Millatchilik


Saqlash
20:08 / 01.08.2023 0 1135

Millatchilik – millat ayirish, bir millatni har tomonlama ulugʻlab, boshqalarining huquq, ehtiyoj va manfaatlarini nazar-pisand qilmaslik, ularni yerga urishni anglatuvchi tushuncha. Millatchilik milliy mahdudlik va mumtozlikni targʻib va tashviq qilishga asoslangan, oʻz millatiga chuqur ishonch va oʻzga millatlarga ishonchsizlik ruhi bilan yoʻgʻrilgan nazariya va amaliyot. Millatchilik tushunchasiga yuqoridagi kabi tus berish keng tarqalgan boʻlsada, uning qamrov doirasini turlicha talqin qilish hollari mavjudligini taʼkidlash zarur. Masalan, sobiq ittifoq davrida millatchilik tushunchasi atayin soxtalashtirilgan va milliylikning har qanday koʻrinishi millatchilik sifatida baholangan edi. Hozirgi davrda ayrim tadqiqotlarda “millatparastlik”, “millatparvarlik” va “Millatchilik” tushunchalarini mazmunan farqlash toʻgʻrisida fikrlar bil dirilmoqda. Xususan, millatchilik millatlarning tengligini inkor etish, oʻz millatini boshqa millatlardan ustun qoʻyish, unga imtiyozlar yaratishga intilish, oʻz millatiga sajda qilish, unga xolis baho bermaslik, kamchilik va nuqsonlarini sezmaslik, millatparvarlik esa millatlarning tengligini tan olish, barcha irq va millatlarga nisbatan teng munosabatda boʻlish, oʻz millatiga, uning tili, madaniyatiga befarq boʻlmaslik tarzida talqin qilinadi. Millatchilik xilma-xil mazmun va shaklda namoyon boʻlishi mumkin. Xususan, katta yoki kichik millatlarning millatchiligini boshqa millatlarni assimilyatsiya qilishga qaratilgan yoki milliy mahdudlikka yoʻnaltirilgan millatchilikdan farqlash lozim. Shuningdek, milliy kelishmovchiliklar va nizolar kelib chiqishiga sabab boʻluvchi tajovuzkor millatchilik bilan bir qatorda undan ham xavfliroq boʻlgan yashirin, noziklashgan millatchilik ham mavjud.

 

Oriy qavmiga mansub boʻlmagan xalqlarni jismonan yoʻq qilib tashlash maqsadini koʻzlagan natsional-sotsializmda (fashizm) oʻzining eng mudhish qiyofasini namoyon etgan holda millatchilik irqchilik bilan qoʻshilib ketganini koʻramiz. Millatchilikning turli ijtimoiy qatlamlarga tortilishi mumkin boʻlgan eng sodda koʻrinishi maishiy millatchilikdir. Oʻziga xos etnoijtimoiy birlik boʻlgan millat va ular oʻrtasidagi munosabatlar mavjud boʻlar ekan, maishiy millatchilik muayyan darajada saqlanib qolaveradi. Qanday shaklda boʻlmasin, millatchilik ortida mohiyat eʼtibori jihatdan oʻzga xalqlar va madaniyatlarni kamsitish, ularga mensimaslik bilan munosabatda boʻlish tuygʻulari yotadi. Bunday qarashlar, aksariyat hollarda, millatning tarixiy rivojlanishi davomida roʻy bergan (baʼzan roʻy bermagan) adolatsizliklarda ham muayyan xalqlarni aybdor qilishga urinishlar bilan omuxta holda yuzaga chiqadi. Umuman olganda, millatchilik bir tomondan, boshqa millatlar bilan turli sohalardagi oʻzaro foydali munosabatlardan mahrum qilib, millatning maʼnaviy qashshoqlashuviga sabab boʻlsa, ikkinchi tomondan, jiddiy kelishmovchiliklarga zamin yaratadi. Millatchilik tuygʻulari butun millatni qamrab olgan va davlat tuzilmalari tomonidan qoʻllab-quvvatlangan hollarda esa u millatlararo munosabatlarning tarang holatda saqlanishiga, oʻzaro ishonchsizlik tuygʻularining ildiz otishiga, mavjud muammolarni hal etishning choʻzilib ketishiga va doimiy beqarorlik holatining saqlanib qolishiga sabab boʻladi. Millatchilik – shaxs yoki etnos ongining oʻziga xos holati va ijtimoiy-ruhiy jihatdan yoʻnaltirilgan oqim. Ana shu omillar zaminida millatchilik nazariyasi, mafkurasi va amaliyoti vujudga keladi. Shuning uchun har bir muayyan holatda millatchilik toʻgʻrisida soʻz yuritilar ekan, gap maishiy turmushdagi millatchilik yoki Millatchilik mafkurasi toʻgʻrisida borayotganini farqlash lozim. Maishiy turmushdagi millatchilik millat paydo boʻlganidan buyon Sharqda ham, Gʻarbda ham mavjud. Millatchilik mafkurasining mohiyatini oʻz millatining boshqa millatlardan ustunligini eʼtirof etish va targʻib qilish tashkil etadi. Shuning uchun bosqinchilar millatchiligi bilan mazlumlar millatchiligini farqlash lozim. Mustamlakachilar va bosqinchilar millatchiligi boshqa xalqlarni asoratga solish uchun xizmat qilsa, mazlum xalqlar millatchiligi ularni ozodlikka olib chiqish uchun yoʻnaltiriladi. Millatchilik ekspansionizm, izolyatsionizm, shovinizm, natsizm koʻrinishlarida namoyon boʻlishi mumkin. Millatchilik bir mamlakat doirasida turli qarama-qarshilikni keltirib chiqaradi, xalqaro miqyosda esa, turli mamlakatlar xalqlari oʻrtasiga nifoq soladi. Xalqaro qonunchilikka koʻra, millatchilik inson huquqlarini cheklash va siyosiy jinoyat sifatida baholanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 152
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 403
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 152
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 223
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 535
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 956
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218773
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104501
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34257
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27333
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26613
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25252
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24920
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21798
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//