Bilasizmi?
Milliy anʼanalar – millat hayotining turli sohalarida namoyon boʻladigan tushunchalar, belgilar, xususiyatlar, qadriyatlar, faoliyat turlari, odatlar va xislatlarning avloddan avlodga oʻtishi hamda meros boʻlib qolishini ifodalovchi tushuncha. Milliy anʼanalar umuminsoniy anʼanalarning bir millat darajasida namoyon boʻlishidir. Ular orqali har bir millatning muayyan davrdagi oʻziga xos xususiyat, hayot tarzi, madaniyati, fani, adabiyoti va boshqa sohalardagi erishilgan natijalar va yutuqlari boshqa davrda yashayotgan avlodlarga yetkaziladi. Milliy anʼanalar rang-barangdir. Ularda har bir millatga xos xususiyatlar namoyon boʻladi. Masalan, butun dunyo xalqlariga xos mehmondoʻstlik anʼanasi oʻzbeklarda ruslarnikidan, gruzinlarniki inglizlarnikidan farq qiladi. Milliy anʼanalar millatni birlashtirish avlodlararo vorislikni taʼminlash vositasidir. Muayyan milliy anʼanalarni bajarishda kishilar ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, bir xilda harakat qiladi. Milliy anʼanalarda millatning betakrorligi, millat hayotining oʻziga xosligi, vorislikning muhim milliy jihatlari namoyon boʻladi. Har bir xalq oʻz milliy anʼanalarining sohibi, ularning saqlovchisidir. Millatning har bir avlodi milliy anʼanalarni oʻtmishdan kelajakka yetkazib beruvchi insonlar ruhida tarbiyalanishi kerak. Millatning tanazzuli milliy anʼanalarning ham tanazzulidir. Sobiq ittifoqdagi mafkuraviy tazyiqlar millatlar va milliy anʼanalarga ham salbiy taʼsir koʻrsatgan edi. Milliy anʼanalarning ayrimlari “oʻtmish qoldiqlari” sifatida baholanar, ularning barham topishi toʻgʻrisidagi gʻayrimilliy va gʻayriilmiy aqidalar targʻib qilinar edi.
Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan soʻng milliy anʼanalarga eʼtibor kuchaydi. Ular mustaqillikni mustahkamlashning muhim vositasi, kishilarni maʼnaviy kamolotga yetkazishning omili sifatida katta ahamiyat kasb etmoqda. Milliy anʼanalarning jamiyatdagi ahamiyati va millat istiqboliga taʼsiri, ayniqsa, mustaqillik sharoitida bilinadi. Mustaqillikning vazifalaridan biri – tegishli davlatga nom bergan millatni yuksaltirish, dunyoga tanitish, millatning kuchini, salohiyatini, qobiliyatini, shijoatini va uning mustaqillikka molik ekanini namoyon qilishdir. Bunday olijanob faoliyat esa milliy anʼanalarni tiklash, takomillashtirish va boyitishsiz mumkin emas. Chunki, bu – ayni millatning avloddan avlodga oʻtib boradigan va jamoatchilik fikri bilan muhofaza qilinadigan ijtimoiy axloq, ijtimoiy munosabatlarning meʼyori hamda qoidalaridir. Shu maʼnoda, milliy anʼanalar millatning tarixini, aql-zakovatini, didini, ijtimoiy voqealar va hodisalarga boʻlgan munosabatini, turmush tarzini ham ifoda etadi. Milliy anʼanalar barcha millatlarda mavjud, ammo, ular har bir millatda oʻziga xos va betakrordir. Ishlab chiqarish jarayonini tashkil qilishda milliy anʼanalarni inobatga olish bu sohadagi muvaffaqiyat garovdir. Masalan, Yaponiya, Germaniya va boshqa bir qancha mamlakatlar shu omildan samarali foydalanib, yuksak natijalarni qoʻlga kiritmoqdalar. Shunday ekan, milliy anʼanalar masalasida jahonning ilgʻor tajribasini oʻrganish oʻta muhimdir.
Bugungi kunda asrlar mobaynida shakllangan, avloddan avlodga bebaho meros sifatida oʻtib kelayotgan milliy anʼanalar bilan birga Mustaqillik, Navroʻz, Oʻqituvchilar va murabbiylar, Xotira va qadrlash kuni kabi bayram va marosimlarimizdan jamiyat hayotiga zamonaviy maʼno-mazmun baxsh etish yoʻlida oqilona foydalanish zarur. Milliy anʼanalarimizni oʻrganish, targʻib etish bilan bir qatorda, toʻy-maʼrakalarni, ularning tarkibiy qismi boʻlgan odat va udumlarni ixchamlashtirish, bu borada isrofgarchilik va dabdababozlikka yoʻl qoʻymaslikka alohida eʼtibor qaratish darkor. Kishilar qalbiga ishonch ruhini baxsh etishga xizmat qiladigan milliy anʼanalar ajdodlarimizning bebaho merosi va umumbashariy qadriyatlarga tayanishi, yoshlarni komil inson qilib tarbiyalashga undashi, mamlakatimizning dunyo hamjamiyatiga integratsiyalashuvini taʼminlashga yordam beradigan maʼnaviy omilga aylanishiga harakat qilish lozim. Ana shundagina milliy anʼanalar sabr-toqat, mehr-oqibat, andisha, urf-odatlarga hurmat, yaxshilarga ergashish, yomondan qochish kabi xalqimiz fazilatlarining yanada sayqal topishiga xizmat qiladi. Shu tariqa, asrlar mobaynida shakllangan, avloddan avlodga oʻtib kelayotgan milliy anʼanalarimiz mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim omiliga aylandi va milliy gʻoya bilan uygʻunlashib, bunyodkorlik va yaratuvchanlik ishlariga xizmat qilmoqda.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
1 Izoh
Begoyim
16:05 / 10.05.2024
Milliy anʼanalar qani misollar