʻlgan boylik hisoblanadi. Shuning uchun ham u millatning oʻz kelajagini yaratishda tayanch va tajriba manbai boʻlib xizmat qiladi.

 

Milliy meros quyidagilarda oʻz ifodasini topadi:

1) milliy urf-odat, anʼana, marosim, qadriyatlar;

2) dunyoqarash;

3) turli rasm-rusumlar;

4) dunyo ahamiyatiga ega boʻlgan kashfiyotlar;

5) millatdan yetishib chiqqan allomalar va ular yaratgan asarlar;

6) davlatchilik;

7) milliy-madaniy boyliklar, tarixiy yodgorliklar va hokazo.

 

Ularning har biri millat vakillari saʼy-harakatlari bilan asrlar davomida shakllantiriladi va keyingi avlodga meros sifatida qoldiriladi. Milliy urf-odat, anʼana va qadriyatlar millat hayotining muayyan davrida uning kundalik turmushida yuzaga keladi. Ular avloddan-avlodga oʻtib, kundalik hayotda takrorlanib, millat vakillarining xatti-harakatlari, xulq-atvori va koʻnikmalarida oʻz ifodasini topadi. Milliy anʼanalar millatning koʻp asrlik hayotida yuz beradigan turli tabiiy va ijtimoiy jarayonlar, etnoslarning ijtimoiy-maʼnaviy ehtiyojlari asosida vujudga kelib, ularning aqliy-ijodiy faoliyati negizida atrof-muhit, tabiat, mehnat jarayoniga bogʻliq holda avloddan-avlodga oʻtib taraqqiy etgan va asrlararo ajdodlar tafakkuri, orzu-oʻylari, tajribalari, yutuqlari va boshqa qadriyatlarini mujassamlashtirgan bebaho ijtimoiy-madaniy merosga aylangan. Milliy urf-odat va anʼanalarning uzoq muddat davomida nisbatan saqlanuvchanligi va ayni paytda, kundalik turmush hayotida takrorlanuvchanligi milliy merosning tarkibiy qismi boʻlishini taʼminlaydi. Ularning nisbatan uzoq vaqt amal qilishi, kundalik turmush va hayotda koʻp ishtirok qilishi millat birligini mustahkamlashga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Ular orqali millat vakillari oʻzaro maʼnaviy yaqinlashib boradi hamda boshqa millatlarga xos boʻlmagan, faqat oʻzlariga xos boʻlgan, oʻz zamoniga mos keladigan yangi-yangi urf-odat va anʼanalarni shakllantirib boradi. Milliy qadriyatlar millat ehtiyoji, manfaatlari, maqsadlariga xizmat qiladigan moddiy va maʼnaviy neʼmatlar majmuasini tashkil qiladi va milliy merosning tarkibiy qismi hisoblanadi.

 

Milliy merosda millatga xos boʻlgan rasm-rusumlar ham muhim oʻrin egallab, ular millat tarbiyasining maʼlum tizimida aniq urf-odat, anʼana va qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan muayyan, ramziy, masʼuliyatli harakat hisoblanadi. Rasm-rusumlar – millat feʼl-atvorining aniq maqsadini koʻzlovchi normalarni shakllantirishning eng muhim vositasidir. Ularning xarakterli xususiyati shundaki, u aniq maqsadni amalga oshirish tomon qilinadigan harakat boʻlib, urf-odat, anʼana va qadriyatlar kabi shakllangan emas, balki shakllantirishga qaratilgan amaliy harakatlar majmuasini tashkil qiladi. Milliy merosning dunyo ahamiyatiga ega muhim qismi, fan, madaniyat, falsafa, texnika, texnologiya va boshqa sohalarda amalga oshirilgan kashfiyotlar, gʻoyalar, asarlar, yuksak intellektual maʼnaviy salohiyat sohiblari boʻlgan Muhammad Muso Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Ahmad Fargʻoniy, Mirzo Ulugʻbek kabi ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan. Bu kashfiyotlar, eng avvalo, oʻzbek millatining milliy merosidir. Dunyoga mashhur Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz kabi shaharlar, ularda mujassam boʻlgan tarixiy obidalar, yodgorliklar, milliy hunarmandchilik, shaharsozlik, kiyim-kechak namunalari va hokazolar shular jumlasidandir. Shunga koʻra, milliy meros millat tarixi salohiyati, kuch-qudrati va ayniqsa, kelajagining oʻzga millatlar va jahon xalqlari koʻzgusida aks ettiruvchi asosiy vositalardan biri boʻlib xizmat qiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 152
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 403
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 152
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 223
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 535
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 956
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218773
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104501
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34257
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27333
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26613
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25252
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24920
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21798
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//