Bilasizmi?
Milliy manfaatlar – millat, xalq hayotini belgilaydigan, uning faoliyatini maʼlum maqsadlarga yoʻnaltiradigan ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy munosabatlar, milliy ehtiyojlar, milliy ong va tafakkur, anʼana va qadriyatlarini asrash bilan bogʻliq intilishlar tizimini ifodalaydigan tushuncha. Milliy manfaatlar ehtiyojlarni qondiruvchi sharoit va qadriyatlar bilan birga, ularni yaratish, taʼminlashni belgilovchi ijtimoiy tizimga, munosabatlar va tamoyillarga asoslanadi. Ular muayyan millat va xalqqa mansub alohida kishilar yoki biror bir davlat fuqarosi boʻlgan odamlarning shaxsiy manfaatlari bilan uzviy bogʻliq boʻlib, ushbu manfaatlarning uygʻunlashuvini ifodalaydi. Shu maʼnoda u umummilliy manfaatlar majmuidir. Milliy manfaatlarning qator shakllari bor. Moddiy va maʼnaviy manfaatlar har qanday milliy manfaatlar tizimida asosiy oʻrin egallaydi. Bundan tashqari, jamiyatning tuzilishi va uning hayotidagi ustuvor yoʻnalishlar bilan bogʻliq iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, milliy, sinfiy, partiyaviy va boshqa manfaat shakllari ham mavjud. Ichki va tashqi siyosat, jamiyatdagi tub oʻzgarishlar, islohotlar samarasini taʼminlash, mamlakat hayotini demokratlashtirish, modernizatsiya qilish jarayonida ham milliy manfaatlar oʻziga xos tarzda namoyon boʻladi. Bugungi kunda inson manfaatlarini taʼminlash milliy manfaatlarni qaror toptirishning asosiy yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Manfaatlar xalqlar oʻrtasidagi har qanday faoliyat va munosabatlar, kurash, raqobat yoki hamkorlikning asosidir. Uning taʼsirchanlik qudrati ham shunda. Millat yoki mamlakat aholisining ijtimoiy ahvolini inʼikos etar ekan, u milliy taraqqiyot kuchlarini harakatga undovchi muhim omil vazifasini bajaradi. Milliy manfaatlarning namoyon boʻlishida uning umuminsoniy manfaatlar bilan uygʻunligiga erishishga yordam beruvchi ijtimoiy mexanizmda umumbashariy qadriyatlar muhim oʻrinni egallaydi. U milliy ehtiyojlarni qondirishdan manfaatdorlik bilan butun dunyodagi inson taraqqiyoti yoʻlidagi maqsadlar orasidagi bevosita aloqani mustahkamlashga yordam beradi. Moddiy dunyo odamlarda oʻz ehtiyojlarini qondirish qobiliyatiga koʻra mavjud moddiy manfaatlar birligini va ular mehnat faoliyatini hamjihatlikda amalga oshirish uchun jamoalarga birlashuvini taʼminlovchi asosiy tashqi omil hisoblanadi.
Inson oʻz manfaatlarini roʻyobga chiqarish jarayonida nafaqat moddiy neʼmatlar, balki maʼnaviy boyliklar, tashkiliy-boshqaruv tuzilmalari, jamiyatda mavjud turli munosabatlarni, yaʼni butun ijtimoiy hayotni ham yaratadi. Hamonki bu hayot inson faoliyatining mahsuli ekan, unga inson borligʻining moddiy ifodasi sifatida qarash mumkin. Shunday qilib, moddiy omil katta ahamiyatga ega, u ijtimoiy va shaxsiy manfaatlarning birlashuvi uchun zamin yaratadi. Maʼlumki, inson nafaqat oʻz ehtiyojlari, balki manfaatlarini ham yaxshi anglaydi. U yoki jamiyat va davlatning tashqi siyosati koʻp sonli omillar, shu jumladan, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlanish darajasi, uning jugʻrofiy oʻrni, milliy-tarixiy anʼanalari, oʻz suvereniteti va xavfsizligini taʼminlash maqsadlari va ehtiyojlari bilan belgilanadi. Ularning barchasi tashqi siyosat sohasida milliy manfaatlarni taʼminlash bilan bogʻliq faoliyatda mujassamlashadi. Shu narsa diqqatga sazovorki, hozirgi zamon xalqaro-siyosiy tafakkurining yetakchi yoʻnalishlaridan biri – siyosiy realizm vakillari milliy manfaatlarga har qanday davlat tashqi siyosatining bosh omili sifatida qaraydilar. Ularning fikricha, milliy manfaatlar xalqaro siyosat sohasida toʻgʻri yoʻlni topishga yordam beradi. Milliy manfaatlarga asoslangan tashqi siyosat qandaydir universal maʼnaviy tamoyillardan ruhlangan tashqi siyosatdan koʻp jihatdan ustun turadi, deb taʼkidlaydi. Milliy manfaatlar muammosiga qiziqish Ikkinchi jahon urushidan keyin ayniqsa oshdi. Uning atrofida avj olgan munozaralarni G.Morgentau “Yangi buyuk bahslar” deb nomladi. Bu konsepsiyani u 1948-yilda nashr etilgan “Milliy manfaat himoyasiga” deb nomlangan kitobida taʼriflab berdi. Milliy manfaatlar konsepsiyasini rivojlantirishga Amerika tomonidan J.Kennan, U.Lippman, K.Uolts, E.Ferniss, J.Rozenau kabi olimlar katta hissa qoʻshdilar. Milliy manfaatlar muammosi fransuz tadqiqotchilari R.Aron, P.Renvun, J.B.Dyurozel, F.Brayar, R.Debre va boshqalar tomonidan oʻziga xos tarzda talqin qilindi. Milliy manfaatlar – bir qarashda mavhum tushuncha, chunki uning mezonlari muayyan jamiyat va davlatda hukm suruvchi dunyoning manzarasi va qadriyatlar tizimi bilan belgilanadi. Milliy manfaatlarning mohiyati uni amalga oshirish jarayonida aniqlanadi. Bu esa iroda va faoliyat omillari, shuningdek, davlat tomonidan qoʻyilgan maqsadlarni roʻyobga chiqarish vositalarining mavjudligini nazarda tutadi. Koʻpincha, davlat manfaatlari milliy va ijtimoiy manfaatlar (fuqarolik jamiyati manfaatlari)ga qarama-qarshi qoʻyiladi. Baʼzan ularning oʻzaro aloqasi tan olinib, ularni “Milliy manfaat – davlat manfaati”, “Davlat manfaati – jamiyat manfaati” dixotomiyasi doirasida belgilash maqsadga muvofiq, deb topiladi. Biroq, masalaning bunday qoʻyilishini unchalik toʻgʻri deb boʻlmaydi. Bunda xalqaro munosabatlarning haqiqiy omili sifatidagi milliy davlat yoki millat-davlat toʻgʻrisida soʻz yuritish mumkin. Bu holda milliy manfaatlar va davlat manfaatlari sinonimlar sifatida emas, balki oʻzaro bogʻlangan va bir-birini toʻldiruvchi tushunchalar sifatida namoyon boʻladi. Zotan, milliy manfaatlar suveren hududiy davlat va fuqarolik jamiyatining birligi sifatidagi millat manfaatidir. Davlat manfaati va fuqarolik jamiyati manfaatlariga kelsak, ular milliy manfaat tushunchasi bilan nafaqat mazmunan bogʻlangan, balki uning tarkibini koʻp jihatdan belgilaydi. Xalqaro maydonda millat nomidan davlat ish koʻradi. Shuning uchun ham xalqaro siyosat leksikonida milliy manfaat toʻgʻrisida soʻz yuritganda, odatda, davlat manfaati nazarda tutiladi va aksincha, davlat manfaati deganda milliy manfaatlar tushuniladi.
Suverenitet, hududiy yaxlitlik, ichki ishlarga aralashmaslik prinsipi va hokazoga daxldor haqiqiy, obyektiv milliy yoki davlat manfaatlari davlatlarning tashqi siyosiy faoliyati hamda xalqaro munosabatlarni amalga oshirishning bosh omili hisoblanadi. Milliy manfaatlarning shakllanishi asta-sekin va uzoq davom etadigan tarixiy jarayon boʻlib, u jamuljam holda mazkur xalq yoki mamlakatning milliy-tarixiy tajribasi mazmuni va xususiyatini belgilovchi iqtisodiy, ijtimoiy, milliy-psixologik va boshqa omillarning murakkab aloqalari vositasida amalga oshiriladi. Bunday sifatda milliy manfaatlar ijtimoiy-tarixiy hodisa hisoblanadi va ularning ifodachilari ongidan mustaqil mavjud boʻlishi mumkin emas. Ular muayyan millatning oʻziga xos xususiyatlari bilan uzviy bogʻliqdir. Milliy manfaatlarning zamirida muhim meʼyorlar va gʻoyalar yotadi. Bu soxta tushunilgan va taʼriflangan milliy manfaatlarda ayniqsa yorqin namoyon boʻladi. Milliy manfaatlar va davlat manfaatlarini taʼriflash hamda ularni amalga oshirishga qaratilgan tashqi siyosiy strategiyani shakllantirishda davlat arboblarining qadriyatlar va moʻljallar tizimi, ularning prinsiplari va eʼtiqodlari – oʻzini qurshagan dunyoga munosabati va jahon hamjamiyatini tashkil etuvchi boshqa davlatlar orasida oʻz mamlakatining oʻrnini qanday tushunishi muhim rol oʻynaydi. Siyosatning globallashuvi sharoitida koʻpgina savollar tugʻiladi. Universallashuv jarayonlari faollashayotgan va xalqaro tashkilotlarning roli kuchayib borayotgan sharoitda milliy manfaatlar oʻz ahamiyatini saqlab qoladimi? Mintaqaviy va guruhiy manfaatlar birinchi oʻringa chiqqanida milliy manfaatlar qanday koʻrinish kasb etadi? Ayrim mutaxassislar hozirgi dunyoda milliy manfaatlar muammosining muhimligiga shubha bildirayotganini hisobga olsak, bu va boshqa savollar tugʻilishi tabiiy bir holdir. Har qanday davlatning tashqi siyosati xalqaro munosabatlar tizimida ishtirok etuvchi boshqa tomonlarning manfaatlarini hisobga olgan holda tuzilgan taqdirdagina oqilona boʻladi. Bu har qanday davlatning milliy manfaatlarini belgilash boshqa davlatlarning, baʼzi bir masalalarda esa – butun jahon hamjamiyatining manfaatlarini hisobga olishni nazarda tutadigan hozirgi dunyoda alohida ahamiyat kasb etadi. Tabiiyki, tashqi dunyoga tatbiq etilgan milliy manfaatlar oʻz ahamiyatiga va xalqaro maydondagi nufuziga koʻra farq qiladi. Bu belgiga koʻra, hayotiy muhim yoki bosh manfaatlar va ikkinchi darajali, doimiy va oʻzgaruvchan, uzoq muddatli va konyunkturaviy manfaatlar farqlanadi. Bosh va doimiy milliy manfaatlar muhim geosiyosiy mezonlar: mazkur davlatning davlatlararo munosabatlar tizimidagi oʻrni va roli, uning obroʻsi va harbiy qudrati, oʻz suverenitetini himoya qilish va oʻz ittifoqchilarining xavfsizligini kafolatlash qobiliyati va hokazolar bilan belgilanadi.
Har bir davlat oʻzi koʻzlayotgan maqsadlarning muhimligini oʻzicha baholaydi. Davlatning oʻz maqsadlarini roʻyobga chiqarish qobiliyati juda koʻp omillar, chunonchi: uning geosiyosiy oʻrni, tarixi, madaniyati, siyosiy tizimi, rahbariyati, boshqa davlatlar bilan oʻzaro munosabatlari va hokazoga bogʻliq boʻladi. Davlat oʻz manfaatlarini oʻz ixtiyorida mavjud barcha vositalar: siyosiy, mafkuraviy, iqtisodiy, diplomatik, harbiy vositalar bilan taʼminlaydi. Har biy kuch ishlatish bilan tahdid qilish yoki bu kuchni amalda ishlatish eng soʻnggi chora hisoblanadi. Ikkinchi darajali va oʻzgaruvchi manfaatlar yuqorida zikr etilgan eng muhim va doimiy manfaatlardan kelib chiqadi. Ular tashqi siyosiy omillarga qarab oʻzgarib, davlatning bosh va doimiy manfaatlarini amalga oshirishda muayyan omil boʻlishi mumkin. Biroq, koʻpincha, davlatning xavfsizligi va oʻz-oʻzini saqlashi bilan bogʻliq eng muhim milliy manfaatlarni yolgʻiz, boshqa davlatlar bilan ittifoq tuzmasdan amalga oshirish qiyin. Bu maqsadga nafaqat amaliy harakatlarni birgalikda amalga oshirishning oqilona strategiyasi ishlab chiqilishi, balki uni amalga oshirish uchun qudratli moddiy-maʼnaviy asos yaratilishi natijasida erishiladi. Davlat tashqi siyosatining muvaffaqiyati milliy manfaatlarning qay darajada aniqligi, bu manfaatlarni amalga oshirish yoʻllari va vositalari qay darajada aniq tushunilishi bilan belgilanadi. Milliy manfaatlar xalqaro maydondagi ustuvor maqsadlari orasida mamlakat xavfsizligi yoki milliy xavfsizlikni taʼminlash birinchi oʻrinda turadi. Milliy xavfsizlik muammosi xalqaro-siyosiy adabiyotlarda milliy manfaatlar muammosi kabi koʻp bahs va munozaralarga sabab boʻladi, ammo har qanday holda ham oʻz ustuvorligini saqlab qolaveradi.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q