Bilasizmi?
Milliy mafkura – ijtimoiy mafkura shakllaridan biri, muayyan millatning etnosotsial birlik sifatida mavjudligi va rivojlanishi, erkin va ozod taraqqiyotini asoslash, taʼminlashga qaratilgan gʻoyaviy-nazariy qarashlar tizimi. Milliy mafkurani faqat bir millat yoki xalqning mafkurasi deb tushunish toʻgʻri emas. U muayyan davlat yoki jamiyatning umumiy mafkurasi ham boʻlishi mumkin. Milliy tushunchasi nafaqat muayyan etnik birlik, balki “davlat” maʼnosini ham ifodalash uchun xizmat qiladi. Masalan, “milliy daromad”, “milliy qurolli kuchlar” birikmalarida u “davlat” soʻzining maʼnodoshi sifatida qoʻllaniladi. Milliy mafkura millat va davlatning mustaqil rivojlanishini taʼminlashga qaratilgan gʻoyaviy-nazariy qarashlar tizimi hamdir. Milliy gʻoya Oʻzbekistonda yashovchi barcha millat va elat vakillarining tub manfaatlarini, xalqi mizning asrlar mobaynida intilib kelgan orzu ideallarini, olijanob maqsad-muddaolarini oʻzida mujassam etadi. Xalqimiz asrlar mobaynida ezgu niyat qilib kelgan mustaqillikni saqlash va mustahkamlash Oʻzbekistonning har bir fuqarosining muqaddas burchidir. Buning uchun barcha bir yoqadan bosh chiqarib, muqaddas ona-Vatanning hayotiy manfaatlarini yurakdan his etgan holda ularni roʻyobga chiqarish uchun faol harakat qilishi, kurashishi zarur. Bu jarayon xalqimizning manfaatlarini, ularni oʻzida mujassam etadigan milliy gʻoyani anglash bilan bogʻliq holda kechadi. Vatan manfaati har bir fuqaro manfaatlari bilan uzviy bogʻlangan. Chunki, Vatanning obodligi xalqning farovonligiga bogʻliq. Fuqarosi badavlat mamlakatgina moddiy va maʼnaviy toʻkis boʻladi. Shunday ekan, milliy gʻoyaning muhim tamoyillaridan biri inson qadr-qimmatini har tomonlama yuksaltirish, xalq farovonligini oshirishdan iborat. Bunga erishish uchun xalqimiz, yurtimiz fuqarolarining hamjihatligi va birdamligini mustahkamlash talab etiladi. Bu vazifa milliy milliy mafkuraning mohiyatini tashkil etadi. Milliy mafkura har bir kishining jamiyat hayotidagi faoliyati, yurti, millati, oʻzi va oilasi oldidagi burchi va masʼuliyatini qay darajada his etayotgani va bajarayotganini belgilaydigan maʼnaviy mezon hamdir.
Milliy mafkura quyidagi umumbashariy qadriyatlarni eʼtirof etadi va ulardan oziqlanadi: qonun ustuvorligi; inson haq-huquqlari va hurfikrlik; turli millat vakillariga hurmat va ular bilan bahamjihat yashash; diniy bagʻrikenglik; dunyoviy bilimlarga intilish, maʼrifatparvarlik; oʻzga xalqlarning ilgʻor tajribasi va madaniyatni oʻrganish. Milliy mafkura Oʻzbekistonning mustaqillikka erishishi haqidagi siyosiy, ilmiy, nazariy, falsafiy, tarixiy, qarashlar majmui, xalqni kelajakka ishonch, eʼtiqod ruhida tarbiyalovchi gʻoyaviy qurol, barcha toifa kishilarni shu maqsad yoʻlida birlashtiruvchi gʻoyat qudratli maʼnaviy omil hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, Oʻzbekistonning mustaqillikka erishishini tarixiy muqarrar jarayonligini koʻrsatish; yangi Konstitutsiyada qonunan maqsad qilib qoʻyilgan adolatli demokratik, fuqarolik jamiyati haqida ilmiy-nazariy qoidalarni ishlab chiqish zarur. Shoʻrolar zamonida mafkura faqat sinfiy boʻladi, u milliy boʻlishi mumkin emas, deb hisoblanar edi. Milliy mafkura xususida hatto soʻz ham yuritilmas edi. Buning natijasida oʻzbek millatining milliy ongi, dunyoqarashi, milliy gʻururi, iftixori anchagina sustlashtirib yuborilgan edi. Milliy mustaqillikka erishilgach, Oʻzbekiston hukumati tomonidan milliy mafkuraning nazariy jihatdan ishlab chiqilishi, uni xalq orasida keng targʻibu tashviq qilish, har bir fuqaro ongiga mustaqillik mafkurasining mazmun-mohiyatini singdirish, istiqlol yoʻliga mos va xos oʻzbek milliy mafkurasini ilmiy asosda yaratish kabi oʻta muhim va sharafli masalalar paydo boʻldi. Milliy mafkura yurtimizda yashovchi har bir fuqaro xalqimizning yuksak maʼnaviyati, anʼana va udumlari, ulugʻ bobokalonlarimizning oʻlmas merosidan oziqlanadi. Adolat va haqiqat, erkinlik va mustaqillik gʻoyalari hamda xalqimizning ishonch-eʼtiqodini aks ettiradi. Jamiyat aʼzolarini, aholining barcha qatlamlarini Oʻzbekistonning buyuk kelajagini yaratishga safarbar etadi. Millati va dinidan qatʼi nazar, fuqarolarimizning qalbida ona Vatanga muhabbat, mustaqillik gʻoyalariga sadoqat va oʻzaro hurmat tuygʻusini qaror toptiradi. Jamoatchilik qalbi va ongiga fikrlar xilma-xilligi, vijdon erkinligi tamoyillariga rioya qilgan holda maʼrifiy yoʻl bilan singdiriladi. Milliy mafkuraning asosiy tamoyillari quyidagilarda namoyon boʻladi: mamlakatning mustaqilligini mustahkamlash, uning hududiy yaxlitligi va sarhadlar daxlsizligini taʼminlashga yordam berish; qonunning ustuvorligi, demokratiya va oʻz-oʻzini boshqarishning hayotda mustahkam oʻrin egallayotganiga asoslanganlik; milliy va umuminsoniy qadriyatlarning uygʻunligiga tayanish; xalqaro huquq qoidalariga mos kelish.
Milliy mafkuraning asosiy sifatlari – uning mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari hamda namoyon boʻlish xususiyatlarida oʻz aksini topadi. Oʻzaro uzviy aloqadorlikda namoyon boʻladigan bu talablar quyidagilardan iborat: tarixiy xotirani uygʻotish, oʻtmishdan saboq chiqarish va oʻzlikni anglash mezoni boʻlish; xalqimizni tub maqsadlari ifodasi va jamiyat aʼzolarini birlashtiruvchi gʻoyaviy bayroq vazifasini oʻtash; inson qalbi va ongiga ijobiy taʼsir etadigan tushuncha va tuygʻular, goʻzal va hayotiy gʻoyalar tizimini oʻzida mujassam etish; har bir fuqaroning ezgu niyatlarini roʻyobga chiqarishiga imkon beradigan eng maqbul yoʻlni koʻrsata olish; millat, xalq va jamiyatni birlashtiruvchi kuch, yuksak ishonch-eʼtiqodni manbai boʻlish; Oʻzbekistonda yashovchi barcha xalq, millat, elat, ijtimoiy qatlam va din vakillariga birday taalluqli boʻlish; turli millat, qatlam, din vakillari, siyosiy partiya va ijtimoiy guruhlar mafkurasidan ustun turadigan sotsial fenomen – ijtimoiy hodisa mazmuniga ega boʻlish; biron-bir dunyoqarashni mutlaqlashtirmaslik yoki biron-bir kuch, partiya yoki guruh qoʻlida siyosiy qurolga aylanmaslik; har qanday ilgʻor gʻoyani oʻziga singdirishi va har qanday yovuz gʻoyaga qarshi javob bera olish; subyektivizm, volyuntarizm kabi illatlardan xoli va jamoatchilikning xolis fikriga tayanuvchi obyektiv mafkura boʻlish; soʻz bilan ishni, nazariya bilan hayotni birlashtira olish; davr oʻzgarishlariga qarab, oʻzi ifodalaydigan gʻoya, manfaat, maqsad-muddaolarni amalga oshirishning yangi-yangi vositalarini tavsiya eta olish, yaʼni yangicha vaziyatga tez moslashadigan hozir javob va ijodiy boʻlish. Milliy mafkura ana shu qayd etilgan sifatlarga ega boʻlgan taqdirdagina jamiyat hayotida yetakchi maʼnaviy-maʼrifiy omilga aylanishi va kutilayotgan muhim vazifalarni bajara olishi mumkin. Milliy mafkuraning asosiy tamoyillari – uning amal qilishi jarayonida oʻziga xos tarzda namoyon boʻladi. Bunda uning mafkura sifatidagi umumiy va xususiy tamoyillarini koʻrsatish mumkin. Milliy mafkuraning umuman mafkura tushunchasiga xos xususiyatlari, maqsad va vazifalari, amal qilish tamoyillari boʻlishi tabiiy. Bu borada unga ijtimoiy voqelikning inʼkosi ekani, jamiyat taraqqiyotining muayyan bosqichiga mos kelish, hayot hodisalarini aks ettirish, amalga oshiriladigan targʻibot va tashviqot tizimi sifatida namoyon boʻlish kabi umumiy tamoyillar xosdir.
Shu bilan birga, milliy mafkura quyidagi bir qator oʻziga xos amal qilish tamoyillariga ham ega: mamlakatning mustaqilligini mustahkamlashga xizmat qilish; davlatimizning hududiy yaxlitligi va sarhadlari daxlsizligini taʼminlashda yordam berish; qonun ustuvorligini taʼminlash; demokratiya va oʻzini oʻzi boshqarishning hayotda mustahkam oʻrin egallashiga asoslanish; milliy va umuminsoniy qadriyatlarning uygʻunligiga tayanish; xalqaro huquq qoidalariga mos kelishi; iqtisodiy plyuralizm va xilma-xil mulkchilikning erkin shakllanishini taʼminlash; davlatning bosh islohotchi ekani va mamlakatda ijtimoiy barqarorlikning taʼminlanganiga tayanish; vijdon erkinligi va fikrlar rang-barangligi muhitini shakllantirish; oʻtish davrida aholining ijtimoiy himoyalanganligi, jamiyat hayoti barcha sohalarining erkinlashuvi, islohotlarning tadrijiyligi jarayonlariga xizmat qilishi. Mazkur tamoyillarning barchasi bir-biri bilan chambarchas aloqada va bogʻliqlikda namoyon boʻladi. Bu, oʻz navbatida, ularning respublikamizda yashovchi barcha millat va elat vakillarining umumiy manfaatlarini, xalqimizning asrlar mobaynida intilib kelgan orzu-ideallarini, olijanob maqsad-muddaolarini oʻzida mujassam etishi bilan belgilanadi. Shu maʼnoda milliy mafkura: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, demokratiya tamoyillariga asoslanadi. Binobarin, u qonuniylikka, umumeʼtirof etilgan talablarga, umumbashariy tamoyillarga va milliy manfaatlarga mos keladi; xalqimizning asrlar davomida shakllangan yuksak maʼnaviyati, anʼana va udumlari, ulugʻ bobokalonlarimizning oʻlmas merosidan oziqlanadi. Bu milliy mafkuramizning chuqur tarixiy va boy maʼnaviy asosga ega ekanidan dalolat beradi; adolat va haqiqat, erkinlik va mustaqillik gʻoyalari hamda xalqimizning ishonch va eʼtiqodini aks ettiradi. Bilamizki, bu ulugʻ gʻoyalar istiqlol sari intilgan har bir xalqning ezgu maqsadi, ishonch va eʼtiqodi boʻlib kelgan va shunday boʻlib qoladi. Bu tamoyil uning jamiyat aʼzolarini aniq maqsad sari safarbar qiluvchi, ularni bu yoʻlda uyushtiruvchi maʼnaviy omil sifatida mohiyatga ega ekanini ifodalaydi; jamiyat aʼzolarini, aholining barcha qatlamlarini Oʻzbekistonning buyuk kelajagini yaratishga safarbar etadi. Bu olijanob maqsadlarga erishish fuqarolarning hamjihatligiga, oʻzimizning burchimizni qay darajada anglashimiz, ertangi kunga boʻlgan ishonchimizga koʻp jihatdan bogʻliqdir; millati va dinidan qatʼi nazar, mamlakatimizning har bir fuqarosi qalbida ona-Vatanga muhabbat, mustaqillik gʻoyalariga sadoqat va oʻzaro hurmat tuygʻusini qaror toptiradi. Bu qoida har bir fuqaro ongiga Vatanning muqaddasligini singdirishga xizmat qiladi; jamoatchilik qalbi va ongiga fikrlar xilma-xilligi, vijdon erkinligi kabi demokratik tamoyillarga rioya qilgan holda maʼrifiy yoʻl bilan singdiriladi. Milliy mafkura yaxlit tizim boʻlganidan uning barcha xususiyatlari oʻzaro aloqadorlikda va uzviy bogʻliqlikda namoyon boʻladi. Milliy mafkuraning asosiy gʻoyalari oʻzining maʼno-mohiyati, falsafasi, jozibasi bilan uni toʻldirib, fuqarolarimizning qalbi va ongiga yanada chuqurroq singdirishga xizmat qiladigan bunyodkor gʻoyalardir.
Milliy mafkuraning asosiy gʻoyalari maʼrifatli dunyoda eʼtirof etilgan umumiy qonun-qoidalar va xalqaro andozalar, umuminsoniy tamoyillar va qadriyatlarning ustuvorligi, inson huquqlari va erkinliklariga ogʻishmay amal qilish, demokratiya va gumanizm kabi tamoyillarning talablariga toʻla-toʻkis mos keladi. Milliy mafkuraning bosh va asosiy gʻoyalari – turli siyosiy partiya va ijtimoiy guruhlar mafkurasidan ustun turadigan sotsial fenomen, ijtimoiy hodisadir. Bu mafkurada biron-bir gʻoya mutlaqlashti rilmaydi yoki mavjud hokimiyatni mustahkamlash maqsadida siyosiy qurolga aylantirilmaydi. Milliy mafkuraning bosh gʻoyasi oʻz mazmun-mohiyatiga koʻra, Oʻzbekistonning ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotiga xizmat qiladi, barcha siyosiy partiyalar, guruh va qatlamlarning – butun xalqning umumiy manfaatlarini ifodalaydi. Mafkuramiz tayanadigan quyidagi umumbashariy tamoyil va qoidalar: qonun ustuvorligi; inson haq-huquqlari va hur fikrlilik; turli millat vakillariga hurmat va ular bilan bahamjihat yashash; diniy bagʻrikenglik; dunyoviy bilimlarga intilish, maʼrifatparvarlik; oʻzga xalqlarning ilgʻor tajribalari va madaniyatini oʻrganish va hokazo. Ushbu qadriyatlar asosida shakllangan mafkura, oʻz mohiyatiga koʻra, xalqaro talablarga, umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligi tamoyillariga mos keladi, ularni milliy darajada namoyon boʻlishi uchun imkon yaratadi. Shu bilan birga, u mamlakatimizda yashayotgan barcha millat va elat, din va qatlam vakillarining umumiy maqsad-muddaolarini ifodalaydi, xalqimiz oʻtmishi va kelajagini bir-biri bilan bogʻlaydi, uning asriy orzu-istaklarini amalga oshirishga xizmat qiladi. Bu esa mazkur mafkuraning jahondagi demokratik jarayonlar, tinchlik va barqarorlik, inson huquqlari va vijdon erkinligi kabi umumbashariy qadriyatlar mazmuniga mosligini koʻrsatadi.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q